Sport | 19:53 / 25.07.2021
40885
6 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020 kundaligi: O‘zbekistonda birinchi oltin, bokschilar kunni yo‘qotishsiz o‘tkazdi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Tokioda shahri mezbonligidagi Yozgi olimpiada o‘yinlarining ikkinchi kunida ham 11 nafar o‘zbekistonlik sportchi musobaqalarda ishtirok etdi va bir qator natijalarga erishildi. Xususan, taekvondo bo‘yicha ilk oltin medal qo‘lga kiritildi, uch nafar bokschi o‘z janglarida g‘alabaga erishib, ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi.

Akademik eshkak eshish, juftlik
Olimpiadada 25 iyul kungi bahslarni o‘zbekistonlik sportchilardan birinchi bo‘lib akademik eshkak eshish vakillari boshlashdi. 

2000 m masofada o‘tish bahsida qatnashgan Shahboz Xolmirzayev/Sobirjon Safaraliyev juftligi marraga 4-bo‘lib yetib keldi va medallar uchun kurashish imkoniyatini yo‘qotdi.

Taekvondo

19 yoshli taekvondochi Ulug‘bek Rashidov kun qahramoniga aylandi. Turnirga 17-raqam bilan saralangan o‘zbekistonlik sportchi dastlabki bosqichda malilik Seydu Mofanani mag‘lub etib, nimchorak finalga yo‘l oldi. Chorak final yo‘llanmasi uchun jangda esa 3 karra jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlarining 2 karra sovrindori, shu vazn toifasining birinchi raqamli vakili bo‘lib turgan janubiy koreyalik Li De Hunni qo‘shimcha vaqtlardagi oltin ochkolar orqali mag‘lub etib, uni turnirdan chiqarib yubordi. Chorak finalda esa eronlik Mirhoshim Hussayni ustidan g‘alaba qozondi. Final yo‘llanmasi uchun jangda Bosniya va Gersegovina vakili Nejad Hushich osonlik bilan taslim etildi.

Finalda esa turnirning yana bir favoriti, shu vaznning ikkinchi raqamli vakili, britaniyalik raqibi Bredli Sindenga qarshi jang so‘nggi soniyalargacha hayajonli davom etdi va yakunda Rashidov tarixiy g‘alabaga erishib, O‘zbekistonga Olimpiadadagi ilk oltin medalni taqdim etdi.

Rashidov O‘zbekistonni medallar bo‘yicha reytingda 11-o‘ringa olib chiqdi.

Ulug‘bek Rashidov ustozi Pavel Xan bilan birga

Boks
Kunning birinchi jangi Tursunoy Rahimova ishtirokida kechdi. -51 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Rahimova polshalik Sandra Drabikka qarshi bahs olib bordi va irodali g‘alabaga erishdi.

Shu tariqa, Rahimova Olimpiya o‘yinlarida g‘alabaga erishgan ilk o‘zbekistonlik bokschi qiz sifatida tarixga kirdi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi turkiyalik Buse Naz bo‘ladi.

Kun davomidagi bahslarda O‘zbekiston erkaklar boks jamoasining ikki vakili ringga chiqdi.

Boks bo‘yicha -63 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Elnur Abduraimov 1/16 finalda mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Baatarsuxga qarshi jang qildi. Dastlabki raundni boy bergan Abduraimov keyingi raundda ustunlikka ega bo‘ldi. Hal qiluvchi raunddagi harakatlari bilan 4:1 hisobdagi g‘alabaga erishdi. 1/8 finalda unga tojikistonlik Bahodur Usmonov raqiblik qiladi.

-81 kg vazn toifasi vakili Dilshod Ro‘zmetov 1/16 finalda irlandiyalik Emmet Brennanni 5:0 hisobi bilan mag‘lub etdi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi kelib chiqishiga ko‘ra Kubaga mansub bo‘lgan va Olimpiya o‘yinlarida Ozarboyjon sharafini himoya qilayotgan Alfonso Dominges bo‘ladi.

Dzyudo

Dzyudochilar jamoasi uchun ikkinchi kun ham omadsiz keldi. Dastlab Sardor Nurillayev (-66 kg) dastlabki bosqichda jarohat tufayli jangni davom ettira olmadi.

-52 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Diyora Keldiyorova ham mo‘g‘ulistonlik Sosorbaram Lxagvasurenga imkoniyatni boy berib, medallar uchun kurashni erta tark etdi.

Endi ushbu dzyudochilar jamoaviy yo‘nalishda ishtirok etishi mumkin.

Velosport

Velosportning shosse yo‘nalishida ishtirok etgan Olga Zabelinskaya ham Olimpiadadagi ishtirokini yakunladi. Zabelinskaya 137 kilometrga kechgan guruh poygasi yo‘nalishida 67 ishtirokchi orasida 9-bo‘lib marra chizig‘iga yetib keldi. U ushbu masofani 3 soat 54 daqiqa 31 soniyada bosib o‘tdi.

Poygada avstriyalik Anna Kizenxofer, niderlandiyalik Annemik van Vluten va italiyalik Eliza Borgini sovrindorlar uchligini tashkil etdi.

Sport gimnastikasi

Oksana Chusovitina 8-Olimpiadasidagi ishtirokini saralash bahslarida yakunladi. U tayanib sakrash yo‘nalishida 14.166 ochko jamg‘arib, 11-o‘rinni egalladi va final yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. 

Sportchi 46 yoshida o‘zining 8-Olimpiadasida ishtirok etdi va bu borada mutlaq rekordchiga aylandi. Tokio Olimpiadasi uning professional faoliyatidagi so‘nggisi bo‘ldi va u olimpiyachilarning qarsaklari ostida faoliyatini yakunladi.

U sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) hisoblanadi. 1992 yil Barselonada o‘tgan Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi bo‘lgan, 2008 yil Pekin olimpiadasida Germaniya safida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 3 karra Jahon chempioni, Yevropa chempioni bo‘lgan, jahon chempionatining to‘rttadan kumush va bronza medallariga ega chiqqan.

Og‘ir atletika

Og‘ir atletika bahslarining -67 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Adhamjon Ergashev jami 312 kg (139+173 kg) tosh ko‘tardi va musobaqani oltinchi o‘rinda yakunlandi. Yakuniy chiqishda Adhamjon 184 kg toshni ko‘tara olmadi. 

Oltin medal xitoylik Chenga nasib qilgan bo‘lsa, kolumbiyalik Lozano kumush, italiyalik Zanni bronza medalga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid