Iqtisodiyot | 17:51 / 28.07.2021
8603
2 daqiqa o‘qiladi

6 oyda O‘zbekiston bo‘ylab yig‘ilgan soliqlarning yarmidan ko‘pini yirik kompaniyalar to‘lagan – DSQ

Yirik soliq to‘lovchilar Respublika bo‘ylab 2021 yilning 6 oyida yig‘ilgan soliqlarning 66,2 foizini to‘lagan. Ularning soni bugungi kunda 1000 dan oshgan.

2021 yilning yarmida budjetga yig‘ilgan soliqlarning yarmidan ko‘prog‘ini “yirik soliq to‘lovchilar” ro‘yxatiga kiruvchi yuridik shaxslar to‘lagan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Dildora Hoshimova AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilning ikkinchi chorak davri yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda yirik soliq to‘lovchilar soni 1124 tani tashkil etmoqda. 2021 yilning birinchi yarmida  yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘langan soliqlar jami soliq tushumlarining 66,2 foizini tashkil etgan.

Taqqoslash uchun, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 63,4 foiz, 2020 yilda esa 65,3 foiz bo‘lgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning 6 oyida o‘zbekistonliklar 61,4 trln so‘m soliq to‘lagan, shundan 66,2 foizi, ya'ni 40,6 trln so‘mi yirik soliq to‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Yirik soliq to‘lovchilarning soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashini Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi nazorat qiladi. Bu organ 2018 yilda Prezident qaroriga muvofiq tashkil etilgan. 

Avvalroq joriy yilning yanvar-iyun oylarida davlat budjeti daromadlari 74,9 trln so‘mni tashkil etgani xabar qilingandi.

Bu miqdor o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln so‘mga ko‘proq degani. Deyarli barcha soliq tushumlarida o‘sish kuzatilgan.

Mavzuga oid