Senat: Yakkabog‘ va Uzun tuman kengashlari fermerlarning yerini olib qo‘yish haqida qonunlarga zid ravishda qaror chiqargan
Bugun Senatning 17-yalpi majlisida Qashqadaryoda Yakkabog‘ tuman kengashi, Surxondaryoda Uzun tumani kengashi fermerlarning yerini olib qo‘yish haqida qonunlarga zid ravishda qaror chiqargani muhokama qilingan. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.
Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisida xalq deputatlari Yakkabog‘ tuman kengashining 2021 yil 23 martdagi «Yakkabog‘ tumanidagi «Abduqodir hamkor», «Nodirbek Asilbek chorva», «Shaxboz Sardor Shohjahon» fermer xo‘jaliklari hamda «Qoplan dara», «Qoplan dara shahzodasi» MChJ shaklidagi agrofirmalarga tegishli yer maydonlari maqsadsiz foydalanib kelayotganligi sababli tuman zaxira fondiga qaytarish to‘g‘risida»gi hamda xalq deputatlari Uzun tuman kengashining 2020 yil 9 noyabrda qabul qilingan «Tumandagi paxta-g‘alla ekini uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali-oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida»gi qarorlari muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, yuqoridagi ikkita qaror Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Unda ma'lum bo‘lishicha, Yakkabog‘ tuman hokimining 2020 yil 18 maydagi qaroriga asosan, «Qoplon dara shahzodasi» MChJ shaklidagi agrofirmaga quyonchilikni rivojlantirish uchun tuman zaxira fondidan uzoq muddatli ijara shartnoma asosida 17 gektar yer maydoni ajratilgan. Shundan so‘ng, tuman hokimligi hamda «Qoplon dara shaxzodasi» MChJ shaklidagi agrofirma o‘rtasida 49 yil muddatga yer ijara shartnomasi tuzilgan.
Xalq deputatlari Yakkabog‘ tuman kengashining 2021 yil 23 martdagi qaroriga asosan esa «Qoplon dara shahzodasi» MChJ shaklidagi agrofirma hamda yana qator fermer xo‘jaliklariga yer maydonlari ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarorlari bekor qilinib, yer maydonlari tuman zaxira fondiga qaytarilgan.
Mazkur qaror amaldagi qonunchilik hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan. Ya'ni tomonlar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lgan har qanday hollarda yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini tugatish faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. Undan kelib chiqilsa, xalq deputatlari Yakkabog‘ tumani kengashi tomonidan fermer xo‘jaliklariga yer maydonlari ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarorlari qonun hujjatlari talablariga zid ravishda bekor qilinib, yer maydonlari tuman zaxira fondiga qaytarilgan.
Shuningdek, Uzun tumani hokimining 2020 yil 26 martdagi qarori bilan fuqaro I.Murtazayevga paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 52,7 gektar yer maydoni ajratilgan. Hujjatga asosan, 2020 yil 11 aprelda tuman hokimligi va «Zamin Sulton Baraka» fermer xo‘jaligi rahbari I.Murtazayev o‘rtasida yerdan foydalanish bo‘yicha 31 yilga mo‘ljallangan ijara shartnomasi tuzilgan.
Xalq deputatlari Uzun tuman kengashining 2020 yil 9 noyabrdagi «Tumandagi paxta-g‘alla ekini uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali-oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida»gi qarori bilan «Zamin Sulton Baraka» hamda yana 35 ta fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomalari muddatidan oldin bekor qilinib, yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan. Ushbu qaror ham amaldagi bir qator qonunchilik hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan.
Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga ko‘ra, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin. Xalq deputatlari Uzun tumani kengashining 2020 yil 9 noyabrdagi qarori bilan tuman hokimligi hamda «Zamin Sulton Baraka», shuningdek, yana 35 ta fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomalari yuqoridagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda bekor qilingan.
«Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga muvofiq ma'muriy tartib-taomillar prinsiplariga nomuvofiqlik ma'muriy hujjatlarning va ma'muriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta ko‘rib chiqilishiga olib keladi. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashi kotibiyati tomonidan mazkur qarorning qonuniyligi o‘rganib chiqilib, amaldagi qonunchilikka zid ravishda qabul qilingan, deb topilgan hamda «Zamin Sulton Baraka» fermer xo‘jaligiga tegishli qismi bekor qilingan.
Ta'kidlanishicha, ko‘rilgan masalalar yuzasidan Senat qarori qabul qilingan.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
15:48 / 20.11.2024