Sport | 16:22 / 13.08.2021
25981
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident xorijdan legioner sportchi olib kelish tajribasi o‘zini oqlamayotganini aytdi

Prezident 2024 yilda Parijda o‘tkaziladigan navbatdagi Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston kuchli 15talikka kirishga qodirligi, xorijdan legioner sportchi olib kelish amaliyotidan voz kechish kerakligi haqida gapirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev olimpiyachilar bilan uchrashuvda navbatdagi Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish doirasida ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida gapirdi.

«Parijda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Olimpiadaga 100dan ziyod litsenziyani qo‘lga kiritish va medallar bo‘yicha yetakchi 15ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor.

Har bir hudud kesimida Olimpiada o‘yinlariga hozirlik ko‘rish dasturlarini ishlab chiqib, uni tizimli tashkil etish kerak.

Sport ta'lim muassasalarida Paralimpiya bo‘limlarini tashkil etib, ularga 10 foiz qo‘shimcha kvotalar ajratish yaxshi natija berishi mumkin. 

Sportchilarni o‘qitishda ota-onalar tomonidan pul to‘lash tartibini bekor qilish zarur. Shuningdek, bitiruvchilarni oliy ta'lim muassasalariga jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri ikkinchi bosqichga, imtihon sinovlarisiz qabul qilish tizimini ham joriy etishimiz kerak», degan davlat rahbari.

Prezident xorijdan legioner sportchi olib kelish amaliyotini tanqid qildi.

«Shu o‘rinda katta xarajatlar evaziga xorijdan sportchilarni (legioner) olib kelish tajribasi unchalik ham o‘zini oqlamayotganini ochiq aytishimiz kerak. 

Bunday amaliyotdan voz kechib, mahalliy sportchilarimizni tarbiyalashga jiddiy e'tibor qaratadigan payt keldi.

Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni hamda sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak», dedi prezident.

Ma'lumot uchun, Tokio Olimpiadasida ham shunday legioner sportchilar O‘zbekiston sharafini himoya qilishdi. Bular erkin kurashda rossiyalik Magomed Ibragimov va Jabrail Shapiyev, yunon-rum kurashida rossiyalik Rustam Assakalov, velosportda rossiyalik Olga Zabelinskaya, beshkurashda rossiyalik Alisa Faxrutdinova.

O‘zbekiston olimpiadalardagi ishtirokida jami 37 medal (11 oltin, 6 kumush va 20 bronza) qo‘lga kiritgan, shundan faqat 5tasini legionerlar olib bergan (rossiyalik erkin kurashchi Artur Taymazov 1ta oltin va 1ta kumush, Gruziyadan legioner sifatida naturallashtirilgan yunon-rum kurashchisi Aleksandr Dokturashvili 1ta oltin, rossiyalik erkin kurashchi Magomed Ibragimov 1ta kumush, 1ta bronza).

Bundan tashqari, doping tufayli Taymazovning 2008 yilgi Pekin va 2012 yilgi London olimpialarida olgan oltin medallari, yana bir rossiyalik legioner Soslan Tigiyevning Pekin va London olimpiadalarida olgan kumush va bronza medallari bekor qilingan.

Mavzuga oid