Xitoyning iqlim siyosati. Bu nima uchun muhim?
Xitoyning uglerod chiqindilari juda katta va u bu borada ham boshqa mamlakatlarni ortda qoldirib, o‘sishda davom etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Xitoyda uglerod chiqindilari keskin kamaytirilmas ekan, dunyo iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda g‘alaba qozona olmasligi mumkin.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinpingning aytishicha, mamlakat 2030 yilgacha uglerod chiqindilarining eng yuqori cho‘qqisiga chiqishni va 2060 yilga borib esa uni nolga tushirishni maqsad qilgan.
U bu ulkan maqsadga qanday erishish mumkinligi haqida hech qanday izoh bermadi.
O‘sish ko‘rsatkichlari
Chiqindilarni kamaytirish bilan bog‘liq muammolarga barcha mamlakatlar duch kelmoqda. Bu muammolarning eng kattasi esa Xitoyda.
Xitoyning aholi jon boshiga chiqindi miqdori AQSh chiqindi miqdorining qariyb yarmiga teng. Ammo 1,4 milliardlik aholining iqtisodiy o‘sishi Xitoyni chiqindilar miqdori bo‘yicha boshqa davlatlardan ancha «ilgarilab» ketishiga sabab bo‘lmoqda.
2006 yilda Xitoy dunyodagi eng yirik karbonat angidrid chiqindisini chiqargan. Hozirgi vaqtda ham dunyodagi issiqxona gazlari chiqindilarining chorakdan ko‘p qismi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ko‘mirdan voz kechish
Ko‘plab ekspertlarning fikricha, Xitoy chiqindilarini kamaytirish mumkin, lekin buning uchun tub o‘zgarishlar zarur.
Mamlakatning asosiy energiya manbayi yillar davomida ko‘mir bo‘lib kelgan. Boz ustiga, ko‘mirdan foydalanish hajmi tobora ortib bormoqda.
Si Jinping Xitoy 2026 yildan e'tiboran ko‘mirdan foydalanishni «bosqichma-bosqich» kamaytirishini aytdi, ammo uning bu va'dasi ba'zi davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan yetarlicha muvaffaqiyatli bo‘lmagani bois tanqid qilindi.
Pekindagi Sinhua universiteti tadqiqotchilari Xitoy elektr energiyasi ishlab chiqarishda 2050 yilgacha ko‘mirdan butunlay voz kechishi, ko‘mirni atom va qayta tiklanadigan energiya bilan almashtirish kerakligini ta'kidlashmoqda.
Ammo Xitoy ko‘mir bilan ishlovchi elektr stansiyalarini yopish u yoqda tursin, hozirda mamlakat bo‘ylab 60dan ortiq joylarda yangi zavodlarni barpo etmoqda.
Parijdagi Atrof-muhit va iqlim fanlari instituti tadqiqotchisi Filipp Siaisning aytishicha, yangi stansiyalar odatda 30-40 yil davomida faoliyat yuritadi. Chiqindilarni kamaytirish uchun esa Xitoy yangi zavodlarning quvvatini kamaytirishi va eskilarini yopishi kerak.
Chiqindilarni nazorat ostida ushlab turish uchun ba'zi elektr stansiyalarini yangilash mumkin. Biroq buni keng miqyosda amalga oshiradigan texnologiya hanuz takomillashtirilmoqda, ko‘plab elektr stansiyalari ham minimal ishlatilgandan keyin yopilishi kerak.
Boshqa tomondan, Xitoy o‘z iqtisodiyotini rivojlantirib, qashshoqlikni kamaytirib borar ekan, o‘tmishda G‘arb davlatlari karbonat angidrid chiqindilari bilan bog‘liq qilgan ishlarni o‘zi ham qilishga haqli ekanini ta'kidlamoqda.
Garchi yangi sarmoyalar kamayayotganga o‘xshasa-da, Xitoy «Bir kamar, bir yo‘l» deb nomlangan loyihasi bilan chet elda ko‘mir yoquvchi elektr stansiyalarni moliyalashtirdi.
Yashil energiyaga o‘tish
Sinhua universiteti tadqiqotchilarining aytishicha, 2050 yilga borib ishlab chiqariladigan quvvatning 90 foizi yadroviy va qayta tiklanadigan manbalardan olinishi kerak.
Quyosh panellari va katta hajmli batareyalar kabi yashil texnologiyalarni ishlab chiqarishda Xitoyning yetakchiligi bu maqsadga erishishda katta yordam berishi mumkin.
Xitoy birinchi marta ko‘plab shaharlarning jiddiy muammosi bo‘lgan havoning ifloslanishiga qarshi kurashish uchun yashil texnologiyalarni qabul qildi.
