O‘zbekiston | 10:24 / 06.08.2021
3148
2 daqiqa o‘qiladi

Amudaryoda loyiha qiymati 3,5 mlrd so‘mlik yangi masjid qurilmoqda

Amudaryo tumanidagi Qipchoq shaharchasidagi “Hoji eshon bobo” jome' masjidi binosi qurilishi boshlandi. Shu munosabat bilan shaharchada masjidga tamal toshi qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Unda Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Baxtjon Habibullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qoziyati qozisi Shamsuddin Bahouddinov va tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ishtirok etgan.

“Hoji eshon bobo” jome' masjidi ham katta yo‘l yoqasida joylashgan. Hudud mahalliy yo‘lovchilarning ibodatlarini ado etib olishlari uchun qulay joy hisoblanadi. Masjidning eski binosi 1989 yilda qurilgan. 1-2 bo‘lmadan iborat bu inshoot hozirgi kun talabiga javob bermaydi. Shu bois, 6 sotixdan ortiq maydonda hashar yo‘li bilan tadbirkorlar va xayriya qiluvchilarning homiylik yordami hisobiga qurilayotgan yangi masjid 1000 kishini sig‘dira oladigan katta xonaqoh, namozxona, tahoratxona, qo‘shimcha ma'muriy xonalardan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan.

Qo‘shimcha 80 sotix yer maydonida esa obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida ignabargli, manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekilishi, yashil maysalar bilan qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, taxminiy qiymati 3,5 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan loyihaga ko‘ra, qurilayotgan ushbu yangi binoni tabiiy gaz va elektr, aloqa tarmoqlariga ulash, ibodatchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ham ko‘zda tutilmoqda.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida yana 15 ta masjid ish boshlashi arafasida turibdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Chimboy va Taxtako‘pirda yangi masjidlar foydalanishga topshirilgandi.

Mavzuga oid