O‘zbekiston | 08:38 / 18.08.2021
13231
2 daqiqa o‘qiladi

“Qo‘shni qishloq uzoq, bu yerda esa sharoit yo‘q” - bemorning uyida ishlayotgan shifokor

Namangan viloyati Mingbuloq tumani Madyarovul mahallasida oilaviy shifokor punkti xodimlari bemorning uyida ishlashmoqda. Sababi – qishloqda OShP uchun bino yo‘q.

Abduhalil G‘ofurov 7-8-sinfdan shifokorlik kasbini tanlagan. Qahramonimizning tanlagan kasbi uni olis qishloqlar tomon yetakladi.

U Namangan viloyatining eng chekka hududlaridan biri – Mingbuloq tumanidagi Madyarovul qishlog‘iga 1991 yilda ko‘chib kelib, faoliyat boshlagan.

Abduhalil G‘ofurov

G‘ofurov uzoq yillardan buyon madyarovulliklarning dardiga shifo bo‘lib kelmoqda. Ko‘plab kishilar uning qo‘lidan shifo topgan. Mahalla ahli nafaqat salomatlik, balki hayotiy masalalarda ham shifokordan maslahat oladi.

Afsuski, mutaxassis bugun bemorlarni sarsongarchilikda qabul qilmoqda.

Mahallada oilaviy shifokorlik punkti tashkil etilmagan. Mahalladagi tibbiyot xodimlari va qahramonimiz qo‘shni qishloqdagi OShP xodimi hisoblanadi.

Aslida ular o‘sha qishloqda ishlashi kerak. Lekin masofa uzoqligi, aholining u hududga borishi uchun tuman markaziga borib, keyin qaytib kelishini hisobga olib, mahalla hududida OShP filiali ochib berilgan. Shifokor va hamkasblari mahalladagi bog‘chaning ikkita xonasida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Bog‘cha ta'mirga tushgandan keyin jamoa ko‘chada qoldi.

Muboraxon Qo‘chqorova

Buni ko‘rgan mahallada yashovchi Muboraxon Qo‘chqorova tibbiyot xodimlariga o‘z uyida ishlashga sharoit yaratib berdi.

Qahramonimiz hozirda shu yerda ish olib bormoqda. Uy egasi bemorligi sabab, hovlisini foydalanishga bergan.

Madyarovul mahallasi bu yil "Obod markaz" dasturiga tushgan.

Mutasaddilar shifokorlar uchun shu atrofdagi tadbirkor binosidan joy ajratishini aytmoqda. Lekin qachon, qay tartibda, qanday sharoitda ekani hali noma'lum.

Shunday bo‘lsa-da, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan Abduhalil G‘ofurov bemorlar dardiga shifo bo‘lishda davom etmoqda.

Tohirjon Tursunov

Mavzuga oid