Jamiyat | 15:29 / 25.07.2021
13227
11 daqiqa o‘qiladi

«Bola kitobni xo‘rozqand kabi tatib ko‘ra olishi kerak» – bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar: Turkiya tajribasi

Yurtimizda noshirlik faoliyatining bugungi ahvoli qanday? Xususan, bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning son va sifati talabga qay darajada javob beradi? Millatning ertasi bo‘lgan avlod bugun qancha vaqtini mutolaa bilan o‘tkazmoqda? Zamonaviy gadjetlarga kun sayin kuchliroq bog‘lanib borayotgan bu avlodni qanday qilib kitob bilan do‘st qilish mumkin?

Albatta, bu kabi savollar millat taqdiriga befarq bo‘lmagan har qanday insonni jiddiy o‘y va xavotirga solishi tabiiy. Zotan, shu narsa ayonki, agar ushbu masalalar yechimini topishga bugun jidd-u jahd qilinmasa, ertaga kech bo‘lishi mumkin...

Mana shunday bir vaziyatda sohaga oid xorij tajribasini o‘rganish va ularni amalga tatbiq qilish muhim ahamiyatga ega. Kun.uz muxbiri bolalarga mo‘ljallangan kitoblar va ularning nashr etilishi bilan bog‘liq jarayonlar Turkiyada qanday yo‘lga qo‘yilganini o‘rgandi.

Kitoblar pedagogik funksiyaga ega maydon sifatida ko‘riladi

Bugun Turkiyadagi aksariyat kitob do‘konlarining javonlari turli-tuman  milliy va xorijiy adabiyotlar bilan to‘la. Ko‘cha-ko‘yda, dengiz sohilida yoki jamoat transportida kitob o‘qiyotgan insonlarni bot-bot uchratish mumkin.

Ushbu mamlakatdagi ba'zi nashriyotlar faqat bolalar uchun mo‘ljallangan hikoya va romanlarni, ba'zilari esa o‘quv adabiyotlarni nashr etadi. Qaysidir nashriyot asosan diniy tarkibni chop etsa, yana qaysidir nashriyot ko‘proq mifologik va falsafiy kitoblarni taklif qiladi. Hatto ular o‘z o‘quvchilarining yoshiga ko‘ra ham bir-biridan farqlanadi, ya'ni bu borada o‘ziga xos ixtisoslashuv mavjudligini ko‘rish mumkin.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Turkiyada bolalar uchun mo‘ljallangan nashrlarni topish qiyin bo‘lgan davrlar endilikda ortda qoldi, deyish mumkin. Ushbu mamlakatda bugun bolalar adabiyoti o‘quvchi va yozuvchilar e'tiborini har qachongidan ham ko‘proq tortmoqda. Albatta, bolalarning ta'lim-tarbiyasi muhim ekanligi jamiyat tomonidan chuqur idrok etilayotgani, dunyo standartlaridagi bosma mahsulotlarni taqdim etishga harakat qilinayotgani, bolalarning shaxsiy rivojlanishi faqatgina maktab ta'limi bilangina cheklanib qolmasligi kerakligi kabi bir qator zarurat va omillar ham bunga o‘z ijobiy ta'sirini o‘tkazmoqda.

Bolalar adabiyoti bo‘yicha mutaxassis Nilay Yilmazning ta'kidlashicha, so‘nggi paytlarda mamlakatda kitob yozish ommalashmoqda va tabiiyki, bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar ham ushbu jarayondan o‘z «ulushi»ni olmoqda.

Bolalar bilan ijodiy seminarlar o‘tkazuvchi adib Seran Demiralning aytishicha, bugun ijodkorlar kitoblarni bolalar bilan muloqot o‘rnatish vositasi yoki pedagogik funksiyaga ega bo‘lgan o‘ziga xos maydon sifatida ko‘rishmoqda.

Bolalarga mo‘ljallangan kitob kimlar tomonidan yozilishi kerak?

Aslida, har kim bolalarga mo‘ljallangan kitob yozishi mumkin, ammo unutmaslik kerakki, hamma ham adabiy asar darajasidagi mahsulotni yarata olmaydi. Chunki bolalar uchun kitob yozish oson ish emas. Bu ishni xayol ufqi keng, badiiy matn yaratish sir-asroridan yaxshi xabardor ijodkorlargina uddalashi mumkin. Ammo bu – ijodkorlik qobiliyatiga ega har qanday odam bolalarga mo‘ljallangan kitob yoza oladi, degani emas!

