Sud qarori bo‘lsa-da lavozimiga tiklanmayotgan Sayxunobod moliya bo‘limi sobiq mudiri ishi respublika MIB nazoratiga olingani ma'lum qilindi
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani moliya bo‘limi sobiq mudiri Mavlon Shergaziyevning ishga tiklanish masalasi Respublika MIB ish yurituviga olingan, deb ma'lum qildi Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i Ahrorbek Arziyev.
“Haqiqatan ham Mavlon Shergaziyevni sud qaroriga asosan Sayxunobod moliya bo‘limi mudiri yoki unga tenglashtirilgan lavozimga ishga tiklash belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining moliya organlariga ishga tiklash to‘g‘risida maxsus farmonlari bor. Farmon talabiga ko‘ra, moliya organlari mudiri lavozimiga ishga tayinlash tartibi boshqacharoq.
Ya'ni qanday? Ushbu lavozimga nomzodni tuman hokimi tavsiya etadi, moliya vaziri bu taklifga rozilik bildiradi, shundan so‘ng nomzod tegishli hududiy kengash tomonidan lavozimga tayinlanadi. Ya'ni tuman moliya bo‘limi boshlig‘i xalq deputatlari tuman/shahar kengashi, viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Mavlon Shergaziyevning nima uchun shu paytgacha Sayxunobod moliya bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlamayotganiga ochiqlik kiritish maqsadida bularni aytib o‘tyapman. Mazkur masalani ko‘rib chiqish vakolati tuman kengashi deputatlariga berilgan.
MIBning Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi va Sayxunobod tumani bo‘limi hokimlikka xat kiritgan. Albatta, sud qarorida ham Shergaziyev tuman moliya bo‘limi mudiri lavozimiga yoki unga tenglashtirilgan lavozimga tayinlansin deb belgilangani uchun hokimlik tomonidan boshqa lavozim tavsiya etilgan. Chunki tuman moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimi ayni paytda band hisoblanadi. Lekin Shergaziyev tuman moliya bo‘limi boshliqligi yoki boshqa bir lavozim berilishini so‘ragan.
Shu yilning iyun oyida Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha respublika kengashi nomidan bu masalani o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun Sirdaryo viloyati hokimiga yo‘llanma xat kiritganmiz. Ayni paytda ushbu masala ko‘rib chiqilyapti. Shergaziyevga tuman moliya bo‘limi mudirligi yoki unga teng boshqa lavozim tavsiya etiladi.
Bu masala Kun.uz’da ham yoritilgan, bundan ham xabarimiz bor. Hozir rahbarimiz ko‘rsatmasiga asosan bu ijro hujjatini Respublika MIB ish yurituviga oldik. Endi bu masala bilan o‘zimiz shug‘ullanamiz va natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beramiz”, – deya MIB Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hujjatlarini ijro etish bo‘limi boshlig‘i Ahrorbek Arziyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
MIB huquqiy ta'minlash va xalqaro huquqiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nasimxon Burhonov ijro etilmayotgan sud qarori tizimning kamchiligi, davlat ijrochisining kamchiligi ekanini ta'kidladi.
“Haqiqatda bunday holatlar bor. Prezidentimizning o‘tgan yilgi qarorlarida shunga urg‘u berib ketildi: sud qarorining bajarilishiga to‘sqinlik qilish yoki aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etish to‘g‘risida qo‘shimcha topshiriq berildi. Hozir qonun loyihasini ishlab chiqyapmiz, yaqin kunlarda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Agar sud qarori ijro etilmayotgan bo‘lsa, bu bizning kamchiligimiz, davlat ijrochisining kamchiligi. Mayli, kim aralashishgan bo‘lsa ham prokuratura organlarining sud qarorlarining bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan yoki bajarmayotgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rish uchun yetarli instrumentlar bor, ular qonun hujjatlari bilan mustahkamlab qo‘yilgan.
Davlat ijrochisi sud qarori ijrosini ta'minlamayotgan bo‘lsa yoki harakatsizlik qilayotgan bo‘lsa, uning masalasi ko‘rib chiqiladi, bundan tashqari, sud qarori ijrosini so‘zsiz ta'minlash choralari ham ko‘riladi”, – deydi Nasimxon Burhonov.
Eslatib o‘tamiz, Mavlon Shergaziyev 2011 yildan 2013 yilga qadar Sayxunobod tuman moliya bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan paytida unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 210-modda bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. U 2019 yil avgustga kelib oqlangan va ishga tiklash masalasida sudga murojaat qilgan.
FIB Sirdaryo tumanlararo sudi 2020 yil 18 sentyabr kuni hal qiluv qarori chiqarib, javobgar Sayxunobod tuman hokimligi va Sirdaryo viloyat moliya boshqarmasiga M.Shergaziyevni Sayxunobod tuman moliya bo‘limi mudiri yoki shunga tenglashtirilgan lavozimga ishga tiklash va 2013 yildan hozirgacha bo‘lgan muddatni umumiy mehnat stajiga va ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga qo‘shish majburiyatini yuklaydi. Biroq ushbu sud qarori hozirga qadar ijro etilmay kelmoqda.
MIB direktorining birinchi o‘rinbosari Shavkat Haydarov 6 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 643 nafar fuqaro MIB tomonidan ishga tiklangani, ularga to‘lanmay qolgan 32,5 mlrd so‘mlik ish haqi undirib berilganini aytgan edi.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024