O‘zbekiston | 21:11 / 07.08.2021
22197
3 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘p-ko‘p qo‘shtirnoq ichidagi “aqlli” iqtisodchilar valuta bozori erkinlashishiga keskin qarshi bo‘lgan” - Abdulla Aripov

7 avgust kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda shu yilning 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovida O‘zLiDePning ishtiroki, prezidentlik saylovida O‘zLiDePdan ko‘rsatiladigan bo‘lajak nomzod hamda navbatdagi qurultoy kun tartibidan o‘rin olgan masalalar muhokama etildi.

Partiya Markaziy kengashi raisi Ahtam Hayitov kengash a'zolariga Shavkat Mirziyoyevni bo‘lajak prezidentlik saylovlarida partiya nomzodi sifatida ilgari surish taklifini berdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, O‘zbekiston qahramoni Quvondiq Sanaqulov va boshqa spikerlar o‘tgan 5 yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan jarayonlarining ortga qaytmasligi, yurt va el taqdiri, ertangi kun ushbu o‘zgarishlarning muvaffaqiyatli borishi bilan bevosita bog‘liq ekanini ta'kidlab, tavsiya etilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

O‘zLiDeP siyosiy kengashi a'zolari yakdillik bilan Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga bo‘lajak nomzod sifatida ko‘rsatish taklifini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Yig‘ilishda O‘zLiDeP siyosiy kengashi a'zosi Abdulla Aripov ham ishtirok etib, o‘tgan besh yilda prezident rahbarligida amalga oshirilgan ishlar va islohotlarga to‘xtaldi.

Bosh vazir, xususan, makroiqtisodiy barqarorlik ta'minlanishining asosiy omilini aytib o‘tdi.

Abdulla Aripov

“Bir narsani sizlarga eslatmoqchiman. Besh yil avval valuta bozori qay ahvolda edi? Ko‘p-ko‘p qo‘shtirnoq ichidagi “aqlli” iqtisodchilar valuta bozori erkinlashishiga keskin qarshi bo‘lishgan. Faqatgina hurmatli Shavkat Miromonovichning qat'iyati bilan valuta bozori erkinlashdi. Milliy valuta – so‘mni erkin ayirboshlash imkoniyati yaratildi. Haqiqiy bozor iqtisodiyotini barpo etish maqsadida qabul qilingan ushbu tarixiy qarorlari tufayli makroiqtisodiy barqarorlik ta'minlandi”, – dedi Aripov.

To‘liq ma'ruza bilan yuqoridagi video orqali tanishing.

Mavzuga oid