Jamiyat | 15:20 / 03.08.2021
3080
2 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabzda vaksina olish uchun poliklinikaga borgan fuqaro quvib chiqarilgani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz shahrida yashovchi fuqaro 2-oilaviy poliklinikada koronavirusga qarshi vaksina olmoqchi bo‘lgani, ammo u yerdagi xodimlar unga qo‘pol muomalada bo‘lib, haydab chiqarishgani, poliklinikada sharoit ham qoniqarli emasligini ma'lum qilgan. Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur xabar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, videomurojaatda qayd etilgan holat joriy yil 26 iyul kuni Shahrisabz shahridagi 2-oilaviy poliklinikada emas, 1-oilaviy poliklinikada sodir bo‘lgan. Shu kuni murojaat muallifi, fuqaro B.R. mazkur poliklinikadagi emlash punktiga koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina olish uchun murojaat qilib, o‘zi va qarindoshlari uchun 5 ta Sputnik V vaksinasini berishlarini talab qilgan.

Tibbiyot xodimlari mazkur turdagi vaksina avval shunday vaksina bilan emlanganlarga taqsimot qilib bo‘linganidan so‘ng berilishini, mazkur emlash punktida o‘sha paytda fuqarolar ZF-UZ-VAS 2001 va AstraZeneca bilan emlanayotganini tushuntirishga harakat qilishgan. Ammo fuqaro ularning gaplariga quloq solmasdan janjal ko‘targan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, emlash xonasining 2 nafar hamshirasiga fuqaro bilan muloqotda tegishli deontologiya qoidalariga amal qilmaganliklari uchun hayfsan intizomiy jazosi berilgan.

Ta'kidlanishicha, Shahrisabz shahridagi 1-oilaviy poliklinika binosi 1968 yilda qurilgan. Joriy yilda mazkur poliklinikaning 150 qatnovga mo‘ljallangan binosini qayta qurish uchun mablag‘ ajratilgan. Ayni paytda bu yerda qurilish-ta'mirlash ishlari boshlanganligi sababli xonalar yetishmasligi va boshqa noqulayliklar kuzatilgan. Mazkur noqulayliklarga barham berish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

Mavzuga oid