Sohaga ixtisoslashgan nashriyotning bosh muharrir o‘rinbosari Mehmet Erturkning fikricha, masalaga tanqidiy ko‘z bilan qaray oladigan, konstruktiv tanqidni qabul qilgan holda o‘zini doimiy rivojlantirib boruvchi, eng muhimi, bolalar uchun yozishni oson ish deb o‘ylamaydigan ijodkorlar ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin.

Bolalar uchun kitob yozish jarayoni yozuvchilikdan tashqari bolalar psixologiyasidan yaxshigina xabardor bo‘lishni ham talab qiladi. Zotan, hikoya bolaning ruhiy dunyosiga qay darajada mos kelishi, unga qanday ta'sir o‘tkazishi mumkinligini bilish nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

Zotan, bolalarga tavsiya etiladigan nashrlar ularning ruhiy olamiga zarar yetkazmasligi, murg‘ak qalblarni ichi bo‘sh va behuda narsalar hamda yolg‘on-u makr dunyosiga uloqtirmasligi kerak. Bolalarga tavsiya etiladigan kitoblar insoniy his-tuyg‘ularni tarbiyalashi va bolalarda o‘z qadriyatlariga nisbatan qiziqish va hurmatni shakllantirishi darkor. Shu bois aksar turk nashriyotlarining qoshida bolalar uchun mo‘ljallangan kitob qo‘lyozmalarini ko‘rib chiquvchi pedagog va psixologlardan iborat maxsus kengashlar faoliyat yuritadi.

Bolalarga mo‘ljallangan kitob qanday bo‘lishi kerak?

Klinik psixolog Emrah Po‘latning ta'kidlashicha, bolalar uchun mo‘ljallangan kitob, avvalo, bolaning yoshi va psixologik dunyosiga mos bo‘lishi kerak. Bolaga har qanday turdagi materiallar kuchli ta'sir ko‘rsatishi mumkin, shuning uchun unga ijobiy ta'sir qiluvchi kontentni yaratish ustida bosh qotirish lozim. Qo‘rqinchli yoki fobik voqealarga asoslangan tarkibdan qochish kerak.

Bu turdagi kitoblar ifoda, til va mazmun jihatidan bola tushunadigan sodda tarzda va juda ehtiyotkorlik bilan yozilishi kerak. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, «Bolalarga mos bo‘lishi kerak» degan tushunchaga «yopishib olish» hikoya uslubini sun'iylashtirishi, bu holat esa pirovardida uni hayotiylikdan uzoqlashtirishi mumkin.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar ularga o‘zlarini jamiyatning bir qismi ekanliklarini his qilishlariga yordam beradi. Bunday kitoblarda bolaga berilishi kerak bo‘lgan ma'lumotlar va kundalik hayotda u duch keladigan voqealar yoshga ko‘ra oddiydan murakkabga qarab ishlanishi kerak.

Bundan tashqari, asar imlo va punktuatsiya nuqtayi nazaridan ham xatolardan xoli bo‘lishi darkor. Bu turdagi kitoblarning muhim xususiyatlaridan yana biri uning grammatik qoidalar asosida yozilishidir. Asarni tayyorlash jarayonida uning qaysi sinf va yosh darajasi uchun yozilgani aniq va ma'lum bo‘lishi kerak. Unda yoritilgan mavzular va bayon etish uslubi ham bolalarning yosh guruhlariga mos kelishi lozim. Hayajon butun asar davomida jonli bo‘lishi, shuningdek, kontent siyosiy xususiyatlardan xoli bo‘lishi darkor. Tanlangan mavzular yaxlitlik kasb etishi, kitob tasodifiy ravishda jamlangan maqolalardan iborat bo‘lmasligi kerak.

Qanday suratlar tanlanishi kerak?

Bolalar kitoblaridagi eng muhim jihatlardan biri tasvirlardir. Ba'zi turk yozuvchilari kitob uchun rasmlarni o‘zlari tayyorlashadi. Tabiiyki, hamma ijodkorda ham bunday imkoniyat va qobiliyat bo‘lmasligi mumkin.

Bolalar kitoblari uchun surat chizish borasida qat'iy bir qoida yo‘q. Ammo shu narsa aniqki, nashriyot, avvalo, muallif nimani qanday tasavvur qilayotganini bilishni xohlaydi. Agar chizmalar nashr uslubiga mos bo‘lsa va noshirga ma'qul kelsa, muallifning takliflari, albatta, hisobga olinadi. Shu asno mualliflik huquqining zaruriy shartlari shartnomaga kiritiladi.

