Jahon | 19:44 / 24.07.2021
39641
4 daqiqa o‘qiladi

Reyxstag binosida Toshkent nomi nima uchun yozilgan? - Germaniya parlamentiga sayohat

UzbekLife’ning Germaniyadagi kolumnisti Mahkam Hamidov hozirda o‘zi amaliyot o‘tayotgan Germaniya parlamenti, ya'ni Bundestagga sayohat uyushtiradi.

Bugungi pandemiya sharoitida binoga kirish uchun albatta tibbiy niqob taqiladi. Maxsus bejik bor, bu orqali Germaniya parlamentining istalgan binosiga kirish mumkin. E'tiborli jihati Reyxstag binosi ichida ibodatxona mavjud. Ibodatxonaning o‘zgachaligi shundaki, unda turli din vakillari ibodat qilishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Masalan, bu yerda joynamozlar bor.

Ikkinchi jahon urushi oxiriga kelib, sovet ittifoqi askarlari Reyxstag binosini zabt etishgan va o‘z g‘alabasini muhrlab qoldirish uchun ismlarini bino devoriga yozishgan. Germaniya hukumati ushbu yozuvlarni saqlab qolish qarorini qabul qilgan. Askarlar o‘rtasida hamyurtlarimiz ham albatta bo‘lgan. Va bu yerda “Toshkent” yozuvini ko‘rishimiz mumkin.

Germaniya parlamentining eng asosiy jihatlaridan biri bu uning ochiqligi va shaffofligi. Reyxstag binosining deyarli har bir nuqtasidan yalpi majlislarni kuzatib borsangiz bo‘ladi. Bugungi kunda Germaniya parlamentida 6 ta fraksiya mavjud bo‘lib, umumiy hisobda 700 dan ortiq deputat faoliyat yuritadi.

Shuningdek, Bundestag binosidagi art obektda Germaniya deputatlari arxivi joylashgan. Bu yerda 1919 yildan boshlab, ya'ni parlament o‘z faoliyatini boshlagandan buyon to 1990 yilgacha bo‘lgan deputatlar ismlari yozilgan. Qiziq tomoni, 1933 yilda natsional sotsialistlar hokimiyatga kelgandan boshlab 1949 yil, Germaniya Federativ Respublikasi tashkil etilgunga qadar hech qanday ismlar yozilmagan. Shu yillar oralig‘idagi joy qora quti ekanligini ko‘ramiz, bu yerda hech qanday yozuvlar yo‘q. Chunki bu davrda deputatlar demokratik yo‘l bilan saylanmagan. Bu yerda Gitler ismi ham yozilgan. Chunki u ham parlamentga demokratik yo‘l bilan saylangan deb hisoblanadi.

Germaniya parlamenti Reyxstag binosidan tashqari yana uchta katta binodan tashkil topgan. Ular barchasi yerosti tunnellar bilan bog‘langan. 1933 yil Reyxstag binosi yonganda uni yoqib yuborgan insonlar tunnel orqali qochgan degan taxminlar bor. Parlament ichida umuman art obektlar juda ko‘p.

Reyxstag binosi gumbazi XX asr oxirida qurilgan. Ochiqlik va shaffoflikni anglatadi. Bu yerga fuqarolar bemalol kelib, gumbazni aylanadi va bu Germaniyada fuqarolar deputatlardan ham yuqoriroq degan ma'noni anglatadi. Bundestagning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri bu uning insonlarga yaqinligida. Fuqarolar bevosita parlament binosi ostida o‘z sevgan mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishlari mumkin. Masalan, odamlar ko‘pincha raqs mashg‘ulotlarini amalga oshiradi.

Sharqiy va G‘arbiy Berlin chegarasi aynan shu yerda Shpri daryosi bo‘yidan o‘tgan. Germaniya birlashganidan so‘ng parlamentning yangi binolari aynan shu yerda qurilgan. Siz ko‘rib turgan daryoning o‘ng va chap tomonida qurilgan binolar yaxlit kompleksni tashkil etadi va Germaniya birligi ramzi sanaladi. 

To‘liq videoni UzbekLife'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.

Mahkam Hamidov
UzbekLife’ning Germaniyadagi kolumnisti

Mavzuga oid