Ayni paytda hukumat ham mamlakat yashil energiya masalasida neft va gazga xorijiy qaramlikni kamaytirish, millionlab fuqarolarni ish va daromad bilan ta'minlash uchun ulkan iqtisodiy salohiyatga ega, deb hisoblaydi.
«Xitoy allaqachon global energiya almashinuviga rahbarlik qilmoqda. Nisbatan arzon yashil texnologiyani joriy etishimiz sabablaridan biri ham Xitoydir», deydi Overseas Development Institute (ODI) markazi vakili Yue Tsao.
Xitoy boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘proq quyosh energiyasi ishlab chiqaradi. Bu Xitoyning ko‘p sonli aholisi uchun juda ta'sirli bo‘lmasligi mumkin, lekin bu mamlakat qayerga ketayotgani haqida signal beradi.
Mamlakatning shamol energiyasi inshootlari 2020 yilda har qanday boshqa mamlakatnikidan uch baravar ko‘p edi.
Xitoyda 2030 yilgacha qazilmaydigan yonilg‘i manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya ulushi 25 foizni tashkil etadi va ko‘plab kuzatuvchilar bu maqsadga erta erishilishini ta'kidlamoqda.
Elektr transport vositalari
Xitoy elektromobil sotish foizi bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egallaydi. Ammo aholi soniga nazar tashlansa, u boshqa mamlakatlardan sezilarli darajada ko‘p elektromobil ishlab chiqarmoqda va sotib olmoqda. Mamlakatda sotib olingan har 20 mashinadan bittasi elektr energiyasi bilan yuradi.
Ayniqsa, ishlab chiqarish va zaryadlash manbalari hisobga olinsa, elektromobillardan foydalanishning ko‘payishi chiqindilarni qanchalik kamaytirganini hisoblash oson emas.
Biroq tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, elektromobillar butun umri davomida chiqaradigan chiqindilar benzin va dizelnikidan ko‘ra ancha past bo‘ladi.
Bu muhim ma'lumotlar, chunki uglerod chiqindilarining to‘rtdan bir qismi transport tufayli yuzaga keladi. Yo‘l-transport vositalari ham chiqindilarning eng katta manbayi hisoblanadi. Shuningdek, Xitoy 2025 yilga borib dunyoning qolgan qismidan ikki barobar ko‘proq quvvatga ega batareyalar ishlab chiqaradi.
Kuzatuvchilarning aytishicha, bu qayta tiklanadigan energiyani ilgari ilojsiz deb hisoblangan miqyosda saqlash imkonini beradi.
Xitoyda yashil hududlar ortmoqda
Issiqxona gazlari chiqindilarining nolga tushirilishi – Xitoy chiqindi chiqarishni to‘xtatishini anglatmaydi.
Bu shuni anglatadiki, Xitoy har xil yondashuvlarni birlashtirib, chiqindilarni iloji boricha kamaytiradi va qolganini yo‘q qiladi.
O‘simliklar bilan qoplangan yer maydonlarini ko‘paytirish Xitoyga bu borada yordam beradi, chunki o‘simliklar karbonat angidridni o‘zlashtiradi.
Shuningdek, eroziya va ifloslanishni kamaytirish uchun mo‘ljallangan o‘rmon xo‘jaligi dasturlari tufayli Xitoy boshqa mamlakatlarga qaraganda tezroq yashil rangga kirib bormoqda. Bu qisman yiliga bir martadan ko‘proq hosil olish uchun qayta ekilgan dalalarning ham natijasidir.
Navbatda nima bor?
«Agar Xitoy karbonatlashtirilmasa, biz iqlim o‘zgarishini yengib chiqa olmaymiz», deydi Lankaster atrof-muhit markazi professori Devid Tayfild.
Xitoy uzoq muddatli strategiyalarga sodiq qolish va katta miqdordagi sarmoyalarni safarbar etish borasida katta afzalliklarga ega.
Xitoy hukumati oldida ulkan vazifa turibdi. Bundan keyin nimalar sodir bo‘lishi juda muhim.
Mavzuga oid
22:05 / 04.12.2024
Olimlar Arktikadagi dengiz muzlari qachon butunlay erib ketishini hisoblab chiqdi
23:46 / 02.12.2024
Keyingi 30 yil ichida millionlab insonlar «zamonaviy qullik» sharoitiga tushib qolishi mumkinligi aytildi
19:19 / 02.12.2024
Dunyoda unumsiz yer maydonlari Antraktida maydonidan oshib ketdi
22:39 / 30.11.2024