O‘zbekiston | 17:33 / 19.07.2021
70902
5 daqiqa o‘qiladi

Hukumat uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i: O‘zbekiston chorvachiligi xavf ostida (2-qism)

Doimiy qurg‘oqchilik va yaylov yerlarining keskin o‘zlashtirib borilishi oqibatida bugun O‘zbekiston chorvachiligi jiddiy xavf ostida qolmoqda.

Mamlakatdagi 94-95 foiz chorvani yetishtirib beruvchi aholi vakillarining ko‘pchiligida chorva boqishga joy, yedirish uchun ozuqa yo‘q.

Shu sababli, odamlar bugun mol, qo‘ylarini bozorda ancha arzon narxda, asosan, qassoblarga sotishga majbur bo‘lmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, ahvol shu darajada davom etib, shoshilinch choralar ko‘rilmas ekan, mamlakatni juda og‘ir oqibatlar: chorva sonining kamayib ketishi, go‘sht va sut mahsulotlari narxining esa keskin oshishi kutadi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston chorvachiligi tushib qolgan bugungi og‘ir ahvol, uning sabablari va ko‘rilishi kerak bo‘lgan shoshilinch choralar yuzasidan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nasriddin Xalilov bilan intervyu uyushtirdi.

Intervyuning birinchi qismi avvalroq e'lon qilinib, matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinchi qismi matni juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilinmoqda.

— Bugun ozuqa yo‘qligi sabab, ko‘plab o‘zbekistonliklar chorva mollarini bozorga chiqarib sotmoqda. Chorva narxi keskin tushib ketgan. Ekspertlarning fikricha, bu holat keyinchalik chorva sonining keskin kamayishi va go‘sht narxining o‘sishiga olib keladi. Siz, shu soha olimlaridan biri sifatida bu fikrlarga qanday qaraysiz?

— Mantiqli savol. Muammo to‘g‘ri qo‘yilyapti. Shu ketishda ketsa, go‘sht va sut mahsulotlari narxi qimmatlashib boraveradi. Eng muhimi, tuyoqlar, chorva mollarining bosh soni kamayadi.

Xo‘sh, bunday paytlarda nima qilish kerak?

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nasriddin Xalilov

Hozir biz 1 mln. gektardan ziyod suvli maydonda g‘alla ekamiz. Undan bo‘shagan maydonlar yoshlarga bo‘lib berilyapti. Shu jarayonda yerlarni olayotgan yoshlar fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzib, chorva uchun ozuqa, yashil massa ham yetishtirishi kerak. Biz hozir shu kabi qo‘shimcha rezervlar bilan chorva sonini saqlab qolishga harakat qilishimiz kerak. Agar bunday qilinmasa, yuqorida taxmin qilgan muammomiz – 1-2 yil ichida qalqib chiqadi. Bu vaqtda esa muammoni yechish qiyin bo‘ladi.

Xalqimiz to‘g‘ri aytadi, o‘simlik qirilsa, bir yilda tiklanadi, chorva qirilsa, qirq yilda tiklanadi. Ammo biz hozir kechiksak, chorvamizni qirq yilda ham tiklay olmasligimiz mumkin. Bu chorvachilik sohasi alohida e'tiborga muhtojligini bildiradi.

Umuman, juda ko‘p davlatlarda rivojlanganlik darajasi don mahsulotlari miqdorining kishi boshiga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha o‘lchanadi. Ba'zi davlatlarda 500 kg, AQShga o‘xshagan rivojlangan davlatlarda esa 1,5 tonnagacha kishi boshiga don zaxira qilinadi. Qancha ko‘p don ishlab chiqarilsa, iqtisodi shunchalik baland. Chunki, bu birinchidan,aholi uchun zarur bo‘lsa, ikkinchi tomondan chorva hayvonlariga ozuqa manbai bo‘lib xizmat qiladi. Demak biz ozuqa uchun ishlatiladigan donli ekinlarni ekish orqali ham holatni ma'lum darajada yumshatishimiz mumkin.

— Bugun o‘zbek xonadonlarida chorvaning asosiy ozuqasi tarkibini makkajo‘xori poyasi va somon tashkil qiladi. Xo‘sh, bizda avvalgi kabi silos va senaj ozuqalari nega tayyorlanmay qo‘ydi?

— Rostdan ham, bizda bu katta muammo. Bugun chorva boqishda asosiy ozuqamiz somon bo‘lib qolyapti. Lekin somon bu – ballast, ya'ni uning hech qanday energiyasi yo‘q, foydasiz.

Chorvaning ozuqasiga eng kamida xashaki lavlagi va dukkakli don ekinlari ham qo‘shilishi kerak.

Senaj tayyorlash uchun 48-50 daraja namlik bo‘lishi kerak. Keyin uning usti yopib qo‘yiladi. Lekin snat tayyorlamoqchi bo‘lgan odamlar kerakli haroratni yo 50 darajadan baland, yoki past qilib qo‘yadi. Oqibatda mahsulot chirib ketadi. Silosda ham shunday. Bu ozuqalar chorva sutini, sog‘lig‘ini yaxshilovchi ozuqalar hisoblanadi. Ammo bizda uni tayyorlash texnologiyasini tushungan mutaxassislar yetishmaydi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Jahongir Aliboyev.
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid