“Kutib o‘tirmasligimiz kerak” - Umrzoqov iqtisodiy loyihalarni Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlari bilan parallel amalga oshirishga chaqirdi
To‘g‘ri, xavfsizlik – bu jiddiy masala, biroq biz hammasi hal bo‘lguniga qadar kutib o‘tirishimiz kerak emas, savdo-iqtisodiy loyihalarni Afg‘onistonda tinchlikka erishish harakatlari bilan parallel ravishda olib borishimiz kerak, deya bayonot berdi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov.
Mintaqa davlatlari savdo-iqtisodiy hamkorlik loyihalarini Afg‘onistonda tinchlikka erishish jarayonlari bilan bir vaqtda olib borishi kerak, deya hisoblashini bildirdi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov.
Tashqi savdo vaziri Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining Toshkent forumi doirasidagi chiqishida shu haqda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
“Biz shu yil aprelda boshlagan juda qiziq va noyob tajriba haqida aytmoqchiman. Gap shundaki, biz Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida temir yo‘l qurib bitkazilishini kutib o‘tirmasligimiz kerak, degan qarorga keldik. Shu sabab O‘zbekistondan Afg‘oniston orqali o‘tib Pokistonga chiquvchi multimodal tranzit koridoridan foydalana boshladik.
Yuk tashuvchi mashinalarimiz bu koridor orqali Pokistondan O‘zbekistonga yetib kelishi uchun 2 kun kifoya qildi. Bu shuni anglatadiki, maqsadimizni amalga oshirsa bo‘ladi, biz buni uddalay olamiz va uddalashimiz ham kerak”, – ta’kidladi hukumat a’zosi.
Sardor Umrzoqov 15 iyul kuni O‘zbekiston–Pokiston ishbilarmon doiralari o‘rtasida kechgan biznes-forumda Pokistondan yuzdan ortiq, O‘zbekistondan ikki yuzdan ortiq tadbirkor qatnashgani, ular 500 mln dollardan ziyod qiymatdagi kelishuvlarga erishgani, o‘tgan oyda shunday biznes-forum Termizda afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan ham xuddi shunday muvaffaqiyatli tarzda bo‘lib o‘tganini qayd etdi.
“Forum ishtirokchilarining barchasi biz o‘zaro savdo aloqalarimizni kengaytirish bo‘yicha barcha imkoniyatlar, jumladan yuk mashinalari, temir yo‘l va havo transportidan foydalanishimiz kerakligi borasida yakdil fikr bildirdi.
Bu bilan nima demoqchiman? Biz hamjamiyatlar o‘rtasida hamkorlik qilishga katta ehtiyoj bor. Qolaversa, hukumatlar o‘rtasida ham bir-birini tushunish darajasi juda yuqori. Davlatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi va biz mavjud imkoniyatlardan albatta foydalanishimiz kerak.
To‘g‘ri, xavfsizlik – katta masala. Men shu yerdan turib shuni aytmoqchimanki, kecha O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston prezidenti va Pokiston bosh vaziri bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu uchrashuvlarda xavfsizlik masalasi ham ko‘tarildi. Yakunda uchala tomon ham shu yil fevralda Toshkentda imzolangan “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda davom etish fikrida qat’iy ekanini tasdiqladi.
Biz kutib o‘tirishimiz kerak emas. Men Afg‘onistondagi siyosiy va xavfsizlikka oid masalalar haqida atroflicha to‘xtalmoqchi emasman, aytmoqchimanki, hammasi hal bo‘lguniga qadar kutib o‘tirishimiz kerak emas. Savdo-iqtisodiy sohadagi loyihalarimiz Afg‘onistondagi siyosiy va tinchlikka erishish jarayonlari bilan parallel ravishda borishi zarur”, – dedi Umrzoqov.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” transafg‘on koridori qurilishini Toshkent konferensiyasi ishtirokchilarining barchasi qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi.
“Bilasizmi, kecha juda qiziqarli bo‘ldi: mintaqa mamlakatlari vakillari bir-biri bilan suhbatlasharkan, ular qurilajak temir yo‘l kim uchun ko‘proq foydali ekani bo‘yicha do‘stona bahsga kirishdilar: birlari bu temir yo‘ldan sizlar ko‘proq manfaatdorsiz desa, yana birlari: “Yo‘q, yo‘q, menimcha, bu loyihaga sizlar ko‘proq qiziqish bildirishingiz kerak”, deyishdi. Va bu muhokamalarning barchasi samimiy, ijobiy ruhda bo‘ldi. Buni ko‘rib, boshqa mamlakatlardagi hamkorlarimiz ham bu loyihalarni qat’iyan qo‘llab-quvvatlayotganidan mamnun bo‘ldik”, – dedi u.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
17:52 / 07.12.2024