Jahon | 14:58 / 01.09.2021
9503
4 daqiqa o‘qiladi

Dronda ovqat tashish va boshqalar: Yevropaning 2021 yilgi asosiy startaplari

Wired nashri 2021 yilda taqdim etilgan eng istiqbolli startaplar ro‘yxatini tuzib chiqdi.

Nashr London, Amsterdam, Stokholm, Barselona, ​​Dublin, Tel Aviv, Helsinki, Berlin, Parij va Lissabon kabi Yevropaning o‘nta shahridan eng foydali va innovatsion loyihalarni tanlab oldi.

Quyida ulardan bir qancha misollarni keltirib o‘tamiz.

Crisp – organik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradigan onlayn supermarket

Startap 650 dan ortiq ishlab chiqaruvchidan yangi mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yig‘ish imkonini beruvchi onlayn ta'minot tarmog‘ini yaratgan. Buyurtma berilganidan keyin 24 soat ichida mijozlar yangi tovarlarni supermarket narxlarida olishlari mumkin. Birgina 2021 yilning mart oyida kompaniyani rivojlantirishga 30 million yevro jalb qilingan.

Volta Greentech – foydali suv o‘tlaridan hayvon uchun ozuqa ishlab chiqarish

Loyiha sanoat miqyosida suv o‘tlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Tayyorlangan suv sigir ozuqasiga har kuni qo‘shilsa, suv o‘tlarining bioaktiv birikmalari hayvonlar tomonidan iste'mol qilinadigan ozuqaviy quvvatning 80 foizigacha bo‘lgan qismini tanada saqlab qolish imkonini beradi.

Startapga 2,5 million yevro miqdorida mablag‘ ajratilgan. 2021 yilning kuzida kompaniya o‘zining birinchi mahsulotlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Grip – homilador bo‘lish uchun maqbul vaqtni tanlashda ko‘maklashish

Loyiha yordamida ayollar uyda test o‘tkazib, qachon homilador bo‘lish yaxshiroq ekanligini aniqlaydilar.

“Grip” individual foydalanuvchilar profilini yaratadi va ularning sog‘lig‘ini kuzatib boradi. Xizmat Niderlandiya va Buyuk Britaniyada mavjud. Kompaniya joriy yil yakunlarigacha Germaniyada ham ish boshlashni reja qilmoqda.

Stockeld Dreamery – vegetarian pishloq ishlab chiqarish

Kompaniya no‘xat, loviya va yana nomi oshkor qilinmagan o‘simlikdan tayyorlangan birinchi o‘simlik pishloqli Stockeld Chunk’ni iste'molchilarga taqdim qildi. Fermentatsiya yo‘li bilan ishlab chiqarilishi boshlangan pishloqning vegetarian versiyasi allaqachon sotuvda.

Manna – restoran va do‘konlardan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, dorixonalardan dori-darmonlarni dronlar yordamida yetkazib berish

Faoliyat allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning aprel oyida kompaniyaga 25 million dollar sarmoya kiritilgan.

FabricNano – biotexnologik startap

FabricNano kimyoviy jarayonlarni 100 barobar tezlashtiradigan sun'iy hujayralarni ishlab chiqarmoqda. Kompaniya atrof-muhit uchun zararli ko‘plab kimyoviy birikmalarni yo‘q qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Marshmallow – kamxarj avtomobil sug‘urtasi

Kompaniya kam ta'minlangan muhojirlar, ishsizlar va talabalar uchun avtomobillarni sug‘urtalashga yordam beradi.

Overstory – sun'iy yo‘ldoshdan hududlarni kuzatish xizmati

Kompaniya 64 mamlakat hududini sun'iy yo‘ldoshlardan tasvirga oladi va ma'lumotlarni avtomatik ravishda qayta ishlaydi. Bu kommunal xizmatlar, o‘rmon xo‘jaligi korxonalari va boshqa tashkilotlarga yong‘in va elektr uzilishlarini kuzatib borish imkonini beradi.

Mavzuga oid