Jahon | 15:17 / 01.09.2021
7901
2 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi 50 yil ichida dunyoda tabiiy ofatlar soni besh baravarga ko‘paydi

1970 yildan buyon 11 mingdan ortiq turli tabiiy ofatlar qayd etilgan bo‘lib, ular oqibatida 2 milliondan ortiq kishi halok bo‘lgan va 3,64 trln iqtisodiy zarar yetgan. 

1970 yildan 2019 yilgacha dunyoda tabiiy ofatlar soni besh baravarga oshdi. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 1970 yildan buyon 11 mingdan ortiq tabiiy ofatlar qayd etilgan bo‘lib, ular oqibatida 2 milliondan ortiq kishi halok bo‘lgan va 3,64 trln iqtisodiy zarar yetgan. 

Eng ko‘p – 650 ming kishi qurg‘oqchilik oqibatida halok bo‘lgan, dovullar 577 mingdan ortiq insonning o‘limiga sabab bo‘lgan. Suv toshqinlaridan 59 mingga yaqin kishi, jazirama issiq natijasida 56 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan. 

Shu bilan birga, avvaldan ogohlantirish tizimi tufayli tabiiy ofatlar natijasida qurbon bo‘lganlar soni uch baravarga kamaygan. 1970-yillarda yiliga 50 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, 2010-yillarga kelib yiliga 20 mingdan kamroq inson tabiiy ofatlar qurboniga aylangan. 

Bundan tashqari, tabiiy ofatlar oqibatida yetadigan iqtisodiy zarar miqdori o‘sgan. 2010-2019 yillarda bunday zarar kuniga 383 mln dollarni tashkil etgan. Bu 1970-yillardagiga nisbatan yetti baravarga ko‘p (kuniga 49 mln dollar).

Oxirgi 50 yil davomida iqtisodiy jihatdan eng halokatli 10ta tabiiy ofat 2015 yildan keyin yuz bergan. Ularning uchtasi 2017 yilda sodir bo‘lgan: "Harvi" dovuli (97 mlrd dollar zarar), "Mariya" dovuli (70 mlrd dollar) va "Irma" dovuli (60 mlrd dollar).

 

Mavzuga oid