O‘zbekiston | 15:13 / 13.07.2021
6231
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand va Jizzaxda quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha “Masdar” bilan bitimlar imzolandi

BAAning “Masdar” kompaniyasi Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani va Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida har birining quvvati 220 MVtdan bo‘lgan 2ta quyosh fotoelektr stansiyasini quradi. Bu – kompaniyaning O‘zbekistondagi uchinchi yirik loyihasidir.

Foto: Energetika vazirligi

BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan Samarqand va Jizzax viloyatlarida quriladigan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi uchun loyiha kelishuvi imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

O‘tkazilgan ochiq savdolar natijasiga ko‘ra, “Masdar”  2021 yilning may oyida ushbu loyihalarning g‘olibi deb topildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, kompaniya Jizzax QFES elektr energiyasini yagona elektr tarmog‘iga bir kVt soati uchun 1,823 AQSh sent va Samarqand QFES 1,791 sent tarifida yetkazib beradi.

“Masdar” quyosh fotoelektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini 25 yil davomida o‘zgarmas tariflarda yetkazib berish taklifini ilgari surgan.

Foto: Energetika vazirligi
Foto: Energetika vazirligi

Kompaniya bu loyihalarga 300 mln dollargacha investitsiya kiritadi. Loyihalar 2021 yilning dekabriga qadar moliyaviy yopilishi mo‘ljallangan hamda 2022 yilning birinchi choragida qurilish ishlari boshlanishi kutilmoqda.

“Mazkur elektr stansiyalari 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini 8 GVtga yetkazish, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarining quvvati O‘zbekiston energetika sohasi oldiga qo‘yilgan vazifani amalga oshirishga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, taxminan 500 ming tonna CO2 ekvivalentida yillik issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga yordam beradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Foto: Energetika vazirligi

Ma'lumot o‘rnida, “Masdar” 2019 yildan buyon O‘zbekistonda yirik shamol va quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yirik bitimlar tuzmoqda. Xususan, 2019 yilda kompaniya Navoiy viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurishga 100 million dollargacha sarmoya kiritish bo‘yicha bitim imzolagan.

Navoiydagi stansiya O‘zbekistondagi birinchi quyosh elektr stansiyasi bo‘ladi. Kun.uz stansiya qurilishidan eksklyuziv reportaj tayyorlagan edi.

Masdar, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ham 457 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi qurmoqda.

Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi esa Samarqandda 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishini boshlagan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturini amalga oshirmoqda. Dasturni Osiyo taraqqiyot banki moliyalashtirmoqda.

2030 yilga borib, mamlakatda quyosh elektr stansiyalari quvvatlarini 5 ming, shamol elektr stansiyalarini 3 ming va gidroelektr stansiyalar quvvatini 4 ming megavattga yetkazish maqsad qilingan.

Mavzuga oid