Jahon | 00:00 / 04.08.2021
9618
2 daqiqa o‘qiladi

Panama bayrog‘i ostida harakatlangan tanker BAA sohillari yaqinida egallab olindi

Panama bayrog‘i ostida harakatlangan Asphalt Princess tankeri Ummon ko‘rfazida noma'lum kishilar tomonidan egallab olindi. Bu haqda xavfsizlik idoralaridagi manbalarga tayanib Sky News britan nashri xabar berdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, BAAning Xor-Fakkan shahridan Ummondagi Suhar portiga yo‘l olayotgan kema bortiga 9 nafar qurollangan kishi chiqib, uni egallab olgan. The Times nashri manbalariga ko‘ra, Britaniya maxsus xizmatlari ushbu hodisaga “Eron harbiylari yoki ularning ittifoqdoshlari aloqador bo‘lishi mumkinligini” taxmin qilmoqda.

Britaniya dengiz savdosi tashkilotining (UKMTO) ma'lum qilishicha, kemaga hujum BAAning Al-Fujayra portidan 100 km uzoqda Ummon ko‘rfazida sodir etilgan. 

Shu bilan birga, Sky News nashri OAVda egallab olingan kema Singapur bayrog‘i ostida suzuvchi Golden Brilliant tankeri ekani haqida paydo bo‘lgan axborotni tasdiqlamagan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Golden Brilliant hamda Queen Ematha, Jag Pooja va Abyss tankerlari boshqaruvni yo‘qotgani haqida ma'lum qilgan.

O‘tgan haftada UKMTO Arabiston dengizida isroillik milliarder Eyal Oferga tegishli Mercer Street tankeriga hujum qilinganini ma'lum qilgandi. O‘shanda dastlab hujumni qaroqchilar sodir etgani taxmin qilingan. Biroq keyinroq kemaga dron yordamida hujum qilingani ma'lum qilingan. Hujum oqibatida kema ekipajining 2 a'zosi halok bo‘lgan.

Britaniya tashqi ishlar vazirligi va AQSh davlat departamentida tankerga hujum uchun Eron javobgar ekani aytilgan. Tehronning ta'kidlashicha, bu ayblovlar siyosiy motivlashgan hisoblanadi.

Mavzuga oid