Iqtisodiyot | 16:42 / 01.09.2021
41409
3 daqiqa o‘qiladi

MFaktor loyihasi mualliflari «biznes treningga dog‘ tushirayotgan» trenerlar bo‘yicha munosabat bildirdi

Office Market, Deli va Dekos kompaniyalari asoschilari, MFaktor loyihasi mualliflari Hasan va Husan Mamasaidov MFaktor’ning navbatdagi sonida O‘zbekistonda biznes trening sohasidagi ayrim trenerlarning chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lib, sohaga salbiy munosabatlar uyg‘onganiga munosabat bildirdi.

«Shu kunlarda har xil gaplar bo‘lyapti. Hasan aka, yaxshi ketayotgandinglar, sohada ayrim yoshlar xato qilyapti, yoshlik qilishmoqda, dog‘ tushirib qo‘yishmoqda, deyishadi.

Avvalambor, muvaffaqiyat - tajribaning natijasi, tajriba xatolarning natijasi. Xato qilmaslikni xato qilganlardan o‘rganishimiz uchun ham bugun biz bir-birimizga ko‘zgu bo‘lishimiz kerak», deydi Hasan Mamasaidov.

U bir necha marta aldanib, keyin hech kimga ishonmay qo‘ygan bola haqidagi matalni keltirib, biznes trening sohasida ham qiziquvchilar qaysidir trenerdan hafsalasi pir bo‘lishi butun sohaga ishonchsizlik uyg‘otishini aytib o‘tgan.

«Bir-birimizga ko‘zgu bo‘laylik. Xatoni aytish kerak. Bu soha rivojlansa, o‘zimizga yaxshi. Ba’zida yoshlik qilib qo‘yamiz.

Fozil qori akam, rahmatli ham har doim aytardilar, bolalarim, shogirdlarim, siyosatning «s» harfiga ham burun tiqmanglar, derdilar. Biz ham doim aytamiz, biz faqat tadbirkorlik, ta’lim va qadriyat mavzusini ushlaylik, bo‘ldi.

Diniy sohada gapirish uchun diniy ulamolar bor. Ba’zida o‘zicha aqllilik qilib, din orqali odamning qalbidan joy olaman deb, xol qo‘yib qo‘yadi-da endi. Chunki, tajribasi kamlik qilib qoladi yoki noto‘g‘ri o‘xshatish qilib qo‘yadi. 

Bu ham bir ibrat, joyida bildirgan munosabatimiz. Kimgadir tanbeh sifatida, kimgadir tavsiya sifatida, kimgadir dashnom sifatida... inson o‘zi ham xatosini biladi.

Ba’zida bolangizni erkalatsangiz, boshingizga chiqib ketsa, bir shapaloq qo‘yib yuborasiz-ku. Shapaloq qo‘yib yuborishgacha olib bormasligimiz kerak. Beparvo bo‘lmaylik, ehtiyot bo‘lamiz. Tinchgina tadbirkorlikni davom ettiramiz», deydi u.

Husan Mamasaidov ham sohaning ichida yurgan odamlar oralaridan kimdir xato qilganida, unga xato qilganini aytishi kerakligini ta’kidladi.

U ayrim biznes treningchilar bilmagan mavzularida spikerlik qilib, o‘zini ekspert hisoblab, «qovun tushirib» qo‘yayotganini (Bill Geyts vaqtini ketkazmaslik uchun yerda yotgan pulga egilmasligi haqidagi hikoya) aytib o‘tdi.

«Shunaqa holatlarni darhol bizga jo‘natishyapti, sizlarda chiqqan ekan deyishadi. Bundan keyin kimnidir MFaktor’ga chaqirishga ham cho‘chib qoldik, sohada misqollab yig‘ilgan obro‘ni bir pul qilmasin deb», deydi u.

Mavzuga oid