Shavkat Mirziyoyev 215 nafar mahkumni afv etdi
Afv etilganlarning 14 nafari – ayollar, 69 nafari – xorij fuqarolari, 15 nafari – taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan shaxslardir. Yil boshidan buyon Navro‘z va Ramazon hayiti bayramlarida jami 240 nafar mahkum avf etilgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 215 mahkumni afv etdi.
“O‘zbekiston 24” telekanali xabariga ko‘ra, afv etilganlarning 3 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 127 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 73 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Boshqacha aytganda, 142 nafar mahkum jazo muassasasidan chiqib, oilasi bag‘riga qaytadi. Yana bir kishining jazosi ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilgan.
Afv etilgan fuqarolardan 14 nafari – ayollar; 12 nafari – 60 yoshdan oshgan shaxslar; 69 nafari – xorij fuqarolari; 15 nafari – taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan shaxslar.
Afv etilgan shaxslar oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytib, ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishida ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bu – joriy yilda prezident tomonidan e'lon qilingan uchinchi afv hisoblanadi. Bungacha Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida 100 nafar, Navro‘z bayrami arafasida 140 mahkumni afv etgandi.
Bundan tashqari, joriy yilda prezident tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etish tartibi belgilangan edi. Unga ko‘ra, endilikda davlat rahbari mahkumning yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsning afv etishni so‘rab yozgan iltimosnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qat'i nazar, o‘z tashabbusi bilan istalgan mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etish huquqiga ega bo‘ldi.
Mavzuga oid
20:11 / 06.12.2024
Shavkat Mirziyoyev jazo muddatini o‘tayotgan 483 nafar shaxsni afv etdi
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024