O‘zbekiston | 16:30 / 21.07.2021
21188
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 200 nafar bola farzandlikka berilmoqda. Navbatda turganlar soni o‘n barobar ko‘p

Farzand asrab olish uchun 2018–2019 yillarda 1,9 ming, 2020 yilda esa 1,5 ming kishi vasiylik va homiylik organlarida navbatda turgan.

Foto: Getty Images

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinmoqda. Quyi palata axborot xizmatining xabar berishicha, ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan berilgan takliflar atroflicha o‘rganilmoqda.

Muhokamalar jarayonida bugungi kunda farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka berilayotganlarga nisbatan ancha yuqoriligicha qolayotgani alohida ta'kidlangan. Xususan, farzand asrab olish uchun 2018-2019 yillarda 1,9 ming, 2020 yilda esa 1,5 ming nafar fuqaro vasiylik va homiylik organlarida navbatda turgan. Farzandlikka berilayotganlar esa har yili o‘rtacha 200 nafarni tashkil etadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganni farzandlikka olishi taqiqlangan. Mazkur norma ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlari (iqtisodiyot, ekologiya sohasidagi jinoyatlar va h.k.) uchun ham tatbiq qilinishi inson huquqlarining cheklanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, doimiy daromadga ega bo‘lmagan yoki salomatligiga ko‘ra ota-onalik huquq va majburiyatlarini bajara olmaydigan shaxslarning farzandlikka olish huquqlarini cheklash qonunda aniq belgilanmagan. Oqibatda fuqarolar tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan farzand asrab olish, shu jumladan bola savdosi kabi holatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, 2017-2020 yillarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 185 ta jinoyat aniqlangan va ushbu jinoyatlar bo‘yicha 286 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shu munosabat bilan «Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan Oila kodeksida farzandlikka olishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini o‘zgartirish ko‘zda tutilmoqda.

Farzandlikka olish masalasi Oliy Majlis Senatida ham muhokama qilingan. Parlament yuqori palatasining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yetim bolalarning qonuniy manfaatlarini ta'minlash, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishida shaxsga doir ma'lumotlarni sir saqlagan holda talabgorlar uchun vasiylik va homiylikka beriladigan bolalar haqidagi ma'lumotlarni onlayn olishni yo‘lga qo‘yish, farzandlikka olishni istovchilarning elektron navbatini ishga tushirish ilgari surilgan.

Mavzuga oid