Sport | 12:54 / 03.08.2021
43992
6 daqiqa o‘qiladi

«Mourino yana bir marta suratga tushishga tayyorligini aytdi» – Shomurodovning agenti transfer qanday amalga oshgani haqida

Agent German Tkachenko Eldor Shomurodovning transferi bo‘yicha batafsil gapirib berdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiyaning «Roma» klubi bilan shartnoma imzoladi. Joze Mourinoning tashabbusi bilan amalga oshgan transfer uchun rimliklar 17,5 million yevroning bahridan o‘tishdi. Bu transfer nafaqat o‘zbek futbolida, balki Rossiya va Italiyada ham keng muhokama qilinmoqda.

Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashri Eldorga agentlik xizmatini ko‘rsatuvchi ProSpors Management kompaniyasi boshlig‘i German Tkachenko bilan suhbat uyushtirib, transfer haqida so‘radi.

– Hozirgina «Roma» Shomurodovning transferini e'lon qildi. Oddiy yigitning top-klubda paydo bo‘lishi tashqaridan qaraganda ertakka o‘xshaydi.

– Shomurodovning «Roma»ga o‘tishi ertak emas. Bu transferda 90 foiz Eldorning mehnati rol o‘ynagan bo‘lsa, qolgan 10 foizida biz shunchaki o‘z ishimizni to‘g‘ri qildik. Albatta, bu avvalo Eldorning mehnati, iste'dodi evaziga sodir bo‘ldi. Gap faqat Italiyadagi dastlabki 10 oyda urilgan 8 golda ham emas. U jamoaviy harakatlarda yaxshi o‘ynadi, sheriklariga bo‘shliq yaratib berdi, himoyada ham yordam ko‘rsatdi.

Qisqa muddatda uni «Jyenoa» klubidagilar, sheriklari va ko‘plab muxlislar yoqtirib qolishdi. Umuman olganda, A Seriya uni zo‘r kutib oldi. Bu qishki transfer oynasi vaqtidayoq – katta klublar va jurnalistlarning qo‘ng‘iroqlaridan ma'lum edi.

– Sizning bu borada ishingiz nimadan iborat edi?

– Ishni Toshkentda boshlab, o‘shandayoq qanday harakatlanishni kelishib olgandik. Ya'ni uni avval unchalik katta bo‘lmagan rus klubida o‘ynatish orqali Yevropaga olib borishga harakat qilish haqida o‘ylagandik. Uning avvaliga Rossiyaga, keyin Italiyaga moslashishiga yordam berdik. Italiyada Eldorning dastlabki uch oy hayotida bizning xodimimiz u bilan birga bo‘lib deyarli barcha maishiy tashvishlarigacha hal qilib turdi.

Keyin Eldorni italyanchani o‘rganishga majburladik, desam ham bo‘ladi. Boshida juda yomon o‘zlashtirdi, hozir esa hammasi yaxshi. Til o‘rgangani unga yangi mamlakatga moslashishga yordam berdi. Shuningdek, professional sheriklarni tanlash ham muhim omil hisoblanadi. Italiyada aka-uka Jifruddalarning GG11 kompaniyasi bilan hamkorlik qilamiz. Ular haqiqiy professional yigitlar. Yana takrorlayman, Eldorning transferi avvalo uning mehnati va karerani tashkil etishdagi professionalligi yordamida amalga oshdi.

– «Roma»ning qiziqishi qachondan boshlangandi?

– Real qiziqish uch hafta oldin paydo bo‘ldi, oldingilari faqat mish-mish edi. «Jyenoa» taklif borligi va jiddiyligi haqida bizni xabardor qildi. Shu tariqa barchasi boshlanib ketdi.

– «Jyenoa» ham katta klub, lekin «Roma» boshqacha daraja. Ikki klub bilan ishlashda farq bormi?

– Men ularni solishtirmagan bo‘lardim, chunki «Jyenoa» biz uchun ko‘p narsani anglatadi. Bu jamoaga doim yaxshi munosabatda bo‘lamiz. Aynan ular Eldorni olib kelib, Italiyaga tanitishdi. «Roma» bilan ishlash chindan hayratlanarli. Ular har bir detalga jiddiy va aniqlik bilan e'tibor qaratishadi. Shartnoma boshlangan vaqtda bizga transfer haqida hech qayerda e'lon qilmasligimiz, hatto bunga ishora qilmaslik kerakligi haqida talab qo‘yildi. Futbolchiga ham, albatta.

Rimga tibbiy ko‘rikdan o‘tishga borganimizda esa qanday kiyinish, qanday ko‘ylakda, qanday oyoq kiyimda bo‘lish va hatto qanday harakatlanish bo‘yicha instruksiya oldik. Men hali futbolchi bilan shartnoma imzolamay bizni boshqaryapsizlar, deb hazillashib qo‘ydim. Menga jurnalist (insayder) Janluka Di Marsio qo‘ng‘iroq qilib, transfer haqida minimum ma'lumot chiqayotganidan hayratda ekanini aytdi. Italiyadagilar Eldor Rimga qachon borishini ham bilmay qolishdi.

O‘zbekistonda qandaydir feyk akkauntlar paydo bo‘lib mish-mishlar tarqatdi, lekin ularga bizning aloqamiz yo‘q. Men tadbirkor sifatida aytishim mumkinki, ishga bu qadar professional yondashish kamdan kam bo‘ladi.

– Eldor «Roma»ning qiziqishini qanday qabul qildi?

– U juda xotirjam yigit. Shunday variant borligini aytganimizda «Oho, chindanmi?» dedi xolos. Bu vaqtda u «Jyenoa» yig‘inida edi. U bilan hozirgi transfer oynasi vaqtida mamlakatni almashtirmaslikka kelishgandik. Klubga esa ham ularni, ham futbolchini qanoatlantiradigan taklif bo‘lsagina o‘ylab ko‘rishimizni aytgandik. Mana, shunday taklif bo‘ldi.

– «Roma» deganda hozir Joze Mourinoni tushunishmoqda. Eldor u bilan gaplashdimi?

– «Jyenoa»ning roziligi bilan ular telefonda gaplashishgan. Joze undan hol-ahvol so‘ragan. Ular Portugaliyada ko‘rishishdi. Joze Eldorni tabassum bilan kutib oldi va yana bir marta rasmga tushishga tayyorligini aytdi. Ikki yil avval ular Moskvada ko‘rishib, suratga tushishgandi. Umuman olganda, hammasi yaxshi.

– Bu ijarami yoki to‘liq transfermi?

– To‘liq transfer.

Mavzuga oid