Jamiyat | 15:57 / 15.07.2021
3347
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda YPX xodimiga bo‘ysunmagan haydovchi uni urib yuborib og‘ir tan jarohati yetkazdi

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida YPX xodimiga bo‘ysunmagan haydovchi uni urib yuborib og‘ir tan jarohati yetkazgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 12 iyul kuni soat 17:25larda Sho‘rchi tumanining Navro‘z mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-492 avtomobil yo‘lining 2-kilometrida tumanning Yakkabog‘ mahallasida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro X.F. «Neksiya» avtomashinasi bilan YPX xodimini urib yuborgan.

Qayd etilishicha, X.F. xizmat faoliyatini olib borayotgan viloyat IIB YHXB YPX otryadi 4-safarbarlik guruhi YPX inspektori E.F.ning to‘xtash ishorasiga amal qilmasdan o‘z harakatini davom ettirgan va uni «Neksiya»ning old qismi bilan urib yuborgan. Oqibatda, inspektor E.F. «hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir» tan jarohati olib kasalxonaga yotqizilgan.

Ta'kidlanishicha, 12 iyul kuni X.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid