Sport | 19:18 / 26.08.2021
9735
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev «Nijniy Novgorod»ga o‘tdi

Rossiya Premer-ligasining «Nijniy Novgorod» klubi «Paxtakor» himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshevni o‘z tarkibiga qo‘shib olganini e'lon qildi. 

O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosi yangi klubiga intervyu berdi. 

— Ibrohimhalil, sizni Nijniy Novgorodda ko‘rib turganimizdan xursandmiz! O‘zbekiston chempionatida qanday muvaffaqiyatlarga erishgansiz?

— «Paxtakor» akademiyasini tugatganman. Jamoa bilan 2019 yilda O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdim. 2020 yilgi mavsumda «Bunyodkor»da ijarada o‘ynab, so‘ng yana «Paxtakor»ga qaytdim.

— Qachondan mamlakat milliy jamoasiga taklif qilishdi?

— 2020 yildan. O‘rtoqlik va rasmiy o‘yinlarda ham qatnashdim. Yaqinda O‘zbekiston milliy jamoasini sloveniyalik mashhur murabbiy Srechko Katanets qabul qilib oldi. U meni 5 sentyabrda Stokholmda bo‘lib o‘tadigan Shvetsiya - O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yiniga chaqirdi.

— Qay tariqa «Nijniy Novgorod»ga qo‘shildingiz?

— Menda ko‘plab takliflar bor edi. Hamyurtim Eldor Shomurodov o‘ynagan Italiyaning «Jyenoa» klubiga o‘tishga yaqin edim. Aynan Shoma o‘z kuchimni RPLda sinab ko‘rishni maslahat berdi. Prospors Management agentlari bilan maslahatlashuv va «Nijniy Novgorod» bosh murabbiyi Aleksandr Kerjakov bilan suhbatdan keyin o‘zim uchun yuz foizlik qaror qabul qildim: Nijniyda o‘ynayman!

— Yangi jamoa bilan mashg‘ulotlarni boshlashga ulgurdingizmi?

— Ha, mashg‘ulotlar yoqdi. Yigitlarning barchasi ajoyib, ular meni yaxshi qabul qilishdi.

— Qaysi pozitsiyada harakat qilasiz?

— Chap qanot himoyachisiman. Lekin «Nijniy Novgorod» meni butun qanotni yopadigan lateral sifatida taklif qildi.

— «Nijniy»da qaysi raqamni oldingiz?

— Yoshligimdan 6-raqam ostida to‘p tepaman. «Nijniy Novgorod»da ham buni o‘zgartirmadim. Raqamim omad olib kelsin!

Ma'lumot uchun, «Nijniy Novgorod» ayni paytda RPLda 5-turdan so‘ng 7 ochko bilan 7-pog‘onada bormoqda.

Mavzuga oid