O‘zbekiston | 09:11 / 06.09.2021
11879
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar istirohat bog‘lari 24 soat mobaynida faoliyat yuritishiga ruxsat berildi

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Toshkent shahar istirohat bog‘lari 24 soat mobaynida tun-u kun faoliyat yuritishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga Toshkent shahrida 24 soat mobaynida tun-u kun faoliyat yuritadigan istirohat bog‘larida jamoat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha majburiy talablarni belgilash tavsiya etildi.

Toshkent shahrida joylashgan budjet tashkilotlariga o‘zlarining yo‘l yoqasida joylashgan binolari yashil hududlarini shahar obodonlashtirish talablariga mos ravishda saqlab turish majburiyati yuklandi.

Toshkent shahar hokimligining Bektemir va Uchtepa tumanlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish vazifalarini autsorsing asosida tadbirkorlarga berish yuzasidan 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilanishicha, huquqiy eksperiment doirasida:

  • mahalliy budjet parametrlarida ushbu tumanlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga mo‘ljallangan mablag‘lar yo‘naltirilishi inobatga olinadi;
  • obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish vazifalarini tadbirkorlarga berish natijasida bo‘shaydigan shtat birliklarida mehnat faoliyatini yuritayotgan xodimlarni ishga olish ushbu tadbirkorlik sub'yektlariga tavsiya etiladi.

Mavzuga oid