Iqtisodiyot | 21:13 / 23.08.2021
19421
4 daqiqa o‘qiladi

Anklav hududlarda barcha soliqlar 1 foiz deb belgilanmoqda - Dilshod Sultonov

Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, anklav hududlar uchun bir foizlik soliq joriy qilinadi, elektromobillarga yig‘im bekor qilinadi, turizmga vaqtinchalik imtiyozlar muddati uzaytiriladi.

Senatning 18-yalpi majlisi oldidan 23 avgust kuni Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Izohlanishicha, qonundan ko‘zlangan maqsadlardan biri – olis va chekka hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga ishga borish istagini bildiradigan oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari sonini oshirish.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Kun.uz'ga bergan intervyusida anklav hududlar uchun barcha soliqlar 1 foiz etib belgilangani, biroq bu pensiya miqdoriga ta'sir etmasligini bildirdi.

“Qonun haqida gapiradigan bo‘lsam, uni ikkita yo‘nalishga bo‘lish mumkin.

Birinchisi, olis hududlarni qo‘llab-quvvatlash. 1 yanvardan olis hududlarda soliqni pasaytirilgan stavkalarda yoki soliqqa tortmaslik choralarini ko‘rish, ya'ni mol-mulk va yer solig‘idan ozod etishni ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgandi. Buning uchun 45 ta og‘ir hudud tanlab olingandi. Bundan tashqari, sanoat rivojlanmagan ayrim joylarda sanoatni rivojlantirish uchun yana qo‘shimcha imtiyozlar berish va qaysi sohani qaysi soliqdan ozod etishni o‘sha hududning o‘zi hal qilishi belgilangandi.

Ikkinchi yo‘nalish – anklav hududlar. So‘x tumani misolida aytadigan bo‘lsak, hamma soliqlar bu hudud uchun 1 foiz etib belgilandi. Daromad, aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i – hammasi bir foizdan to‘lanadi. Biz o‘sha soliqlar qanday tartibda  to‘lanishi kerakligini belgilab berdik. Sababi, tadbirkorlik sub'yekti soliqdan qochish uchun So‘x tumanida ro‘yxatdan o‘tib boshqa tumanda faoliyat yuritishi mumkin. Shu kabi holatlarning oldini olish uchun shu joyning o‘zida ro‘yxatdan o‘tib, shu joyda daromad olayotgan bo‘lsagina bir foiz soliq to‘lashi belgilandi.

4 ta anklav hududimiz bor – hammasi Farg‘ona viloyatida. Shu narsaga e'tibor qaratishimiz kerakki, yagona ijtimoiy soliq ham 1 foiz bo‘ladi. Ammo bu budjet tashkilotlari uchun. Xususiy sektor bir foizdan ijtimoiy soliq to‘laydi, pensiyani esa umumiy tartibda oladi. Bir foiz soliq to‘laydi degani, pensiyasi ham pasaytiriladi degani emas”, – dedi vazir o‘rinbosari.

Senat 18-yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan qonunda quyidagilar ham nazarda tutilgan:

  • pandemiya davrida iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan sohalardan biri bo‘lgan turizmni qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik imtiyozlar muddatini uzaytirish;
  • prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida belgilanadigan davlat dasturlarida ishtirok etgan fuqarolar jismoniy shaxslarni daromad solig‘idan ozod qilish;
  • elektromobillarni sotib olish va (yoki) O‘zbekiston hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun to‘lanadigan yig‘imni bekor qilish.

Mavzuga oid