Jamiyat | 17:46 / 18.07.2021
7602
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida yer oldi-sotdisi bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi

Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan 7 gektar yer maydonini 23,5 ming dollar evaziga tender savdolariga qo‘yish orqali sotib olib berishni va'da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida 2 gektar yerni 100 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

«Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar R.Q. va B.R.lar fuqaro I.ning ishonchiga kirib, unga vakolatli tanishlari orqali Qibray tumani hududida joylashgan 7 gektar yer maydonini tender savdolariga qo‘yish orqali sotib olib berishni va'da qilib, evaziga 23 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Departament hamda DXXning Angor tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, «P» fermer xo‘jaligi rahbari H.H. fuqaro A.ga Bandixon tumanidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 2 gektar yer maydonini o‘ziniki ekanligini aytib, ushbu yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan sotishni rejalashtirib, oldindan kelishilgan 100 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», deyiladi xabarda.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.