O‘zbekiston | 22:44 / 13.07.2021
33987
6 daqiqa o‘qiladi

“Bu – “Al-Azhar”ning tashabbusi” - o‘zbekistonliklar Misrda faqat tavsiya asosida diniy ta'lim olishiga izoh berildi

Misrdagi “Al-Azhar” universitetida diniy sohada o‘qimoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari endi faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tavsiyasi asosida o‘qishga qabul qilinishi – Misr tarafining tashabbusi, deb ma'lum qildi qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev 10 iyul kungi matbuot anjumanida.

“Bu – biz tomonimizdan ko‘tarilayotgan masala emas. “Al-Azhar” majmuasi taklif bilan chiqdi.

Shunday tartibni ular nafaqat O‘zbekiston bilan, balki boshqa davlatlar bilan ham yo‘lga qo‘yishgan ekan. Masalan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan muayyan davlat organi yoki o‘sha davlatdagi elchixona ruxsati bilan “Al-Azhar”ga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilangan. Bu masala “Al-Azhar” rahbariyatining taklifi bilan ko‘tarildi.

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, juda ham ko‘p voyaga yetmagan, maktab yoshidagi bolalar Misrga borib, turli shubhali markazlarda o‘qiyotgani aniqlangan. Lekin ular bu davlatga borayotganda “Al-Azhar” kompleksida o‘qishi haqida hujjat bergan.

Ma'lumki, “Al-Azhar”da o‘qishga kirish uchun muayyan imtihon ham mavjud emas, qabul muddati ham chegaralanmagan – yil davomida topshirish mumkin; qolaversa, davomat ham qat'iy belgilanmagan. Ushbu erkinliklardan ayrim fuqarolar – nafaqat biznikilar, balki boshqa chet et fuqarolari ham – Misrda qolish uchun vizani qonuniylashtirish vositasi sifatida foydalana boshlagan.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, elchixonamiz surishtirganda O‘zbekiston bo‘yicha faqat 40 nafar talaba “Al-Azhar”da rasman o‘qir ekan. Qolgan mingdan oshiq fuqarolar nomiga “Al-Azhar”da o‘qish uchun viza olgan, aslida esa turli xil o‘quv markazlarida o‘qiydi.

Boya aytib o‘tganimizdek, turli xil yot diniy qarashlar va boshqacha talqin qilishlarning oldini olish maqsadida “Al-Azhar” majmuasi ushbu tartibni joriy qilish bo‘yicha taklif bilan chiqdi. Biz Tashqi ishlar vazirligi orqali kelib tushgan ushbu taklifni joriy qildik.

Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerakki, bu – Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning qandaydir cheklovi emas.

Joriy yil uchun 15 iyulgacha hujjatlarni yuborish belgilandi. Hozirgacha 83 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa, ularning barchasiga ijobiy yo‘llanma xatlari beriladi. Fuqarolar ro‘yxati “Al-Azhar”ga hamda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasiga taqdim qilinadi. Bu vizani o‘rnatilgan tartibda olish uchun xizmat qiladi.

Bu yerda bitta asosiy cheklov qo‘yildi, ya'ni 18 yoshga to‘lmagan fuqarolarga ruxsat berilmaydi. Chunki O‘zbekistonda majburiy umumiy o‘rta ta'lim olish kerak. 18 yoshga to‘lganidan keyin hujjatlarini topshiradi, bu asosida davlat ushbu fuqarolar Misrda ta'lim olishiga hech qanday e'tirozi yo‘qligini tasdiqlab beradi.

Bu kabi tartib faqat Misr emas, Saudiya Arabistoni bilan ham xuddi shunday kelishuvimiz bor. Har yili Saudiya universitetlariga qabul qilingan fuqarolarimiz bo‘yicha Oliy ta'lim vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga Tashqi ishlar vazirligi orqali xat yuborishadi, unda o‘zbekistonlik fuqaro o‘qishga qabul qilinsa, bunga e'tiroz bor-yo‘qligi so‘raladi. Ya'ni boshqa mamlakatlar bo‘yicha ham shu tizim bor”, – deya Dilshod Eshnayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyining o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda Misrda ta'lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolari va ularning farzandlarining vizalarini bekor qilib, ortga qaytarish boshlangani haqida ma'lumotlar tarqaldi.

Ushbu xabarlar tarqalishi fonida, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova boshchiligidagi delegatsiya Misrda senator Muhammad Ahmad Abdusalom Haybat bilan uchrashib, u yerda ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar, bolalar huquqlarini himoya qilish, ularni diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy ta'siridan himoyalash bo‘yicha fikr almashdi.

Shuningdek, Aliya Yunusova Qohirada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ham uchrashgan va ularga bolalar huquqlarini himoya qilish, ushbu sohadagi qonunchilik bo‘yicha tushuntirishlar bergan.

Shundan so‘ng, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2021 o‘quv yilidan boshlab “Al-Azhar” majmuasida ta'lim olish yuzasidan murojaatlar qo‘mita huzurida tashkil etilgan O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy diniy ta'lim muassasalarida ta'lim olishiga ko‘maklashish bo‘yicha Maslahat kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi hamda o‘qishga qabul qilish qo‘mita tavsiyasi asosida amalga oshirilishini e'lon qildi.

Qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 avgustdagi “Xorijiy diniy ta'lim muassasalarida ta'lim olish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 651-sonli qarori bilan o‘rnatilgan.

Mavzuga oid