Jamiyat | 14:48 / 28.07.2021
15602
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rta asrlarda “dunyoning tugashi” deb nom olgan shahar - Lissabon bo‘ylab sayohat (foto)

Yevropa bo‘ylab sayohatim davom etmoqda. Ayni kunlarda Portugaliya poytaxti Lissabon shahridaman. Taassurotlarim haqida doimgidek fotoreportaj tayyorladim, deya hikoya qiladi UzbekLife kolumnisti Mahkam Hamidov.

Lissabon – Portugaliya poytaxti, Yevropaning eng qadimgi shaharlaridan biri. VIII asrdan XII asrga qadar arablar hukmronlik qilgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, arab me'morchiligi  aksariyat binolarda sezilib turadi.

O‘zining qulay joylashuvi bu shaharga ko‘p boyliklar orttirish imkonini bergan. O‘rta asrlarda Lissabon Yevropa, Afrika va Osiyo davlatlari o‘rtasidagi eng muhim shahar hisoblangan. Aniqrog‘i, savdo-sotiqning katta qismi aynan shu shahar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Dengizchilar uzoq dengiz safarlariga Lissabon shahridan xususan, Vasko da Gamma Lissabon orqali chiqqan.

Portugaliya bugungi kunga kelib Yevropa Ittifoqining nisbatan kam rivojlangan davlatlari qatoriga kiradi.

Biroq o‘rta asrlarda Portugaliya va xususan Lissabon shahri Yevropaning eng kuchli davlat va shaharlaridan biri bo‘lganini bugungi kunga qadar saqlanib qolgan qasrlar, saroy va cherkovlar misolida ko‘rish mumkin.

Portugaliya qirollari saroyi
Lissabon shahri o‘zining “Golden Gate Bridge”iga ega. Ushbu ko‘prik San-Fransiskodagi mashhur ko‘prikka juda o‘xshaydi.

Xuddi Porto shahridek, Lissabon ham ko‘p tor ko‘chalardan iborat.

Cherkovlar va katedrallar tepaliklarda qurilgan. Aynan shu joylardan shahardagi eng chiroyli manzaralarni ko‘rsa bo‘ladi.

Lissabon shahridan 30 km uzoqlikda Sintra deb nomlangan shaharcha bor. Ushbu joy o‘zining tabiati va shaharning go‘zalligi bilan e'tiborni tortadi.

Shahar tog‘li hududda joylashgan bo‘lib, tog‘ning ustida qasr – Castelo dos Mouros – joylashgan. Unga ko‘tarilish ancha vaqt va kuch talab etadi. Shunga qaramasdan albatta ko‘tarilib, shaharning ajoyib manzarasini ko‘rmaslikning iloji yo‘q edi.

Lissabon shahridagi oxirgi manzil Yevrosiyoning eng g‘arbiy nuqtasi – Kabo da Roka deb nomlangan joyga bo‘ldi. Ushbu manzil o‘rta asrlar davomida “dunyoning tugashi” yoki “Yerning burchagi” deb nom olgan. Ya'ni odamlar ushbu joydan so‘ng Yer tugaydi, shu Yerning oxirgi nuqtasi deb bilishgan.

Mahkam Hamidov
UzbekLife kolumnisti

Mavzuga oid