O‘zbekiston | 14:17 / 06.09.2021
5279
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar soni ma'lum qilindi

O‘zbekistonda bu yilgi prezident saylovida qatnashish uchun saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar soni 21,2 million nafarni tashkil qiladi. Bu haqda «Yoshlar va saylov: elektorat madaniyatni oshirishning dolzarb masalalari» mavzusida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro konferensiyada ma'lum qilindi.

«Joriy yilda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritilgan 21 249 921 nafar saylovchidan 6 993 924 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etadi. Shulardan 880 155 nafari bu yil ilk marotaba o‘zining saylov huquqidan foydalanadi.

Shuningdek, saylovda dunyoning 50 ga yaqin mamlakati hamda o‘nlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda”, – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Qonunchilikka ko‘ra, saylov kuniga qadar yoki saylov kunida 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari – saylovchilar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan avvalgi prezidentlik saylovida ro‘yxatga kiritilgan 20,4 milliondan ortiq saylovchilarning 17,9 million nafari (87,73 foizi) ishtirok etgan edi.

O‘zbekiston tarixidagi oltinchi prezidentlik saylovi joriy yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid