Sport | 09:21 / 30.08.2021
14380
8 daqiqa o‘qiladi

Abramovga ishongani, «Bunyodkor»ga foyda berish uchun ketgani va O‘zbekistonga qaytgani haqida. Jaloliddinov katta intervyu berdi

O‘zbekiston milliy jamoasi va Toshkentning «Lokomotiv» klubi futbolchisi Jasur Jaloliddinov hali 19 yoshda. Odatda bu yoshda o‘zbek futbolchilarining aksari zaxiradan maydonga tushishni boshlagan bo‘ladi. Ammo Jasur shu yoshida shunchalik ko‘p narsani ko‘rdiki, bu savdolar ko‘plab faoliyatini tugatib ketgan futbolchilarning boshiga ham tushmagan.

Jaloliddinov Spors.uz saytida intervyu berdi. Suhbat davomida futbolchi qanday qilib aldangani, nega «Bunyodkor»dan ketgani, Abramov bilan munosabatlari va nega O‘zbekistonga qaytgani haqida gapirdi. Quyida intervyu davomida aytilgan so‘zlar uning o‘z tilidan keltiriladi.

Nega «Andijon»?

«Andijon»ga o‘tishimdan avval Jur'atbek Quvvatov bilan gaplashdim. O‘ylashimcha, yaxshi pul to‘landi. Anig‘ini aytmayman, lekin beshdan tepa, o‘ndan past (katta ehtimol 5-10 ming dollar atrofida). «Andijon»da yarim mavsum o‘ynashni maqsad qilgandim va shunday bo‘ldi. Xorij klublariga yoki O‘zbekistonning kuchliroq jamoalaridan biriga o‘tish niyatida bo‘lganman. Jur'atbek Quvvatov «Shartnomani olib, xohlaganingni yoz, men roziman», deb aytdi. PFL reglamentiga ko‘ra, yarim yillik shartnoma tuzish mumkin emaskan. Shuning uchun bir yillik shartnoma tuzdik. Klub men xohlagan vaqtda meni qo‘yib yuborishiga ishongandim.

Otabek G‘ulomxo‘jayev jamoadan ketgach, Jur'at aka sen ham ketasanmi, deb so‘radi. «Andijon»ga o‘tishimning sababi faqat murabbiy emasdi, men jamoaga yordam bermoqchiman, deb javob berdim. Va'damga muvofiq, «Navbahor» bilan o‘yindan keyin menga ruxsat berishlarini so‘radim. Mendan rozi ekanliklarini aytib, omad tilashdi».

Baxt haqida

«Men o‘zimni baxtli hisoblashim mumkin, chunki yoshligimdan obro‘ orttirdim, ko‘p orzularim ushaldi. Bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni Allohdan kelgan sinov deb hisoblayman. Qiyinchiliklarga qaramay, o‘zimni baxtli deya olaman».

Rossiyada nima bo‘lgandi?

«Rossiyaga ketishimni bilgach, buni intizor bo‘lib kuta boshladim, hayajonlandim. 2-3 oy to‘liq «Lokomotiv» bilan mashg‘ulotlar olib bordim. Dastlabki haftalarda rostdan ham kuchim yetmayotgani, ular bizdan jismoniy jihatdan ancha kuchli ekanini his qildim. «Tambov»ga o‘tishimdan avval, «Lokomotiv»ga qo‘shilganimga 3 oylar vaqt bo‘lib qolgandi, o‘zimda kuchayishni seza boshlaganman. Chunki murabbiylar men bilan individual tarzda ko‘p ishlardi. Meni eng ko‘p xursand qilgan narsa shuki, hech kim meni e'tiborsiz qoldirmagan. Xuddi keyingi o‘yinda maydonga tushishi kerak bo‘lgan futbolchidek tayyorlashar edi.

Bir kuni agentlarim menga klub yangi direktori shartnomani buzishni taklif qilayotgani, lekin qolish imkoniyati ham borligini aytishdi. Agentlarim bilan maslahatlashgach, ketishga qaror qildim. Ular meni «Al-Ayn»ga olib bormoqchi edi. Aytishlariga ko‘ra, jamoa rahbariga yoqqanman, faqat murabbiy meni olib kelishni xohlamagan. Hali yoshligim va ko‘p o‘yin amaliyotisiz qolib ketganim bunga sabab bo‘lsa kerak. Keyin menga Ispaniyaga o‘tishimni aytishdi. 4 oy o‘ynab, keyin «Al-Ayn»ga kelamiz, deyishdi. Shundan so‘ng men ularga ishonmay qo‘ydim. Bunday bo‘lishini bilganimda «Lokomotiv»da qolgan bo‘lardim».

