O‘zbekiston | 18:24 / 14.08.2021
52334
5 daqiqa o‘qiladi

Oqqo‘rg‘on voqeasi: Ilon zahridan yuzlab marta kuchli zaharga duch kelgan bolajonlar

Oqqo‘rg‘ondagi davlat bog‘chasida 30 nafar bola ovqatdan zaharlandi. Eng achinarlisi, ulardan biri o‘ta og‘ir ahvolda, bolakay sun'iy nafas berish apparatiga ulangan. Ilk bemor kasalxonaga yotqizilganiga 10 kundan oshgan bo‘lsa-da, ular nimadan zaharlangani haligacha aniq emas.

Illyustrativ foto: Kun.uz

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan voqea hozir ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Jami 30 nafar bola ovqatdan zaharlangan va ulardan biri o‘ta og‘ir, yana biri esa og‘ir ahvolda.

Har safargiday, bu voqeada ham dastlabki xabarlar vahimalarga qorishib keldi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali 150dan ortiq bola ovqatdan zaharlangani, 1 bola vafot etgani haqida ma'lumotlar tarqaldi. Ammo keyinchalik Maktabgacha ta'lim vazirligining axborotidan ma'lum bo‘ldiki, Oqqo‘rg‘onda voqea sodir bo‘lgan 5-bog‘chaning o‘zi 136 o‘rinli va unda 25 nafar bola ovqatdan zaharlangan.

Bolalar turli shifoxonalarga joylashtirilgan. Bir bolaning ahvoli shundan buyon o‘ta og‘irligicha qolmoqda.

Bu bog‘chaning bir nafar tarbiyalanuvchisi chindan ham vafot etgan. Ammo o‘limga ovqatdan zaharlanish emas, o‘pka kasalligi sabab bo‘lgani keltirilgan.

Keyinchalik 13 avgust holatiga ko‘ra yana 5 nafar bolada ovqatdan zaharlanish belgilari paydo bo‘lib, jami 30 nafar tarbiyalanuvchida intoksikatsiya sindromi belgilari bilan tibbiyot muassasalariga yotqizilgani ma'lum qilindi.

Dastlabki kundanoq klinik belgilarga ko‘ra bu holatga sabab sifatida botulizm tashxisi gumon qilingan.

Prokuratura Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Botulizm qanday kasallik?

Yuqumli kasalliklar shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Nargiza Yarmuhammedovaning so‘zlariga ko‘ra, yuqumli kasalliklar orasida botulizm eng xavflilaridan biri hisoblanadi va u tufayli o‘lim holatlari ham kuzatilishi mumkin. Kasallik bolalar va keksalarda og‘ir kechadi.

“Botulizm tayoqchalari tabiatda keng tarqalgan. Tuproqda, suvda, jonivorlar organizmida uchraydi hamda qobiqqa o‘ralgan holda uzoq yillar davomida saqlanishi mumkin. Botulizm tayoqchalari havosiz (anaerob) muhitda ko‘payadigan va o‘zidan ilon zahridan yuzlab marta kuchli zahar ishlab chiqaradigan mikroblar bo‘lib, sabzavotlar konservalanganda ular uchun qulay muhit paydo bo‘ladi. Kundalik turmushda bu kasallikning eng ko‘p tarqalishi ham aynan konservalangan bankalar orqali yuzaga keladi.

Sifatsiz tayyorlangan konserva mahsulotlarining ko‘pchilik tomonidan iste'mol qilinishi odamlarning ommaviy ravishda zaharlanishiga olib kelishi mumkin”, – deydi shifokor.

Koronavirus tarqalgan bir paytda...

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevning ma'lum qilishicha, Oqqo‘rg‘ondagi holat bevosita vazirning nazoratida turibdi.

“Koronavirusga qarshi kurash doirasida infeksionist vrachlarga o‘ta yuqori talab bo‘lishiga qaramay, Oqqo‘rg‘onda kasallikka chalingan bemor bolajonlarni davolash uchun eng malakali shifokorlar jalb qilingan. Dori-darmon, tibbiy vositalar ta'minoti yetarli darajada.

Botulizm kasalligi bo‘yicha targ‘ibot ishlariga yetarli e'tibor berilmasligi, umuman kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirishlarga jiddiy qaralmasligi oqibati bu. Chunki bu shunday kasallikki, unga qarshi kurashda davolanishdan ko‘ra profilaktika muhimroq”, – deydi Furqat Sanayev.

Ovqatdan namunalar olish majburiyati

Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayevaning izohlashicha, bolalar bog‘chalariga yeguliklar tayyorlash va saqlash bo‘yicha aniq talablar qo‘yilgan. Bolalarga berilgan har bir ovqatdan namunalar olinadi va muzlatkichda saqlab turiladi. Bordi-yu shunday holatlar aniqlansa, o‘sha namunalar orqali tekshirib, aniqlik kiritiladi.

“Oqqo‘rg‘ondagi holatga kelsak, holat vazirimiz tomonidan nazoratga olingan. Prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘atgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kerakli ma'lumotlar berilyapti.

5-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti autsorsing ta'minotida bo‘lmagan, ya'ni tashkilotning o‘zida yeguliklar tayyorlangan. Ayni paytda zaharlanish aynan nimadan kelib chiqqani sanitariya-epidemiologiya tashkilotlari tomonidan o‘rganilmoqda. Bu borada qo‘shimcha ma'lumot beramiz.

Kasallik turi bo‘yicha taxminlar bo‘lsa-da, SES ish tartibiga ko‘ra, 12 kun ichida aniq javob bo‘ladi. Shundan keyingina bu borada yakuniy ma'lumot berish mumkin”, – dedi MTV rasmiy vakili.

Vaziyatning murakkabligi shundaki, bemor bolalar hozir COVID-19’ga qarshi jiddiy kurash jarayonida shifoxonaga tushib qolganlar. Albatta, ular maxsus bo‘limlarda, palatalarda davolanishadi, alohida shifokorlar tomonidan muolajalar olib boriladi. Lekin baribir, ayniqsa bugungi pandemiya sharoitida bunday holatlar yuz bermasligi choralari ko‘rilishi shart.

Abror Zohidov

Mavzuga oid