O‘zbekiston | 17:09 / 26.08.2021
20815
12 daqiqa o‘qiladi

«Ish faqat qog‘ozda emas, amalda ham bo‘lishi kerak» - Professor chorvachilikda jiddiy inqiroz ro‘y berishidan ogohlantirdi

O‘zbekistonda chorvaning katta qismi (tahlilchilarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 90 foiz atrofida) aholi xonadonlarida yetishtiriladi.

Markaziy Osiyo mintaqasida ko‘p yillardan buyon kuzatilayotgan qurg‘oqchilik, yaylov yerlari degradatsiyaga uchrashi va tinimsiz o‘zlashtirib borilishi, konsentrat ozuqalar narxi keskin oshib ketishi chorva boquvchilarni jiddiy muammolar bilan to‘qnashtirmoqda.

Bugun odamlarda chorvasini bozorga chiqarib sotish yoki go‘shtga topshirishdan boshqa chora yo‘qdek...

Kun.uz O‘zbekistonda chorvachilikning shu kabi muammolariga bag‘ishlab turkum reportaj va intervyular uyushtirish orqali bu masalaga hukumat e'tiborini qaratishga harakat qilib kelmoqda.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Toshkent davlat agrar universiteti professori Bahrom Azizov ham hukumat jiddiy va tezkor islohotlar boshlamasa, chorvachilik sohasi inqirozga qarab ketishidan ogohlantirdi.

— So‘nggi yillarda ko‘plab olim, chorvador va tomorqachilar O‘zbekiston chorvachiligi muammolari haqida chiqishlar qilmoqda. Unga ko‘ra, sohada yaylov yetishmasligi, ozuqa narxi, zot yangilash, shuningdek, go‘sht va sut yetishtirishdagi muammolar yig‘ilib qolgan. Siz soha olimi sifatida O‘zbekiston chorvachiligining bugungi ahvolini qanday baholaysiz?

— Bu sohada muammo ko‘p. Chorvachilikni rivojlantirish uchun ko‘plab ishlar qilinishi kerak. Shundan quyidagi beshta yo‘nalishda asosiy islohotlar amalga oshirish kerak deb hisoblayman:

1. Zot yaxshilash;

2. Chorva uchun yer maydonlari ajratish;

3. Ozuqa muvozanatini tuzish;

4. To‘g‘ri oziqlantirish;

5. Qulay sharoitlar yaratish.

Toshkent davlat agrar universiteti professori Bahrom Azizov

Ro‘yxatdagi dastlabki ikki masala davlatga bog‘liq edi va bu ishlar qilinyapti.

O‘zbekistonda bugun 12 mln boshdan ziyod zotdor qoramol bor. Shundan 4,5 mln boshi sog‘in sigirlar. Demak, bir yil ichida qoramollarning umumiy soni 2 foizga (250 ming) oshdi.

O‘zbekistonga olib kelingan qoramollar uchun davlat yetarli miqdorda yer ham ajratyapti. Bu kammi? Yetarli. Lekin sohada baribir muammolar bor. Muammo shuki, biz o‘sha qoramollarni to‘ydira olmayapmiz.

Zotdor qoramol bilan zotsiz (xashaki) qoramolning farqi so‘ralsa, zotdor qoramollarning har tomonlama potensiali yuqoriligini aytish mumkin. Ularga 20 kg yem yoki 20 ozuqa birligida pichan bersangiz ham to‘ymaydi. Chunki zotdor molning ishtahasi yaxshi. Bizdagi xashaki qoramollar esa bir quloch pichan bersangiz to‘yadi. Chunki ular shunga moslashgan.

Biz qoramol to‘ydirishimiz uchun zamonaviy usul va texnologiyalarga o‘tishimiz kerak. Ha, so‘nggi 30 yilda chindan ham qoramollarning soni va uning mahsuloti foiz hisobida uch barobarga oshdi. Ammo aholi soni ham 1,6-1,7 barobarga ortgan.

Sohada o‘zgarishlar bo‘lyapti, lekin yetarli emas. Nima uchun yetarli emas? Chunki natijani narx-navoga qarab xulosa qilamiz. Go‘sht narxi arzonmi? Yo‘q, qimmat. Masalan, bugun go‘shtning o‘rtacha narxi 55-56 ming so‘m, 1 litr sutning qadoqlangani esa o‘rtacha 8-10 ming so‘m. Bu narxlar Markaziy Osiyo va yaqin atrofdagi davlatlar bilan solishtirganda yaxshi ko‘rsatkich emas.

Biz chorvachilikning barcha sohalarini o‘zaro uzilib qolmagan zanjir kabi ishlaydigan tizimga aylantirib olishimiz kerak. Masalan, biz dehqonchilik va o‘simlikshunoslikni rivojlantirmay turib, chorvachilikni rivojlantira olmaymiz. Chunki chorvachilikning ozuqasi dehqonchilik va o‘simlikshunoslikka bog‘liq. O‘simliklar esa hayvondan chiqadigan organik o‘g‘it hisobiga o‘sadi.

— O‘zbekistonda chorva xo‘jaliklarining bir bosh chorvasi uchun suvli yerlardan 35-40 sotix, lalmi yerlarda esa 2 gektargacha yer maydoni ajratiladi. Bu standart chorvachiligi rivojlangan davlatlar – Niderlandiya, Belgiya yoki Latviyadagi bilan deyarli bir xil. Ularda ham bir bosh chorvaga 26-30 sotix yer ajratiladi.

Xo‘sh, yer ajratish bo‘yicha standartlar bir xil ekan, natijadorlik qanday? Bu davlatlarda bitta sog‘in sigir o‘rtacha 30-40 litrdan sut beradi. Bizda esa ko‘pi bilan 10-15 litr. Nega bir xil standartda natijadorlik turlicha bo‘lyapti?

— Chorvador fermerlarga eng yaxshi, suvli yerlar berildi, lekin natijadorlik kutilganday bo‘lmayapti. Biz ko‘pincha aybni o‘zimizdan emas, ob-havo, zot, navdan qidiramiz. Issiq deymiz, vaholanki, chorvachiligi rivojlangan Isroilda ob-havo bizdan bir necha marta issiq. Isroilda hammayoq cho‘l.

Dunyoda chorvachiligi rivojlangan davlatlarni ko‘ring, fermer xo‘jaliklari va oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida bog‘liqlik, doimiy hamkorlik bor. Ular faqat ijrochi bo‘ladi. Olimlar bergan tavsiyani qiladi. Olingan foydaning 1-2 foizini o‘sha universitetlarga beradi.

Nega Niderlandiyada bor-yo‘g‘i 4 foiz aholi qishloq xo‘jaligi sohasida ishlaydi-yu, soha rivojlanib ketgan? Nima uchun 26-30 sotixdan ular 30-40 litr sut oladi? Axir Niderlandiyaning yer maydoni bizning Buxoro viloyatiga teng kelmaydi-ku? Yoki Belgiyaning maydoni Qashqadaryo hududicha keladi.

Bundan tashqari, bu davlatlarda qishloq xo‘jaligi faqat yog‘ingarchilik hisobiga qilinyapti. Ular bir mavsumda faqat bir marta hosil oladi. Bu davlatlarda eng qimmatli va yetishmaydigan narsa — quyosh. Bizda esa quyosh muammo emas. Vegetatsiya kunlari 200 kundan ortiq.

Xo‘sh, ularning yutug‘i nimada? Ularning yutug‘i – ularda har bir ish ilm ustiga qurilgan. Ularning yaylovlari biznikiga o‘xshab quruq yaylovlar emas, ularning yaylovlari madaniy yaylov. Madaniy yaylov degani eng yaxshi o‘tlar aralashmasi degani.

Ular ozuqaning faqat nisbatiga emas, turiga qaraydi. Biz mana shu davlatlar nimaning hisobiga ilgarilab ketayotganini jiddiy o‘rganishimiz kerak.

Bizning eng katta xatomiz – chorva boquvchilar ozuqa muvozanati nimaligini bilmaydi. Ozuqa muvozanati bu – chorva ozuqasida turli mahsulotlarning muvozanatli bo‘lishi degani. Chunki chorva qanday yesa, shunga yarasha mahsulot beradi. Biz yetarli ozuqa bermay turib, kutilgan sut, kutilgan go‘shtimizni hech qachon ololmaymiz.

Odamlar hozir sog‘in sigiri 10 litr sut bersa, butun mahallaga jar soladi. Vaholanki, chorvachiligi rivojlangan davlatlarda 30-35 litrdan kam sut bergan sigirdan voz kechishadi.

Biz sohani isloh qilishni istasak, eng serhosil ekinlar urug‘chiligini ham tashkil qilishimiz kerak. Afsuski, bizda ko‘p fermer yoki talabalar chorva uchun o‘ta foydali ekinlar – sudan o‘ti, jo‘xori, tariqni bilmaydi. Ular faqat somon, makkajo‘xori va bedani biladi.

— Shu mavzuda soha olimlaridan biri Nasriddin Xalilov bilan uyushtirilgan intervyuga o‘quvchilar, mutaxassislar ijobiy munosabat bildirdi. Ular muammo to‘g‘ri ko‘tarilganini aytishdi. Ammo intervyu Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillarini xursand qilmagan ko‘rinadi. Chunki ular intervyuda provokatsiya, yolg‘on ma'lumotlar ko‘p deb e'tiroz bildirishdi. Shu ma'noda siz qo‘mitasi faoliyatiga qanday baho bergan bo‘lardingiz?

— Men bu qo‘mitani bilmayman. Ochig‘ini aytaman, bilmayman. Agar chorvachiligimizning bugungi holati, baland narx-navo, ozuqa yetishmasligi va ratsioni masalalaridan xulosa qilsak, qo‘mita o‘zini oqlaydigan holatda emas.

O‘zingiz o‘ylang, bitta odam bir yilda 78 kg go‘sht iste'mol qilishi kerak. Bizda esa bu ko‘rsatkich 43 kg. Soha inqiroz yoqasida. Sohani rivojlantirish ishlari faqat qog‘ozda emas, amalda ham bo‘lishi kerak. Yangi loyihalar bilan ishlash kerak.

Har bir ish uning natijasi bilan qaraladi. Ozuqabop va hosildorligi baland o‘simlik navlari ustida ishlash kerak. Xo‘sh, qo‘mita o‘zini qanday oqlaydi?

Biz hozir ko‘p miqdorda go‘sht va sut mahsulotlarini chetdan import qilib sotib olyapmiz. Chunki bu mahsulotlar avlodning qanchalik sog‘lom bo‘lishini belgilovchi mahsulotlardir.

Inson bir kunda iste'mol qiladigan ozuqaning 50 foizi chorva mahsulotlari hisobidan bo‘lishi kerak. Bizda qanday deb o‘ylaysiz?

Yana bir ma'lumot, bizda bugun 1 kg go‘sht narxi o‘rtacha 55 ming so‘mga to‘g‘ri kelyapti. Moskvada 1 kg go‘sht narxi 46 ming, Bishkekda esa 41 ming so‘m. Xo‘sh, nima uchun bizda qimmat?

Qiladigan ishlar juda ko‘p, biz qayerdadir xato qilyapmiz. Qo‘mita kun o‘tariga ishlashi kerak emas. Qo‘lidan kelmasa marhamat qo‘lidan keladiganlarga bersin vazifani. Yopishib olmasin.

Bu gaplardan maqsad bitta – berilgan yerdan to‘g‘ri va unumli foydalanishni tashkil qilish. Fan bilan ishlab chiqarishni integratsiya qilish. Ana shular tashkil qilinsagina ish oldinga yuradi. Shuningdek, joylarda chorvachilikni qanday rivojlantirish bo‘yicha seminarlar o‘tkazish kerak. Odamlarga o‘rgatish kerak. Ular bilmaydi. Qo‘mitaga bo‘layotgan e'tirozlar haqli e'tiroz. Bu ketishda bo‘lsa, rostdan ham inqiroz bo‘lishi mumkin.

Chorvachilikda chorva xo‘jaliklari narxni belgilaydi. Ular narxni oshirmasa, inqirozning oldi olinadi. Ularga bu haqda aytsangiz yem qimmat-da deydi. Lekin yemni nega o‘zing yetishtirmaysan? Rivojlanish bo‘lishi uchun har bir fermer o‘z chorvasiga o‘zi yem, ozuqa ishlab chiqarishi kerak. Shularni qilmasa, qo‘mita nima qiladi? U fan va amaliyot zanjirini ulaydigan menejyer bo‘lishi kerak. Shuni qilmasa, nima ish qiladi?

Men bu gaplarni sohaning kelajagini o‘ylab gapiryapman. Tan olish kerak, bizda chorvachilik maktablari bor. Lekin ularning 90 foizi nima qilish kerakligini bilmaydi. Men bu gaplarni aytmasligim ham mumkin, ura-urachilik qilishim mumkin, lekin bu ish emas-da. Bizda oqsaydigan va xalqning e'tirozi bor soha yashar ekan, uni bartaraf qilishimiz kerak.

— Sohani rivojlantirish uchun qanday takliflar berasiz?

Birinchidan, yashil konveyerlar tashkil qilinishi kerak. Yashil konveyer bu – yil davomida yashil o‘t bo‘ladigan maydonlar degani.

Ikkinchidan, albatta oraliq va takroriy ekinlar ekishni tashkil qilishimiz kerak.

Uchinchidan, chorvachilikda eng serhosil o‘simliklar urug‘chiligini tashkil qilish.

To‘rtinchidan, yem-xashak yetishtirishda aralash ekishni tashkil qilish. Masalan, beda bilan makkajo‘xori, makkajo‘xori bilan sudan o‘ti yoki makkajo‘xori bilan lavlagini aralashtirib ekishni tashkil qilish kerak.

Beshinchidan, chorva mollarining ozuqa sifatini jiddiy yaxshilashimiz kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi,
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.

Mavzuga oid