O‘zbekiston | 19:28 / 24.07.2021
7806
2 daqiqa o‘qiladi

«Qonunda debatlar uchun cheklovlar yo‘q» - MSK raisi prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida debatlar tashkil etilishi ehtimoli haqida

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev 2019 yili parlament saylovlarida bo‘lgani kabi 24 oktabr kuni o‘tkaziladigan saylovda prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida debatlar tashkil etilishi masalasiga to‘xtaldi.

«Ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash uchun OAV bilan memorandum tuzganmiz, qolaversa, matbuot markazimiz ham shu yo‘nalishda ish olib boradi.

Debatlar masalasiga kelsak, siyosiy partiyalar o‘z nomzodlarini ko‘rsatgandan va ruxsatnoma berilgandan keyin barcha nomzodlarga imkoniyat yaratiladi. OAVda chiqish qilish uchun ham, televideniye, radio, bosma nashrlar – barchasida chiqish uchun imkoniyat beriladi. Menimcha, qonunda ham debatlar uchun cheklovlar va qarshiliklar yo‘q. Bunday amaliyotni qo‘llashga barcha sharoit yetarli», deya Zayniddin Nizomxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etish kerakki, 2019 yili bo‘lib o‘tgan parlement saylovlarida turli mavzular bo‘yicha siyosiy debatlar tashkil etilgan, ularda O‘zbekistondagi beshta siyosiy partiya rahbarlari, vazirlar, davlat arboblari saylovchilarni qiziqtirgan ko‘plab masalalar bo‘yicha nuqtai nazarlarini bayon qilishgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni O‘zbekistonda prezident saylovi kampaniyasiga start berildi. Saylovchilar prezidentlikka nomzodlar kimligini saylovga 45 kun qolguniga qadar bilib olishadi. Fuqarolar o‘zlari ishongan nomzodlarni ilgari surish imkoniga ega emas. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, saylovlarda 5ta partiya – «Adolat» Sotsial-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Liberal demokratlar partiyasi (O‘zLiDeP), Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega.

Mavzuga oid