Jamiyat | 18:53 / 26.08.2021
116741
5 daqiqa o‘qiladi

“Qizlarimni yashirib o‘tiribman, yozug‘imiz nima, bilmayman” - afg‘onistonlik ota bilan suhbat

Afg‘onistonlik Yosin Odil va uning oilasini 5 yildan beri bilaman. Har yili ta'tilga chiqishlari bilan albatta O‘zbekistonga kelishar, bolalari bilan yayrab dam olib ketishardi. Bu orada qizlari ulg‘aydi, o‘g‘li katta yigit bo‘lib qoldi, yana bir o‘g‘il ko‘rdi. Oxirgi voqealardan keyin Yosin aka bilan bog‘landim va aytganlaridan dahshatga tushdim.

“Shu paytgacha xorij bilan biznesim bor edi. Menimcha, hayotimdagi eng katta xatom mana shu talato‘plar boshlanmasidan oldin oilamni olib, bu yerlarni tark etmaganim. Albatta, inson o‘z vatani haqida bunday gaplarni aytishi durust emas. Lekin men balandparvoz gaplar gapiradigan yoki faqat o‘zimni o‘ylaydigan ahvolda emasman. 6 nafar farzandim bor, ularning 4 nafari qizlarim. Kattalari balog‘atga yetib qolishdi...

Men ularni bugun yashirib o‘tiribman! Ota uchun bunday hadikdan dahshati bormi, ayt?!” deydi suhbatdoshim.

– Yosin aka, aynan nimadan xavfsirayapsiz, «Tolibon» vakillaridanmi?

– Hamma-hammadan! Men aynan kimnidir ayblashdan tiyilaman, lekin bilasanmi nima – yaxshimi, yomonmi, hukumat, tizim davlatni boshqarishi kerak, qandaydir qoidalar va aniqlik bo‘lishi shart. Hozir butkul izdan chiqqan vaziyatda istalgan odam istaganini qilyapti. Masalan, bir ahmoq qo‘lida avtomati bilan bir oilaga bostirib kirib, bor hunarini ko‘rsatyapti, kim unga chora ko‘radi?! Afg‘oniston jafokash mamlakat deb 40 yildan ortiq gapirildi, oxir-oqibat badtar jafokash holga keltirildi.

– Kobuldagi bugungi vaziyatni tasvirlab bera olasizmi?

– Vaziyat butkul izdan chiqqan. Yegulik qimmat, dori-darmon tanqis, tashkilotlar ishlamayapti, ko‘chada politsiya yo‘q, tartib yo‘qolgan, hatto shifoxonalar ham ishlamayapti. Bunga qadar bir nonni 10 afg‘oniyga olardik, bugun 20 afg‘oniyga chiqib ketdi va eng yomoni – tanqislik boshlangan. Deyarli hamma oziq-ovqat turi kamida ikki barobarga qimmatlagan.

Lekin yuqorida aytganimdek hozir meni birinchi navbatda o‘ylantirayotgan narsalar bular emas. Bolalarimni sog‘-salomat olib chiqib keta olsam bas! Yoshi 90dan o‘tgan onam bor, o‘rnidan qo‘zg‘alishi qiyin. Onamni qanday olib ketaman, tasavvur ham qila olmayman. Menga dalda berish uchun “bolam, ketaver, bir kunimni ko‘rarman” deydi. Lekin qoldiradigan odamning o‘zi yo‘q, onam mensiz nima qiladi?

Uyimdan uzoqlashib keta olmayman, qizlarimdan xavotirlanaman. Ammo cho‘kayotgan odam xas-cho‘pga yopishganidek har kuni ko‘chaga chiqib, bu yerdan chiqib ketishning yo‘llarini izlayman. Mana shu videolavhada ko‘rganingiz – menman! Devor ustidagi xorijiy askarlar, ular bizni aeroportga kirishdan to‘sib turishibdi. Biz kirib, qo‘limizdagi hujjatlarni ko‘rsatish imkoniyatimiz ham yo‘q. Ostimizdagi suvga e'tibor ber – bu ariqqa hojatxonalardan chiqqan axlatlar oqizilyapti. Bir marta omadim kelib ariqning uyog‘iga o‘ta oldim, oilangni olib kelaver, deyishdi. Biroq oilamga xabar bera olmadim, ular o‘zlari kela olishmasdi ham. O‘zim qaytib borib olib kelsam, hamma yo‘llar yana yopilgan ekan...

– Uy-joyingizni nima qilmoqchisiz, nahot shunchaki tashlab ketmoqchi bo‘lsangiz?

– Boshqa ilojim bormi? Kobul ko‘chalari uyidagi bor-budini olib chiqib sotishga urinayotganlar bilan to‘la. Lekin birorta xaridorning o‘zi yo‘q. Ko‘pchilik bor mol-mulkini, uy-joyini tashlab qochib ketishga ulgurdi. Mening ko‘zimga hozir eson-omon chiqib ketishdan o‘zga hech narsa ko‘rinmayapti. Ko‘chada kaltaklanayotgan ayollarni ko‘rib yuragim eziladi, lekin aralasha olmayman.

O‘zbekistonga borgan, farzandlarim bilan istirohat qilgan kunlarimni ko‘zda yosh bilan eslayman. O‘zbekistonliklarga aytar so‘zlarim bor – bu tinchlikning qadrini mana mendan so‘rang. Farzandlari, ayniqsa qizlari halovati oldida o‘zining hayoti, biznesi, mol-mulki ko‘ziga ko‘rinmagan otadan so‘rang!

Vataningizda bolalarim bilan hech bo‘lmasa vaqtincha yashab turish uchun bor-budimni berardim. Bizga yordam bering! Yuqorida aytganimdek, eng dahshati ertangi kun mavhumligi. Peshonamizdagi yozug‘imiz nima – bilmayman...

Abror Zohidov suhbatlashdi

Mavzuga oid