Jamiyat | 14:11 / 16.08.2021
28898
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident muftiy oilasiga ta'ziya bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 avgust kuni xastalik tufayli vafot etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning ta'ziyali xonadoniga tashrif buyurib, marhumning oila a'zolariga hamdardlik bildirdi.

Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, Toshkent islom institutida, Marokash davlatining Qaraviyyin universitetida tahsil olib, islom dini asoslarini, arab va fors tillarini chuqur o‘rgangan.

U 1980-2006 yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy masjidida imom noibi, imom-xatib vazifalarida ishlagan. 2000-2006 yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi bo‘lgan.

Usmonxon Alimov 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Boy bilim va tajribasini ezgu amallarga safarbar etdi.

Davlat rahbarining tashrifi, hamdardlik so‘zlari og‘ir judolikka uchragan ko‘ngillarga taskin bo‘ldi. 

Marhumning haqiga duo qilindi.

Prezident muftiyning ezgu ishlarini yodga oldi.

– Hammamiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Ulug‘ inson edilar. Bilimi, mehnatsevarligi, kamtarinligi bilan elimizda obro‘ topgan edilar. Bu balo butun dunyoga azob olib keldi, qancha yo‘qotishlar bo‘lyapti. Qo‘limizdan kelgan hamma harakatni qildik. Lekin Allohning irodasi ekan. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. U kishini yaxshi nom bilan eslab, ishlarini davom ettirib, ruhlarini shod qilaylik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid