Jahon | 15:03 / 28.08.2021
45145
1 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda 29 avgust motam kuni deb e'lon qilindi

26 avgust kuni Bayzak rayonida joylashgan 28349-harbiy qism omborida sodir bo‘lgan portlash va yong‘in oqibatlarini bartaraf qilish vaqtida 13 kishi halok bo‘lgan va 98 kishi jarohatlangan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Jambil oblastidagi o‘q-dori omborida yuz bergan portlashlar oqibatida insonlar halok bo‘lishi munosabati bilan 29 avgustni motam kuni deb e'lon qildi.

«Jambil oblastining Bayzak rayonida insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan fojiali voqea munosabati bilan 29 avgustni umummilliy motam kuni deb e'lon qilaman», — deb yozdi To‘qayev Twitter’da.

26 avgust kuni Bayzak rayonida joylashgan 28349-harbiy qism omborida yong‘in kelib chiqishi oqibatida portlashlar sodir bo‘ldi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, portlash va yong‘in oqibatlarini bartaraf qilish vaqtida 13 kishi halok bo‘lgan va 98 kishi jarohatlangan. Ularning aksariyati qutqaruvchilar, harbiylar va prokuratura xodimlari bo‘lgan.

Mudofaa vazirligining xabar berishicha, qurbonlar va yaralanganlar orasida tinch aholi vakillari yo‘q.

Mavzuga oid