Aksincha bo‘lishi ham mumkin, ya'ni bunda hamma narsa kitobning mazmuni, nashrning amaldagi dasturi va noshirning siyosatiga ko‘ra formatlanadi. Ammo yozuvchi muallif sifatida, avvalo, matn uchun javobgardir.

Mutaxassislar san'at va estetik jihatdan mos bo‘lmagan rasmlar bolalarning xayol dunyosini boyitish o‘rniga ularning tasavvuriga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantiradi.

«Bola kitoblarni xo‘rozqand kabi tatib ko‘rishi, uni sifatli va foydali o‘yinchoq sifatida qabul qilishi lozim. Muqova ichida uning xayolot dunyosini boyitadigan rang-barang illyustratsiya va ifodalar bo‘lishi kerak. Suratlar did va ehtiyotkorlik bilan tanlab olinishi, qolaversa, bu turdagi asarlar adabiyotning nazariy va amaliy tamoyillariga mos kelishi kerak», deydi bolalar nashrlari bo‘yicha Turkiyaning eng yirik noshirlaridan biri Mehmet Azim.

Kitobdagi suratlarning hajmi va matn tarkibining uzunligi, odatda, bolaning yoshiga qarab o‘zgaradi. 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning tarkibidagi rasmlar juda katta bo‘lishi kerak. Noaniqlikning oldini olish uchun ishlatiladigan raqamlar ham yetarlicha aniq bo‘lishi, matnlar esa juda qisqa bo‘lishi lozim. Rangli bosma kitoblarga ko‘proq ustunlik berish tavsiya qilinadi, chunki ular bolalar e'tiborini o‘ziga ko‘proq jalb qiladi va ularni zeriktirmaydi.

Bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar qahramonlarini qanday tanlash kerak?

Bolalarning aksariyati asar qahramonlariga taqlid qiladi. Shu bois tanlangan qahramonlar ijobiy xarakterga ega bo‘lishi lozim.

«Bolaning ong ostiga yaxshi namunalar taqdim etilishi, ijobiy va konstruktiv hayotiy misollar keltirilishi kerak. Bolalar kitoblari xurofot va botil ishonchlardan xoli bo‘lishi shart. Agressiya, qo‘rquv, zo‘ravonlik va g‘azab bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblardan uzoqroq tutilishi kerak», deydi noshir Mehmet Azim. Uning fikricha, bolalar uchun mo‘ljallangan nashr ishlari o‘ziga xos jiddiy e'tibor va ehtiyotkorlikni talab qiladi.

Asarlarda bolalar uchun laqab sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan qahramon nomlari bo‘lmasligi lozim.

Qiziqish sohasini aniqlab olish kerak

Davr shart-sharoitlariga mos ravishda bolalarning qiziqishlari ham o‘zgarib boradi. Shu bois ota-onalar va o‘qituvchilar qiziqish sohasini aniqlab olish masalasida bolalarga yordam berishlari kerak. Chunki hamma bola ham bir xil turdagi kitoblardan zavq olmasligi mumkin. Kitoblar shunga muvofiq tarzda tayyorlanishi kerak.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, qiziqishlariga mos bo‘lmagan asarlar bolaning o‘qish ishtiyoqini susaytirishi mumkin. Bolaning yaqinlari bu masalada o‘jarlik qilishi va qat'iyat ko‘rsatmasligi, balki yo‘naltiruvchi bo‘lishi kerak.

Soha mutaxassislarining jalb qilinishi

Bugungi kunda Turkiyada ko‘plab nashriyotlarda faqat bolalar kitoblari bilangina shug‘ullanuvchi muharrirlar bor. Bundan tashqari, nashriyotning vakolatli shaxslari tomonidan mualliflar va illyustratorlarning ishlari nashrning umumiy maqsadlaridan kelib chiqib, tizimli ravishda muvofiqlashtirib boriladi.

Mutaxassislarning fikricha, bolalar nashriyotlarining muharriri ham pedagogikaga, ham bolalar psixologiyasi, ham adabiyot, ayniqsa, bolalar adabiyotiga oid bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak. Shundagina u yanada yaxshi mahsulot yaratish uchun zamin hozirlashi mumkin.

Otabek Tillayev,

Kun.uz’ning Turkiyadagi muxbiri.

Mavzuga oid