Gretsiya olov ichida. Rossiya va AQShda ham dahshatli o‘rmon yong‘inlari. Barchasi bemisl issiq tufayli
Gretsiya, Sharqiy Sibir va AQShning Tinch okeani sohillarida halokatli o‘rmon yong‘inlari avj olmoqda. Minglab kishilarni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan, katta moddiy zarar yetkazilgan. Bunday musibatning sababi anomal darajadagi yuqori haroratdir.
«Qo‘rqinchli film»
Gretsiyada bir necha kundan buyon kuchli o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Bu anomal issiq fonida ro‘y berdi - ayrim regionlarda havo harorati Tselsiy bo‘yicha 47 darajagacha ko‘tarilgan.
Gretsiyalik o‘t o‘chiruvchilar mamlakat shimolidagi, turistlar orasida mashhur bo‘lgan Evbeya orolida Elida va Attika regionlari, Kamatriades va Galatsades qishloqlariga yopirilgan olov bilan kurashmoqda. Evbeya - Egey dengizi hududida, Afinadan shimoli-sharqda joylashgan, mamlakatning Kritdan keyingi eng yirik ikkinchi orolidir.
Gretsiya o‘t o‘chirish xizmati vakili ANA axborot agentligiga bergan intervyusida agar olov qalin o‘rmonlargacha yetib borsa, uni to‘xtatib qolish imkonsiz ishga aylanishini aytib o‘tgan.
Dam olish kunlarida Evbeydan mahalliy aholi vakillari va turistlardan iborat ikki mingdan ortiq kishi mamlakatning materikdagi qismiga ko‘chirilgan. Orolni quyuq tutun chulg‘ab olgan, u yerda yuzlab uylar yonmoqda va elektr ta'minoti tizimi jabr ko‘rgan.
Hukumat butun mamlakat bo‘ylab o‘rmon hududiga kirishga taqiq o‘rnatgan, bu taqiqni buzganlar 1000 yevro miqdorida jarimaga tortiladi. Avgust oyi boshidan buyon Gretsiyada jami 150dan ortiq faol yong‘in o‘choqlari qayd etilgan. Bir necha kishi qasddan o‘t yoqishda gumonlanib qo‘lga olingan.
Yevropa o‘rmon yong‘inlari haqida ma'lumot tizimiga ko‘ra, 29 iyuldan 7 avgustga qadar Gretsiyada olov 56655 gektar maydonni qamragan. 2008 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda bu ko‘rsatkichning o‘rtacha miqdori 1700 gektarni tashkil etardi.
Gretsiyada yong‘inlar oqibatida kamida ikki kishining o‘limi tasdiqlangan, o‘nlab kishilar jarohatlangan. Turkiyada esa sakkiz qurbon va o‘nlab kishilar shifoxonaga yotqizilgan.
Gretsiya, unga qo‘shni bo‘lgan Turkiya, Albaniya, Bolgariya va Shimoliy Makedoniyadagi yong‘inlar ikki haftadan buyon davom etmoqda. Yong‘inlar Gretsiyaning materikdagi qismiga ham yopirilmoqda, ammo eng apokaliptik manzaralar Evbeyda kuzatilmoqda.
«Bu qo‘rqinchli filmlarni eslatadi», deya hikoya qiladi Reuters agentligi korrespondentiga parom orqali evakuatsiya qilingan, o‘zini Mina deb tanishtirgan homilador ayol.
Yong‘in bilan kurashda yuzlab o‘t o‘chiruvchilardan (Evbeyning o‘zida 650 kishi) tashqari armiya va mahalliy ko‘ngillilar, shuningdek, 11 samolyot va olti vertolyot ishtirok etmoqda. Gretsiyaga Germaniya, Fransiya, Britaniya, Ispaniya, Shveytsariya, Serbiya, Ruminiya, Isroil, Misr va Kipr o‘z qutqaruvchilarini yuborgan.
Gretsiya aholisi muhofazasi vaziri o‘rinbosari Nikos Xardalios «oldinda og‘ir kechalar va oqshomlar kutayotgani» haqida gapirgandi, dushanba kuni esa u yaxshi yangilikni ma'lum qildi: Afina atrofidagi va butun Peloponnes yarimorolidagi yong‘inlar sekinlasha boshlagan.
Shu bilan birga, suvli sisternalarga ega samolyotlar qo‘llanishi hududlarda quyuq tutun hosil qilib, ko‘rishni qiyinlashtirayotganini qo‘shimcha qilgan.
Xardalios quruq shamollar tufayli poytaxt atrofidagi yong‘inlar qayta boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgan.
O‘tgan haftada olov Afinaga yaqinlashib kelgandi: shahar ko‘chalariga kul yog‘ilgan, o‘nlab uylarga o‘t ketgandi. Hafta oxirida hukumat poytaxtning shimoliy hududlarida yashovchi aholini yoppasiga evakuatsiya qilishga kirishgandi.