Vadim Abramov aldaganmidi?

«Vadim Abramovning so‘nggi intervyusini ko‘rdim. Men haqimdagi savolga u «bola hamma narsani biladi, nega jim turganiga hayronman», deb javob beribdi. Men jim turganim yo‘q, shunchaki hech kim bu haqda so‘ragani yo‘q. Aynan Vadim Karlenovichdan yomonlik ko‘rmaganman. Murabbiylik tomondan menga juda katta yordam ko‘rsatgan. Uning oldiga kelganimda «Sizga katta rahmat, lekin agentlar bilan shartnomani buzmoqchiman», deb aytganman. Vadim Karlenovich shartnomani buzish uchun 1,5 mln dollar jarima ko‘rsatilganini aytdi. Men o‘zim harakat qila boshladim va ikki haftadan so‘ng kelishuvni bekor qildim».

Murabbiylar

«Men faoliyatim davomida ko‘plab yaxshi murabbiylar bilan ishladim. Faoliyatimdagi eng katta omadimdan biri aynan yaxshi murabbiylarga uchraganim. Meni katta futbolga Mirjalol Qosimov olib kirgan. Keyin Abramov bilan ishladim. Ikki milliy jamoa murabbiyidan ko‘p narsa o‘rgandim».

Ota-onasi bo‘lganida...

«Ota-onam bo‘lganida bunaqa ko‘p aldanmagan bo‘larmidim? Bunday deb o‘ylamayman. Men ko‘pchilik o‘ylagandek aldanganim yo‘q. Buvilarim, tog‘alarim ota-ona qiladigan ishni qilganlar. Faoliyatimdagi tanlovni esa o‘zimga qoldirishgan. Abramov menga ishongani, imkon bergani uchun faqat «Lokomotiv»ga o‘tishimni aytganman, chunki ishonardim. Mayli, nima bo‘lsa, bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan voqealarni hayotiy tajriba deb qabul qila qolaman. Shu yoshimda futbol shartnomalari, agentlar haqida juda ko‘p narsani bilib ulgurdim va bu menga maktab bo‘ladi».

«Bunyodkor»dagilar qachon ketasan, deyishardi

«Bunyodkor»dan ketishim qanday bo‘lgan? O‘sha vaqtda jamoada moliyaviy qiyin holat bo‘lib qoldi. Aytishdiki, «Lokomotiv» (Moskva)dan qiziqish bor va bu «Bunyodkor» uchun juda ham foydali transfer bo‘ladi. Klubga shu tarzda foydam tegsa, ketaman dedim. Ulug‘bek aka Mirzayev ham rostdan xohlaysizmi, deb so‘ragan. Men ha deb javob berganman. Shundan so‘ng menga hech kim shartnoma qay tartibda tuzilishini ham aytmagan. Avval «Bunyodkor» bilan shartnomamni buzib, erkin agent sifatida moskvaliklarga borib qo‘shilishimni bilmaganman. Men uchun katta pul to‘lanishi, bu klubning futbolchilar oldidagi 3-4 oylik qarzini birdaniga uzishi uchun yetarli bo‘lishini aytishdi. Yigitlar hazillashib qachon ketasan, deyishardi. Mana endi muxlislarning o‘zi aytsin, men bu vaziyatda klubdan qochib ketdimmi yoki yordam berdimmi?» degan futbolchi.

Ma'lumot uchun, Jasur Jaloliddinov Toshkentning «Bunyodkor» klubidan Moskvaning «Lokomotiv» klubiga o‘tib, birorta o‘yinda maydonga tushmay qaytib kelgandi. Bu transfer ko‘plab mojarolarga sabab bo‘ldi. Transferdan «Bunyodkor» umuman foyda ko‘rmagani, o‘rtada turgan agentlar esa 900 ming yevrodan ko‘proq pul ishlab olgani haqida xabarlar chiqqandi. Rossiyada ishi yurishmagach, Jaloliddinov avvaliga «Andijon»ga, keyin esa Toshkentning «Lokomotiv» klubiga o‘tdi.

Mavzuga oid