Jamiyat | 10:33 / 06.08.2021
10440
4 daqiqa o‘qiladi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita «Al-Azhar»da o‘qish uchun murojaat qilgan 204 kishining 203 nafariga tavsiya xati berdi

Misrda joylashgan «Al-Azhar» majmuasi va uning tasarrufidagi ta'lim muassasalarida o‘qish maqsadida murojaat qilgan fuqarolarning arizalari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy diniy ta'lim muassasalarida ta'lim olishiga ko‘maklashish bo‘yicha Maslahat kengashi» tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, qo‘mitaga murojaat qilgan jami 204 kishidan 203 nafariga tavsiya xati berilgan. 1 nafar fuqaroga 18 yoshga to‘lmagani sababli tavsiya xati berish rad etilgan.

«Maslahat kengashi huzuridagi Ishchi guruhi tomonidan «Al-Azhar» majmuasi va uning tasarrufidagi ta'lim muassasalarida o‘qishga tavsiya etilgan fuqarolar ro‘yxati qo‘mitaning tavsiya xati asosida 2021 yil 30 iyul kuni «Al-Azhar» majmuasi institutlari departamenti administratsiyasining elektron manziliga hamda Misr Arab Respublikasining Toshkentdagi elchixonasiga yuborildi», deyiladi qo‘mita bayonotida.

Shuningdek, «Al-Azhar» majmuasida o‘qishga tavsiya etilgan fuqarolar hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida Misr Arab Respublikasining Toshkentdagi elchixonasiga murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda Misrda ta'lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolari va ularning farzandlarining vizalarini bekor qilib, ortga qaytarish boshlangani haqida ma'lumotlar tarqaldi.

Ushbu xabarlar tarqalishi fonida, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova boshchiligidagi delegatsiya Misrda senator Muhammad Ahmad Abdusalom Haybat bilan uchrashib, u yerda ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar, bolalar huquqlarini himoya qilish, ularni diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy ta'siridan himoyalash bo‘yicha fikr almashdi.

Shuningdek, Aliya Yunusova Qohirada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ham uchrashgan va ularga bolalar huquqlarini himoya qilish, ushbu sohadagi qonunchilik bo‘yicha tushuntirishlar bergan.

Shundan so‘ng, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2021 o‘quv yilidan boshlab “Al-Azhar” majmuasida ta'lim olish yuzasidan murojaatlar qo‘mita huzurida tashkil etilgan O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy diniy ta'lim muassasalarida ta'lim olishiga ko‘maklashish bo‘yicha Maslahat kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi hamda o‘qishga qabul qilish qo‘mita tavsiyasi asosida amalga oshirilishini e'lon qildi.

Qo‘mita ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 avgustdagi «Xorijiy diniy ta'lim muassasalarida ta'lim olish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 651-sonli qarori bilan o‘rnatilganini ta'kidladi.

10 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev Misrdagi «Al-Azhar» majmuasida diniy sohada o‘qimoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarning endi faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tavsiyasi asosida o‘qishga qabul qilinishi – Misr tarafining tashabbusi ekanligini ma'lum qildi.

Eshnayevning aytishicha, O‘zbekiston elchixonasi bergan ma'lumotlarda faqatgina 40 nafar talaba «Al-Azhar»da rasman o‘qishi, qolgan mingdan oshiq fuqarolar nomiga «Al-Azhar»da o‘qish uchun viza olgan, aslida esa turli xil o‘quv markazlarida o‘qishi ma'lum bo‘lgan. Shuningdek, qo‘mita rasmiysi bu kabi tartib faqat Misr bilan emas, balki Saudiya Arabistoni bilan ham xuddi shunday kelishuv borligini bildirgan. 

Mavzuga oid