Jamiyat | 10:44 / 06.08.2021
7487
4 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy fikr: So‘rovnoma qatnashchilarining yarmi emlanishga tayyor, 36 foizi esa emlanishdan bosh tortmoqda

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘zbekistonliklarning COVID-19’ga qarshi emlanish borasidagi fikrlari yuzasidan sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi. So‘rovda barcha hududlardagi erkaklar va xotin-qizlar, yoshlar va katta yoshdagilar, shahar va qishloq joylarida yashovchi fuqarolar ishtirok etgan. Lekin markaz so‘rovda qancha respondent ishtirok etganini ochiqlamagan.

Ma'lum qilinishicha, telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov mamlakat fuqarolarining 53,2 foizi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyorligini ko‘rsatgan. So‘ralganlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i - 36,5 foizi emlanishdan bosh tortmoqda. So‘rovning har o‘ninchi ishtirokchisi esa javob berishga qiynalishini aytgan.

Shuningdek, so‘rov natijalariga ko‘ra, emlanishga tayyorlik mamlakatning erkak aholisi orasida 17,4 foizga yuqori bo‘lib, 60,7 foizni tashkil etadi. Ayollar orasida emlashga tayyorlar va COVID-19ga qarshi emlanishni istamaydiganlar foizi taxminan bir xil: 43,3 foiz kishi emlashni istaydi, 45,2 foizi istamaydi.

Yosh kesimi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyorlikning eng yuqori ko‘rsatkichi 45-54 yoshdagi fuqarolar orasida aniqlanganini ko‘rsatdi. Emlanish borasida bir qarorga kelmagan fuqarolarning eng yuqori darajasi 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida aniqlandi va 28,4 foizni tashkil qildi.

«Siz qancha vaqt ichida COVID-19ga qarshi emlanmoqchisiz?» degan savolga javob berishda 37,1 foiz respondent kelayotgan haftada emlanishga tayyorligini bildirishdi. 25,7 foiz kishining fikriga ko‘ra, ular bir oy ichida emlanishni boshlashlari mumkin. Har o‘ninchi respondent (11,3 foiz), poliklinikaga chaqirilgan taqdirda emlanishga tayyorligini bildirgan. Fuqarolarning kichik foizi (1,6 foizi) emlanishni uzoqroq muddatga kechiktiradi. Har beshinchi respondent emlanishga tayyor bo‘ladigan vaqt haqidagi savolga javob berishga qiynaldi.

Tadqiqotda fuqarolarning emlanishdan bosh tortish sabablari ham aks etgan.

Ma'lum qilinishicha, qatnashchilarning 35,9 foizi vaksinaning ehtimoliy nojo‘ya ta'sirlariga duch kelmaslik uchun emlanishni rad etgan. 34,2 foiz fuqarolar koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga zarurat ko‘rishmayapti va COVID-19ga chalinishi mumkinligiga ishonishmaydi.

Yana 16 foiz ishtirokchilar vaksinaning koronavirusdan samarali himoya qilishiga shubhalanishini ta'kidlagan va 8,6 foiz respondentlar esa emlanishni samarasiz, deb hisoblashini bildirgan.

Shuningdek, tadqiqotda telefon orqali so‘rov o‘tkazish vaqtida emlanish kerakmi yoki yo‘qligi borasida aniq pozitsiyaga ega bo‘lmagan guruh ham aniqlangan.

«Olingan tadqiqot natijalari jamiyatda shakllangan emlanishga qarshi stereotiplarni bartaraf etishga, aholining keng qatlamlariga ma'qullangan va mamlakatimizda qo‘llanilayotgan COVID-19ga qarshi vaksinalar haqida, ular ta'minlaydigan himoya darajasi haqida tekshirilgan ilmiy ma'lumotlarga asoslangan ishonchli axborotni taqdim etishga qaratilgan axborot ishlarini faollashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda», – deyiladi markaz axborotida.

Mavzuga oid