Jamiyat | 13:30 / 27.07.2021
26520
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘z uyim bo‘lishini orzu qilaman...» – uyli bo‘lish dardida firibgarlikka qo‘l urib, qamalgan mahkuma hikoyasi

«Mahkuma» loyihasining navbatdagi mehmoni Shohista Ro‘zmatova 34 yoshda. Firibgarlik jinoyati bilan qamalgan. Oilali, 13 yoshli o‘g‘li bor. 6 marta sudlangan, barchasida firibgarlik jinoyati bilan jazolangan. Oxirgi marta 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U biz bilan suhbatda hayotidagi qiyinchiliklar, qanday qilib panjara ortiga tushib qolgani va qamoqdagi xulosalari haqida gapirib berdi.

«Oilada olti farzandmiz, men beshinchi qizman. Mendan keyin bir ukam bor. Barchasi o‘qimishli, ziyoli. Dadam 5-sinf bo‘lgan vaqtimda olamdan o‘tgan. Onam bizni yolg‘iz katta qilgan. Onam hozir 68 yoshda. 5 qizini uzatdi, o‘g‘il uylantirdi. Balki dadamning erka qizi bo‘lganim uchun hayot yo‘lini tanlashda adashdim.

To‘g‘ri, hamma uchun o‘z otasi yagona bo‘ladi, ammo men uchun dadam beqiyos inson bo‘lgan. Men tug‘ilgan vaqtimda dadam rais bo‘lgan ekan, to‘rt qizim bor-u, o‘g‘lim yo‘q, deb o‘ksinmagan. Men tug‘ilganda afsuslanmagan, qizli bo‘lganini aytishsa, «Ko‘zi ko‘kmi? Bo‘ldi, yetadi», degan ekan. Ko‘ngli juda keng inson bo‘lgan.

Onam otangga o‘xshaysan, baxtli bo‘lasan, derdi. Haqiqatan 6 farzand ichida bitta men o‘xshaganman dadamga, bundan juda xursandman. Shuning uchun onam asragan ko‘zga cho‘p kirar, degandi. Otam 1998 yil avtohalokatda vafot etgan. Dadam vafot etgach, qaysar bo‘lib qoldim, hech kimga quloq solmay qo‘ydim, hamma narsa mumkin ekan, deb o‘ylaganman».

«Chiqsam, birinchi onamdan kechirim so‘rayman»

Onam dadam vafot etganida 41 yoshda edi. O‘sha paytda to‘ng‘ich opamnigina uzatgandik. Qolgan 5 farzandni oyoqqa turg‘izish yolg‘iz onamning yelkasida qolib ketgandi. Onam o‘qituvchi edi, bizga yaxshiroq sharoitni yaratib berish uchun kasbini tashladi. Onam doim mehnat odamni o‘ldirmaydi, agar shunday bo‘lganida biz tirik yurmasdik, ishlagin, qo‘lingda kasbing bor deydi. Bu gap to‘g‘riligini shu yerda anglab yetdim.

Onamni ko‘p ranjitardim, qo‘ng‘iroqlarini ko‘tarmasdim. Shu gapni hammaning oldida aytishingiz shartmasdi, deb onamning ko‘nglini og‘ritardim. Birinchi marta jazoni o‘tab, uyga borganimda, onam ozib ketgandi. Bu yerga uchrashuvga kelolmaydi, chunki sog‘lig‘i yomonlashgandi. Onam o‘zi uchun yashamadi, 70 yoshga yaqinlashyaptiki, o‘zi uchun nimadir olishni istamaydi. Chiqsam, birinchi onamdan kechirim so‘rayman.

Qo‘qonda texnikumda kommunal soha bo‘yicha o‘qiganman. 3-kursdanoq ishlashni boshladim, o‘sha paytdan tezroq pul topish haqida o‘ylardim. Chunki onam otamdan keyin ko‘p qiynalgani uchun onamni rozi qilishga, ko‘p pul berib, ta'minlab berishga harakat qilardim. Oliy ma'lumotli bo‘lasan, deyishsa ham o‘qimay o‘zimni butunlay ishga bag‘ishlab yuborardim. Onam biror o‘qishga topshirgin, desa ham ko‘nmay faqat ishga berilib ketdim. Bu orada turmush qurdim. Keyin Farg‘ona shahriga ko‘chib, uy olish harakatiga tushganmiz.

Birinchi qarz olishim ham uy olish dardida bo‘ldi. Aldanib qolganman. 2009 yillarda, o‘g‘lim endi 1 yoshga kirgan vaqtlari, uy olish uchun deb pul yig‘ganmiz. Bir odamga shu pulni berib, aldanib qolganman. Shu bilan uy ololmaganman. Turmush o‘rtog‘imdan yashirganman buni. Yashirmaslik kerak ekan. Bu mening eng katta xatom bo‘lgan. Aytsam, ularning menga nisbatan ishonchini yo‘qotishdan, onam xavotirlanishidan qo‘rqqanman.

Yashirish aldashga kiradi, bu esa yaxshilikka olib kelmaydi. Uy olish uchun yig‘gan pulimni aldanib berib qo‘ygach, qing‘irlik yo‘liga o‘tdim, sudlandim. Xo‘jayinim hammasidan xabar topdi. Qarzlarni uzish uchun ishlab o‘zi to‘ladi. Ikkinchi marotaba sudlanganimda, qarzimiz ancha ko‘pligi uchun erim xorijga ishlashga ketdi. Keyin menga 3 yil-u 2 oy muddat berishdi.

Jami 6 marta sudlanganman. Hammasi firibgarlik tufayli. Firibgarlik degani bu – qarzdorlik. Kimningdir ishonchi suiiste'mol qilinib puli olinadi, vaqtida qaytarib berilmaydi. Hammaning puli o‘ziga zarur. Bu holat o‘zimning ham boshimdan o‘tgan. Baribir birovning haqi sizga yuqmas ekan. Bugun olaman, ertaga joyiga qo‘yaman, deyish noto‘g‘ri. Kommunal sohada ishlardim. Odamlarning uy uchun qilgan to‘lovlarini o‘zlashtirganman. Oldingi qarzlarimni to‘lash uchun pullarni ishlatib yuborganman.

Firibgarlar ko‘pchiligi o‘ylashi mumkin: firibgarlik qilaman, ko‘p pulni bosaman, kiraman, chiqaman, bermayman. Yo‘q, baribir beriladi, to‘lanadi. Chunki o‘zim chiqib to‘ladim. Erkin yurasiz to‘lasangiz».

«Eng qiyini – yaqinlar sog‘inchi»

«Bu yerda barcha mahkumalar biladi: ayol uchun eng katta jazo bu yaqinlarini ko‘rmaslikdir. Xohlagan vaqtida bag‘riga bosolmaydi, kim bilandir dardlashgisi kelsa, buning iloji bo‘lmaydi. Bu yerga kelibgina, yaqinlarning qadriga yetarkansiz. Yaqinlarimsiz juda qiynaldim. Ilgarilari she'r yozardim, hozir esa yo‘q. Bilmadim, hayotdan to‘xtab qolganga o‘xshayman. Demak, hayotimning mazmuni, ilhomlari faqat yaqinlarim ekan. Bu ham bir sinov. Bu yerda o‘tayotgan umrimiz uvol. Mudhish xatoga yo‘l qo‘ymasdan oldin hammasini anglab yetish kerak. Kasal bo‘lmasdan oldin kasal bo‘lmaslik choralarini ko‘rish kerak».

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,

Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid