O‘zbekiston | 13:34 / 12.08.2021
30170
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyevaga hayfsan e'lon qilindi

Qashqadaryo viloyati hokimining qarori bilan ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva hayfsan intizomiy jazosini olgan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov xabar berdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Ma'lum qilinishicha, 23 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham muhokama qilingan. Muhokama jarayonida Qarshi tumanida ishlar qoniqarsiz olib borilgani aytilgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 12 avgust kuni yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati hokimining “Intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan «Hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Qarorda yozilishicha, joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan Qarshi tumanida aholidan kelib tushgan murojaatlar soni 67 foizga ko‘paygan. Tumandagi 18 ta saylov uchastkasi mutlaqo talabga javob bermasligi ma'lum qilingan. Bundan tashqari, Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva va boshqa sektorlar rahbarlari og‘ir hududlarga umuman bormagan, ulardagi muammolar bilan qiziqmagan.

Eslatib o‘tamiz, Zoyir Mirzayevning 7 avgustdagi qarori bilan qo‘l ostidagi xodimni haqorat qilgan viloyat moliya boshqarmasi rahbari Fayzulla Yusupov ham hayfsan olgandi.

Mavzuga oid