O‘zbekiston | 13:28 / 01.09.2021
47412
5 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi 4 yilda eng ko‘p kuttirgan mandat. Oldingi yillar abituriyentlar javoblarni qancha kun kutgan?

Ayni paytda 948 ming abituriyent mandat qachon chiqishi haqidagi xabarni intizorlik bilan kutyapti. Bugun, 1 sentyabr kuni kirish imtihonlari yakunlanganiga 16 kun bo‘ldi. Bu oxirgi 4 yil ichida abituriyentlarni eng ko‘p kuttirgan qabulga aylandi. Biroq, mandat hali e'lon qilinmayapti va qachon e'lon qilinishi haqida biror xabar ham berilgani yo‘q.

Bu yil OTMlarning bakalavriatiga 948 ming abituriyent hujjat topshirgan. Ularning ota-onasi va yaqinlarini ham hisoblasak, milliondan oshiq odam mandat e'lon qilinishini kutyapti.

Imtihonlar 5 avgustdan 16 avgustgacha davom etdi. Ya'ni asosiy testlar to‘liq tugaganiga bugun, 1 sentyabrda 16 kun to‘ladi.

Tana harorati yuqori va koronavirusga chalingan abituriyentlar (973 nafar) uchun 23 avgustda imtihon tashkil qilindi va ularning natijalari ham imtihonning ertasigayoq e'lon qilingan.

Bundan oldingi yillarda mandat qancha kuttirgan?

2020 yil – 12 kun

O‘tgan yili pandemiya sabab kirish imtihonlari biroz kechroq – 2-13 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan va mandat 25 sentyabrda e'lon qilingan. 2020 yilda abituriyentlar asosiy imtihon tugagandan so‘ng javobni 12 kun kutgan.

2019 yil – 9 kun

2019 yilda kirish imtihonlari 29 iyuldan boshlangan va 15 avgustgacha, 17 kun davom etgan. Mandat esa 24 avgust kuni e'lon qilingan. Bu yili abituriyentlar oxirgi imtihon sanasidan boshlab jami 9 kun kutgan.

2018 yil – 1 kun

2018 yilda imtihonlar 1 avgustdan 13 avgustgacha bo‘lgan sanada o‘tkazilgan va har kungi imtihonning ertasi kuniyoq yakuniy natijalar ham e'lon qilingan. 2018 yilda imtihon natijalarining 1 kundayoq e'lon qilinishiga sabab OTMlar uchun imtihonlarning alohida tarzda o‘tkazilgani bo‘lgan, shuning uchun abituriyentlar ertasi kundayoq to‘plagan ballari bilan birga talabalikka qabul qilinganini ham bilish imkoniga ega edi. 2018 yilda abituriyentlarga bittadan ortiq yo‘nalishni tanlash imkoni berilmagan.

Eng uzoq kuttirgan qabul

Sanalarga e'tibor berilsa, 2021 yilgi qabul yaqin yillardan beri abituriyentlarni eng uzoq kuttirgani bo‘lib chiqyapti.

Albatta, bu yil abituriyentlarga grant ustuvorligini tanlash imkoni berilgani, imtiyozlarning alohida hisoblana boshlangani hamda boshqa yangiliklar va ular tug‘diradigan murakkabliklar yakuniy natijalarni hisoblash kechikishiga ma'lum ma'noda ta'sir qilishi mumkin. Lekin abituriyentlar soni oldingi yildan ancha kam ekani hisobga olinsa, javoblar ancha kech qolayotgani anglashiladi.

Kun.uz Davlat test markazi matbuot xizmatiga bu yilgi mandat qachon e'lon qilinishi bo‘yicha savol bilan murojaat qildi. Lekin matbuot xizmati xodimlari ham yakuniy natijalar qachon e'lon qilinishi haqida aniq ma'lumotga ega emasligini bildirdi. Sababi test natijalarini e'lon qilish faqat DTMga bog‘liq emas.

Aslida, 1 hafta

Vazirlar Mahkamasining 2017 yilgi qabulga oid qarorida “abituriyentning test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma'lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlanganidan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi”, deb belgilangan.

2019 yili qabul qilingan qabulga oid prezident qarorida ham xuddi shu muddat qayd etilgan.

23 avgust kuni tana harorati yuqori va koronavirusga chalingan abituriyentlar uchun o‘tkazilgan imtihon sanasi so‘nggi kun deb hisoblansa ham, javoblar 30 avgust kuni e'lon qilinishi kerak edi. Har ikkala qarorda belgilangan muddatga 3 yildan beri amal qilinmayapti.

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev javoblarning 2019 yildan beri qonunchilikda belgilanganidan kechikib e'lon qilinayotganini tanqid qildi.

“Bir marta kechikish bu tasodif, ikki marta kechikish ana bor istisno. Ammo 3 marta ketma-ket aytilgan muddatda javoblarni e'lon qilishni eplolmaslik – tizimda nimadir xatoligini anglatadi. Ish va yuklama ko‘pligi haqidagi gaplar eskirdi, menimcha. Yaxshisi tizimni qayta ko‘rib chiqish kerak. Qaysidir bosqichda nimanidir hisobga olmayapsizlar, nimadir ishni faqat orqaga tortyapti. O‘sha "nimani" topish uncha qiyin ish emas, aslida. Faqat bunga sal xohish bo‘lsa kifoya”, deb yozadi Xushnud Xudoyberdiyev.

Nima bo‘lganda ham mas'ullar biroz mas'uliyatli bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Natijani 948 ming abituriyent va ularning sonidan 3-4 baravar ko‘p yaqinlari kutyapti.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi

Mavzuga oid