O‘zbekiston | 19:48 / 18.08.2021
6265
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Merkel bilan fuqarolarni Afg‘onistondan O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilish jarayonini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 18 avgust kuni Germaniya kansleri Angela Merkel bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbatda yetakchilar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdi hamda Afg‘onistondagi voqealarning rivojlanishi nuqtai nazaridan mintaqadagi joriy vaziyat yuzasidan fikr almashdi.

Ushbu mamlakatda keskinlik va zo‘ravonlikning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, afg‘on mojarosini siyosiy yo‘l bilan tartibga solishni xalqaro hamjamiyat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalarida ikki mamlakatning pozitsiya va yondashuvlari mos ekani alohida ta'kidlandi.

Fuqarolarni Afg‘onistondan aviatsiya transportida O‘zbekiston hududi orqali tranzit yo‘li bilan Germaniyaga evakuatsiya qilish bo‘yicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yaqindan muvofiqlashuvni va faol idoralararo hamkorlikni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.

Mintaqadagi vaziyatning yanada rivojlanishi bo‘yicha oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatni muhokama qilgandi.

Mavzuga oid