O‘zbekiston | 23:25 / 07.08.2021
35325
3 daqiqa o‘qiladi

“Yomon pismiq virus-da bu!” - Allamjonov kafe-restoranlarga cheklovni satira qildi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov kafe va restoranlarga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Arxiv foto: Komil Allamjonovning Telegram-kanali

U Telegram'dagi kanalida qoldirgan postda umumiy ovqatlanish obektlariga qo‘yilgan jiddiy cheklovlarni hazilomuz tarzda tanqid qiladi.

“Bilmaganlar bilib qo‘ysin!

Koronavirus avtobusda emas, metroda emas, ishxonada emas, aynan restoranda, soat 20:00dan keyin paydo bo‘ladi.

Soat 20:00gacha u bekinib o‘tiradi. Zolushkaning aravasi tungi 12da qovoqqa aylanib qolgani kabi. Yomon pismiq virus-da bu. Biladi-da hamma 20:00dan keyin restoranga yopirilib borishini.

Va aynan 20:00 dan keyin, e'tibor bering shu joyiga, aaaynan restoranga yoki kafega boradi. To‘yxonaga ham emas, ishxonaga ham emas, aaaynan restoran va kafega”, – deya yozdi Allamjonov.

“Bu masalani jiddiy ko‘rib chiqish fursati keldi, deb o‘ylayman”, deya qo‘shimcha qilgan Mass-media fondi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, epidemiologik vaziyat yomonlasha borgach, Maxsus komissiya 28 iyundan boshlab umumiy ovqatlanish shoxobchalari va ko‘ngilochar obektlar faoliyatini kunduzi 08:00–20:00gacha deya cheklab qo‘ydi.

20 iyuldan boshlab esa cheklov kuchaytirildi: shu kundan boshlab, kafe va restoranlarga yopiq binolarda ishlash taqiqlandi; taom yetkazib berish xizmatlarining ish vaqti 8:00–23:00 deb belgilandi.

Orada deputatlar xodimlarini yetarli miqdorda emlagan kafe va restoranlarga nisbatan karantin talablarini yumshatishni taklif qildi, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi ham shunga o‘xshash yangilik kutilayotganini bildirdi, biroq bu amalga oshgani yo‘q.

Kun.uz'ga murojaat qilgan restoran va kafelar egalari cheklov sabab qiyin vaziyatga tushib qolgani, kundalik tushum tushib ketgani, agar cheklovlarda yengilliklar berilmasa, ish o‘rinlarini qisqartirishga majbur bo‘lishlari, bu yil o‘tgan yildan farqli ravishda karantin paytida soliq imtiyozlari ham yo‘qligi haqida so‘zlab bergandi.

Avvalroq tadbirkor Zafar Hoshimov koronavirusga qarshi kurashda kafe-restoranlarni “qurbon qilmaslikka” chaqirgan edi.

Mavzuga oid