Dam olish kunlarida Ioniya dengizida joylashgan Zakintos orolida o‘t o‘chiruvchilar samolyoti qulab tushdi. Hodisadan hech kim jabr ko‘rmagan.
Greklarning bir qismi hukumatning choralari yetarli emas degan fikrda.
«Biz Xudoning qo‘lidamiz. Davlat yo‘q. Agar biz ketsak, uyimiz yonib ketishi aniq», degan «Frans press» muxbiriga evbeylik 26 yoshli Eviya Yannis Selimis.
Bir haftadan oshiq vaqt davomida 40 daraja issiq
Gretsiyadagi hozirgi ofat bir haftadan ortiq vaqt mobaynida havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lishi oqibatida sodir bo‘ldi. Ayrim hududlarda havo harorati 47 darajagacha ko‘tarilgan. Hozirda termometr ustuni 40 darajadan pastga tushgan, ammo mamlakatda 30 yildan buyon bunday issiq kuzatilmagandi.
Global iqlim o‘zgarishi tufayli bunday tabiiy ofatlar yanada ko‘p va vayronkorroq bo‘lib bormoqda. Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bu yilgi yoz butun dunyodagi skeptiklarga argument bo‘lishi kerakligini aytib o‘tgan.
Yoqutistondagi yong‘inlar
Rossiya sharqidagi Yoqutiston respublikasida o‘rmon yong‘inlari, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 6 mln gektar hududni qamrab olgan - bu Belgiya hududidan ikki barobar katta.
Ayni vaqtga kelib 150dan ortiq yong‘in o‘choqlari o‘chirilgan, yong‘inga qarshi kurashga minglab o‘t o‘chiruvchilar va yuzlab maxsus texnikalar jalb etilgan.
Shanba kuni Yoqutistonning markaziy qismidagi Byas-Kyuyel qishlog‘ida 30 uy yonib ketdi, qishloq aholisi xavfsiz joyga ko‘chirilgan. Yakshanba kuni hukumat Kalvitsi va Xariyalax qishloqlari aholisini ham evakuatsiya qildi.
Dahshatli «Diksi»
13 iyul kuni Kaliforniya shimolida boshlangan va «Diksi» nomini olgan keng ko‘lamli yong‘inlar - shtat tarixidagi ikkinchi eng yirik yong‘indir. Kaliforniyada yana 10dan ortiq yong‘in o‘chog‘i qayd etilgan.
Plumas okrugida uch kishi bedarak yo‘qolgan, minglab kishilar uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Uch o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan, 400dan ortiq uy yonib ketgan. Yong‘in hududi osmonini quyuq tutun qoplagan.
Yakshanba kunigacha yong‘in 198 ming gektar yerni qamrab oldi - bu Los-Anjyelesning umumiy maydonidan ko‘proq.
«Bu xuddi harbiy harakatlar hududidagi kabi holat. Men sevgan va qayg‘urgan barcha narsa yo‘q bo‘ldi», deydi «Frans press» muxbiriga tarixiy Grinvill shahrida yashagan Tami Kugler, u hozirda evakuatsiya qilinganlar uchun lager palatkasida yashamoqda.
Hukumatning ogohlantirishlariga qaramay, aholining bir qismi uylarini tashlab ketishni istamayapti va o‘z kuchi bilan olovga qarshi kurashmoqchi.
Yong‘inga qarshi kurashga 5 mingdan ortiq o‘t o‘chiruvchi jalb qilingan. Ekspertlarning baholashicha, «Diksi»ni butkul bartaraf etish uchun yana kamida ikki hafta kerak bo‘ladi.
Kaliforniyada harorat so‘nggi kunlarda Tselsiy bo‘yicha +38 darajaga yetdi. Prognozlarga ko‘ra harorat pasayishi va havo namligi ortishi kutilmoqda, bu esa olovning shiddatini pasaytiradi.
Tergovning dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, «Diksi»ning boshlanishiga Pacific Gas & Company kompaniyasiga tegishli yuqori voltli liniya ustiga daraxt qulashi sabab bo‘lgan. 2018 yilda bu kompaniya 86 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan «Kemp» yong‘ini uchun aybdor deb topilgandi.
Kaliforniya tarixidagi barcha eng yirik yetti yong‘in 2017 yildan keyin ro‘y bergan. Bu yilgi yong‘inlar ko‘lami o‘tgan yilgisi bilan taqqoslaganda 3,5 barobar kattaroq.
Mavzuga oid
12:54 / 23.12.2024
Toza havo va salomatlik uchun – Kaliforniya shtati 2035 yildan faqat elektromobillar sotuviga ruxsat beradi
00:41 / 06.12.2024
AQShda 7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
22:10 / 28.11.2024
Kaliforniyada 540 milliard dollarlik «oq oltin» zaxirasi topildi
15:31 / 14.10.2024