O‘zbekiston | 09:09 / 23.07.2021
15090
7 daqiqa o‘qiladi

Sayxunobod moliya bo‘limi mudiri sud qarori bo‘lsa-da, lavozimiga tiklanmayapti. Asossiz to‘sqinlik salkam 1 yildan beri davom etmoqda     

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani sobiq moliya bo‘limi mudiri sud qarori bo‘la turib 10 oydirki, ishga tiklanolmay sarson. MIB esa sud qarorini ijro qilmaganlarga hech qanday chora ko‘ra olgani yo‘q. Tuman hokimi Sudyalar oliy kengashi raisining gapini inobatga oladimi?

2011 yildan 2013 yilga qadar Sayxunobod tuman moliya bo‘limi mudiri lavozimida ishlab kelgan davrimda menga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib,  210-modda bilan jinoiy javobgarlikka tortilganman. 2019 yil avgustga kelib oqlanganman. Shundan so‘ng, ishga tiklash masalasida sudga murojaat qilganman” – deydi Mavlon Shergaziyev.

M.Shergaziyevning murojaatiga asosan FIB Sirdaryo tumanlararo sudi 2020 yil 18 sentyabr kuni hal qiluv qarori chiqarib, javobgar Sayxunobod tuman hokimligi va Sirdaryo viloyat moliya boshqarmasiga M.Shergaziyevni Sayxunobod tuman moliya bo‘limi mudiri yoki shunga tenglashtirilgan lavozimga ishga tiklash va 2013 yildan hozirgacha bo‘lgan muddatni umumiy mehnat stajiga va ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga qo‘shish majburiyatini yuklaydi.

Biroq ushbu sud qarori hozirga qadar ijro etilmay kelmoqda. M.Shergaziyevning aytishicha, uning mazkur qaror ijrosini ta'minlash bo‘yicha MIB Sayxunobod tumani bo‘limi, Sirdaryo viloyat boshqarmasi va MIB direktori H.Kabirjonov nomiga yo‘llagan murojaatlari besamar ketgan.

Yaqinda shaxsan tuman prokurori qabuliga kirganman. Prokuror oldimda viloyat moliya boshqarmasiga telefon qildi va “Bu jiddiy masala. Fuqaro 8 oydan beri sarson bo‘lib yurgan ekan, qonuniy ijrosini ta'minlab bering. Sud qaroriga asosan tenglashtirilgan ish bering” dedi. Ertasi kuni boshqarmaga borsam, boshqarmadan bitta ish va Sayxunobod tumani moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari lavozimini taklif qilishdi. Bunga rozi bo‘lmadim” – deydi M.Shergaziyev.

Ushbu holat bo‘yicha MIBning izoh berishicha, ijrochi tomonidan sud qarorini ijro qilishni so‘rab tuman hokimligi va viloyat moliya boshqarmasiga murojaat qilingan. Shuningdek, ushbu jarayonda ijroni ta'minlash maqsadida M.Shergaziyevga Sayxunobod tuman hokimligi tomonidan tuman “Toza hudud” DUK rahbari lavozimi, viloyat moliya boshqarmasi tomonidan moliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i hamda Sayxunobod tumani moliya bo‘limining shu'ba mudiri lavozimlari taklif qilingani, biroq M.Shergaziyev ushbu takliflarni rad etgani, shunga qaramay hozirda ijro harakatlari davom ettirilayotgani ma'lum qilindi.

Holat yuzasidan Sayxunobod tuman hokimligi va Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi bergan izohlar bir-biriga o‘xshash bo‘ldi. Ushbu izohlarda sud qarori ijrosini ta'minlash maqsadida M.Shergaziyevga bir qator lavozimlar taklif etilgani, biroq u bu lavozimlarni rad etgani ta'kidlandi.

M.Shergaziyevning qo‘shimcha qilishicha, boshqa tumanning moliya bo‘limi mudirligi, tuman hokimining iqtisod bo‘yicha o‘rinbosarligi yoki viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarligi kabi lavozimlar tuman moliya bo‘limi mudiri lavozimiga tenglashtirilgan hisoblanadi va bunday lavozimlar unga taklif etilmagan.

Ma'lum bo‘lishicha, Sayxunobodga qo‘shni tuman – Sirdaryo tumani moliya bo‘limi mudiri lavozimi bir necha oydan buyon vakant bo‘lsa-da, M.Shergaziyev ushbu lavozimga tayinlanmagan.

Ushbu holat bo‘yicha viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Rahimov bilan bog‘langanimizda, u M.Shergaziyevni ushbu lavozimga tiklash o‘zining vakolatiga kirmasligini, buning uchun Sirdaryo tumani hokimi qaror chiqarishi lozimligini ta'kidladi.

M.Shergaziyev 2021 yil 1 iyul kuni Sayxunobod tumanida sud-huquq masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy qabulda Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorovga ham muammoni batafsil tushuntiradi. Ammo shundan so‘ng ham muammo o‘z yechimini topmaydi.

Xolmo‘min Yodgorov ham boshqa bir tadbirda ushbu voqeani yodga oldi.

Kecha Sirdaryoda o‘zim qabul qildim. 1 yil muqaddam ishga tiklash to‘g‘risida sud hal qiluv qarori chiqqan. Oqlanganidan keyin u (sud tomonidan) ishga tiklanyapti. 1 yildan beri ishga tiklanmagan. Majburiy ijroni chaqirdik, tegishli mutasaddilarni chaqirdik, ish beruvchini chaqirdik. Axir jinoiy javobgarlik borku?” – deydi X.Yodgorov.

Aslida, ushbu vaziyatda Sirdaryo tumani moliya bo‘limining hozirgi mudiri lavozimidan ozod qilinib, o‘rniga hech qanday gap-so‘zsiz M.Shergaziyev tiklanishi lozim edi. Chunki, Mehnat kodeksining 106-moddasida bir ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga tiklangan taqdirda, xodim bilan mehnat shartnomasi taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holda bekor qilinishi ko‘rsatilgan. Ushbu modda nega ijro qilinmayotgani bo‘yicha savolimizga Sayxunobod tuman hokimligi ham, MIB ham tayinli javob bera olmadi.

Buning o‘rniga viloyat moliya boshqarmasi M.Shergaziyevning xohishiga qarshi o‘laroq, 2021 yil 5 iyul kuni uni Sayxunobod tuman moliya bo‘limi mudiri lavozimiga ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarib qo‘ygan.

Sirdaryoda fuqaro foydasiga sud qarori chiqqan bo‘lsa-da, 10 oylab na o‘z lavozimiga na unga tenglashtirilgan lavozimga tiklanolmay yuradi, hokimlik sud qarorini ijro qilmaydi, buning uchun MIB xodimi hokimlikni javobgarlikka tortolmaydi. Oddiy fuqarodan undiruvni amalga oshirishda faol bo‘ladigan ijrochilar hokimiyat vakillariga kelganda “tishsiz bo‘ri”ga aylanib qolayotgani achinarli holat.

Astoydil xohish bo‘lsa, sud qarorini ijro qilishga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi. Ammo, Sirdaryodagi holat misolida hokimiyat vakillari tomonidan yetarlicha qarshiliklar bo‘layotganini sezib olish qiyin emas.

So‘zimizni yana o‘sha savol bilan tugatamiz: tuman hokimi Sudyalar oliy kengashi raisining gapini inobatga oladimi?

Abbos Salaydinov
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid