Jamiyat | 12:45 / 18.08.2021
17048
4 daqiqa o‘qiladi

Tashkent City hududiga kirish pulli ekani konstitutsiyaviy tamoyillarga zid - XDP

Xalq demokratik partiyasi Tashkent City’ga kirish pulli ekani konstitutsiyaviy tamoyillarga zidligini bildirdi. Bu haqda partiya tomonidan Rost24.uz nashridagi maqolaga bildirilgan munosabatda aytiladi.

Maqolada poytaxt markazida joylashgan 80 gektarli Tashkent City’ning atrofi o‘rab olinib, kirish pulli qilingani, qolaversa, shahar ichidagi “davlatcha”da hukumatning ayrim karantin qoidalari amal qilmasligi tanqid qilingan.

XDP matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqdagi bu chiqish turli fikrlar, postlarga sabab bo‘lgani, ayrimlar o‘zbek jamiyati ijtimoiy tabaqalanishga yuz tutayotganligini, yana boshqalar puldorlarning o‘zboshimchaligini tanqid qilgan bo‘lsa, yana kimdir alohida qoidalar ishlaydigan loyihalar qurishga hojat yo‘qligini bayon qilishiga e'tibor qaratgan.

Shuningdek, Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlarida jamiyatda keskin tabaqalashuv sodir bo‘lishiga qarshiligiga alohida urg‘u berilishi aytilgan.

“Konstitutsiyaning 18-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat'i nazar qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilab qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart” ekanligi belgilangan.

Qomusimizning 20-moddasida esa “Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart”, deb yozilgan.

Tashkent City hududiga kirish pulli ekani mana shu tamoyillarga zid, deb hisoblaymiz. Bunday tabaqalashuv fuqarolarning kayfiyatiga yomon ta'sir ko‘rsatadi”, deyiladi partiya munosabatida.

Partiya jamiyatda barqarorlikni saqlab turish uchun ijtimoiy keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni tezkor hal etish zarurligi va buning uchun Tashkent City’ga kirish bepul bo‘lishi shartligini ta'kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Tashkent City Park'ka kirish 2020 yil 17 dekabridan Yangi yil munosabati bilan pulli deb belgilangan edi.

Majmua ma'muriyati bayram kunlari bog‘ga faqat 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar bepul kirishi mumkinligini, 5–12 yoshli bolalar va pensionerlar uchun 5 ming so‘m, 12 yoshdan kattalar uchun 10 ming so‘m, avtomobil bilan kirish uchun esa 20 ming so‘m narx belgilanganini e'lon qilgan.

Keyinroq, Kun.uz'ga izoh bergan Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasi rahbari Bahrom Rizayev bog‘ga kirishning pulli rejimi hozircha bir oy uchun mo‘ljallaganini, keyinchalik natijasiga qarab ish tutilishini bildirgan.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa parklarni saqlab turishning boshqacha chorasi yo‘qligini, Tashkent Sity'ning qurilishiga ancha xarajat ketganini aytgan.

“Bir oyda 900 million so‘m xarajat ketadi. Bir kunda har bitta fontanning otilishiga 1 million so‘m ketadi. Buning uchun budjetdan pul ajratilmaydi”, degan edi shahar hokimi.

Mavzuga oid