Sport | 13:39 / 25.07.2021
29203
2 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020. O‘zbekistonlik taekvondochi ilk medalni naqd qildi

O‘zbekistonlik taekvondochi Olimpiada tarixida ilk bor finalga chiqdi. 19 yoshli Ulug‘bek Rashidov bosniyalik raqibiga imkoniyat qoldirmadi.

Tokio Olimpiadasida taekvondo bo‘yicha -68 kg vazn toifasida yarimfinal bahslari o‘tkazildi.

O‘zbekistonlik taekvondochi Ulug‘bek Rashidov final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda Bosniya va Gersegovina vakili Nejad Hushichga qarshi dayanga chiqdi.

O‘zbekiston vakili barcha raundlarda ustunlik qildi - birinchi raundda 14:1 hisobi qayd etilgach, g‘olib masalasi amalda hal bo‘lgandi. Yakunda Rashidov 28:5 hisobida g‘alaba qozonib, finalga chiqdi va kamida kumush medalni naqd qildi.

Bu O‘zbekiston tarixida ilk bor taekvondochi Olimpiya o‘yinlari finaliga chiqishidir. Qolaversa, shu vaqtgacha o‘zbekistonlik taekvondochilar Olimpiadalarda sovrindor bo‘lmagandi.

Ma'lumot uchun, turnirga 17-raqam ostida saralangan Ulug‘bek Rashidov ilk bosqichda malilik Seydu Fofanadan (38:17) ustun keldi. Nimchorak finalda esa shu vaznning birinchi raqamli vakili -  3 karra jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlarining 2 karra sovrindori janubiy koreyalik Li De Hunni sensatsion ravishda mag‘lub etdi (21:19). Chorak finalda eronlik Mirhoshim Hussayn (34:22) taslim etildi.

19 yoshli Ulug‘bek Rashidov endi finalda britaniyalik Bredli Sindenga qarshi jang qiladi. Shu vazn toifasining ikkinchi raqamli vakili bo‘lgan Sinden yarimfinalda shu vaznning uchinchi raqamli vakili, xitoylik Shuai Jaoni mag‘lub etdi.

Bredli Sinden

Final 25 iyul kunining kechki dasturidan o‘rin olgan bo‘lib, Toshkent vaqti bilan soat 17:45dan so‘ng start oladi.

Mavzuga oid