Sport | 20:32 / 03.08.2021
14980
5 daqiqa o‘qiladi

Internetda triatlonchi qiz munosib taqdirlanmagani muhokama qilindi. Aslida nima bo‘lgandi?

Internetda triatlon bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan qizga iPhone emas, uning g‘ilofi sovg‘a qilingani borasida video tarqaldi. Chindan ham shunday bo‘lganmidi? Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Qarshida bo‘ldik.

Qarshilik 16 yoshli Feruza Eliyeva triatlon bo‘yicha o‘z yosh toifasida Markaziy Osiyo va O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. 5 yildan buyon triatlon bilan shug‘ullanayotgan 16 yoshli qizga bu g‘alabalari uchun musobaqa tashkilotchilari tomonidan sport atributlari va telefon g‘ilofi sovg‘a qilingan.

Feruza Eliyeva

«Qizim joriy yilning 5-6 iyun kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo kubogida o‘z yosh toifasida birinchi o‘rin, ayollar o‘rtasidagi bahslarda beshinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston chempionatida ham yosh toifasida birinchi, ayollar o‘rtasida uchinchi o‘rinni egalladi. Ochig‘i, bu muvaffaqiyati hammamizni nihoyatda ruhlantirdi.

Uch-to‘rt yil avval Feruzaning musobaqalarda qatnashishi uchun transport, yotoqxona va sport jihozlarini o‘zimiz hisobimizdan to‘lardik. Masalan, triatlonda foydalanish mumkin bo‘lgan professional velosipedning narxi 40 million so‘mgacha. Bunaqasini olib berishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Shu sababli qizim ikki-uch yil «tanka» nomli velosipedda mashq qildi. Uning og‘irligi 25 kilogrammdan kam emasdi. Taqqoslash uchun aytaman, sport velosipedlari 3-5 kilogramm atrofida bo‘ladi.

Feruza muvaffaqiyatga erisha boshlagach, Qashqadaryo viloyati texnik va amaliy sport turlari bo‘yicha «Vatanparvar» markazi homiylik qila boshladi. Markaz musobaqalarda qatnashishi uchun transport bilan ta'minlab kelyapti. Shuningdek, biroz eski bo‘lsa ham (12 yil avval xarid qilingan) velosiped ajratdi», deydi Ibodulla Chuliyev.

Ibodulla aka hozirgi vaqtda qizi Feruzaning sport bilan ko‘ngildagidek shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib berilmayotgani uning irodasiga salbiy ta'sir qilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

«Sportchining muvaffaqiyati omili ikkita. Biri jismoniy, ikkinchisi ruhiy quvvat. Jismoniy kuchi sabab qizim chempion bo‘ldi, ammo unga ruhiy rag‘bat berilmadi. Masalan, Feruzaning Markaziy Osiyo va O‘zbekiston chempioni bo‘lgani haqida viloyat mas'ullariga xabar berildi. Ammo uni ikki dona gul bilan kutib olish ham kimlargadir malol keldi. Pul yoki qandaydir mukofot kerakmasdi, ozgina bo‘lsa-da e'tirofning o‘zi ham katta ruhiy quvvat bo‘lardi. Biz chempion farzandlarimizni oddiygina kutib olishga ham yaramadik, ular yolg‘iz uyga kirib kelishdi. Mana shu alam qildi», deydi Chuliyev.

Ibodulla Chuliyev

Ma'lum bo‘lishicha, Feruza Eliyevaning muvaffaqiyati viloyat jamoatchiligi, xususan sportga mas'ul tashkilotlar tomonidan umuman e'tiborga olinmagan.

«Dastlab suzishni o‘rgandim. Keyin triatlon bilan shug‘ullanish taklifini berishdi. Chunki ushbu sport turida qizlar kam. Triatlon menga yoqdi. Bunda qaysidir bosqichda ortda qolsangiz, keyingi bosqichda jismoniy imkoniyatingiz yoki irodangiz bilan raqiblaringizga yetib olasiz. Shu o‘rinda mening muvaffaqiyatga erishishimda qo‘llab-quvvatlagan, tarbiyalagan murabbiylarimdan, xususan, Yulduz Jo‘rayeva hamda doim yonimda bo‘lgan, dalda bergan dadamdan minnatdorman. Musobaqa va mashg‘ulotlarda juda ko‘p jarohat olaman, mana shunday vaqtlarda dadam qo‘llab-quvvatlab turadilar», deydi Feruza Eliyeva.

Ibodulla Chuliyev qizining kuchiga, irodasiga ishonar ekan, kelgusidagi maqsadlarini ham bildirdi. Shu kunga qadar Feruzani shug‘ullantirish uchun Rossiyadan o‘ziga taklif bildirilganini ma'lum qilar ekan, hozircha bunday takliflarni rad etayotganini ma'lum qildi.

«Qizim Osiyo chempioni bo‘ldi, men bu bilan to‘xtamayman. Menga mayli moliyaviy tomondan emas, ruhiy ko‘mak berib turishsa ham jahon, olimpiada chempionini tayyorlay olaman», deydi Ibodulla Chuliyev.

iPhone berilishi kerakmidi?

Shov-shuvga sabab bo‘lgan ushbu mavzuga Triatlon federatsiyasi munosabat bildirdi. Bayonot Olamsport.com saytida e'lon qilingan. Unda aytilishicha, Triatlon federatsiyasi Eliyevaga iPhone yoki boshqa turdagi smartfon sovg‘a qilishni va'da bermagan. Bu borada federatsiya tomonidan «Vatanparvar» tashkilotiga so‘rov yuborilgan. Bayonotda musobaqa nizomi ham eslatilgan va unda sportchilarni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash ko‘zda tutilmagani aytilgan. Shuningdek, Feruza Eliyeva O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosi emasligi ta'kidlangan.

Ya'ni, bu holatda protokol bo‘yicha qandaydir noto‘g‘ri ish bo‘lmagan. Qizning otasi ham bu borada e'tiroz bildirmagan. Shunchaki, sportning yozilmagan qoidalari amalga kirmagani sportchi qizni va otasini ranjitgan...

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid