O‘zbekiston | 20:43 / 07.09.2021
108903
11 daqiqa o‘qiladi

Jasliq azoblari. “Borsa kelmas”dan omon qaytganlar hikoyasi

2019 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev qarori asosida O‘zbekiston tarixidagi eng mash'um qamoqxona – Jasliq koloniyasi yopildi. Xalq orasida “borsa kelmas” deya nom olgan bu jazo maskanida asosan diniy, siyosiy va boshqa og‘ir ayblovlar bilan uzoq yillarga yoki umrbod ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlar saqlangan.

Xalqaro tashkilotlar Jasliq koloniyasi qiynoqlar va zulm maskaniga aylangani sababli uni yopishni so‘rab O‘zbekiston hukumatiga bir necha bor murojaat qilishgan. Biroq ushbu so‘rovlar har safar e'tiborsiz qoldirilgan yoki turli bahonalar bilan rad etilgan. Shavkat Mirziyoyev davrida Jasliqda qiynoqlar qo‘llangani rasman tan olindi va uni tarix sahifalaridan batamom o‘chirish haqida qaror qabul qilindi.

Kun.uz ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tagan, bugungi kunda ozodlikda bo‘lgan ikki sobiq mahkum bilan u yerda ko‘rgan-kechirganlari haqida suhbatlashdi.

“Jasliqda o‘tkazgan kunlarimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman”

Ayni paytda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yashayotgan, asli sirdaryolik huquq faoli A'zam Farmonov umrining 11,5 yilini Jasliqda o‘tkazgan.

 “2006 yilda soxta ayblov bilan qamalganman. O‘sha paytda O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari edim. Meni tovlamachilikda ayblashgan, jinoyat ishi yasama bo‘lgani uchun norozilik sifatida sudda sudyaga teskari qarab o‘tirganman. Garchi aybim rad etib bo‘lmas dalillar bilan isbotlab berilmagan bo‘lsa-da, sud tomonidan 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindim. 2016 yilning mayida jazo muddati tugash arafasida unga qamoqxona ichki tartibini buzganlik aybi bilan 5 yil-u 26 kun muddat qo‘shib berildi.

11,5 yil mobaynida O‘zbekistondagi eng qo‘rqinchli qamoqxonalardan biri – Jasliq koloniyasida bo‘ldim. Jismoniy va ruhiy qiynoqlarni boshdan kechirdim. Lekin shunda ham kurashni to‘xtatganim yo‘q. Garchi haqsizlikka qarshi so‘zim, harakatlarimdan so‘ng qiynoqlarga duch kelgan, izolyatorga qamalgan bo‘lsam ham Jasliq koloniyasidagi mas'ullarning mahkumlarga nisbatan munosabatlari noto‘g‘ri ekanini, bu orqali ular jinoyatga qo‘l urishayotganini ochiq aytib keldim. Kuchim yetganicha atrofimdagi boshqa mahkumlarning huquqlarini himoya qilishga harakat qildim.

Foto: Voice of America

Jasliqda saqlanayotgan paytimda xalqaro tashkilotlar bu yerda mahkumlarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanayotgani, men va boshqa siyosiy tutqunlar asossiz ayblovlar bilan bu yerda ushlab turilganimiz, shu sababli bizni ozodlikka chiqarishni so‘rab bir necha marta murojaat qilishgan. Lekin bu murojaatlarni O‘zbekiston hukumati har safar rad etgan. Shundan so‘ng qiynoqlar bo‘layotganini isbotlash uchun hayotimni xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, qamoqxonadan xatlar chiqardim va har safargi xatimdan so‘ng xalqaro hamjamiyatning bosimi kuchayib, bu ma'lum bir o‘zgarishlarga sabab bo‘lardi.

Jasliqda o‘tkazgan kunlarimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Agar Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanmaganda men haligacha o‘sha koloniyada o‘tirgan, asossiz ravishda qo‘shib berilgan 5 yillik muddat tugashi arafasida jazo muddatim yana uzaytirib qo‘yilgan bo‘lardi. Buni ushbu qamoqxonada 20 yildan ortiq saqlangan ko‘plab siyosiy tutqunlar taqdiri misolida ko‘rish mumkin.

Avvalgi hukumat davrida ushbu jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan birorta siyosiy mahkumni bilmayman”, – deydi 2017 yili insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanib, shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan huquq faoli A'zam Farmonov.

“Birinchi kundanoq “dubinka”lar bilan kutib olishdi”

Muqaddam ichki ishlar organlarida xizmat qilgan boyovutlik Jamol Azamatov ham jazo muddatining 4 yildan ko‘proq qismini ana shu muassasada o‘tashga majbur bo‘lgan.

“Tezkor tadbirlar olib borayotgan vaqtimizda MXX xodimlari tomonidan qo‘lga olinganman. Bunga ishonchli shaxsimiz bo‘lgan yigitning bizga qarshi bergan, hech qanday dalilga asoslanmagan ko‘rsatmasi sabab bo‘lgan. Ya'ni bizga axborot yetkazib yurgan bu shaxs MXX xodimlari tomonidan ushlangan vaqtda yonidan 0,76 gr narkotik modda topilgan, buni qayerdan olding degan savolga javoban mendan olganini aytgan. Vaholanki, na kiyimimda, na mashinamda va na mendan olingan tahlillarda narkotik modda izi aniqlanmagan. Biroq sud tergov vaqtida zo‘rlik va bosim bo‘lgani haqidagi so‘zlarimga qaramay meni 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Keyinchalik otamning turli idoralarga tinimsiz qilgan murojaatlari natijasida jazo muddati 11 yilga qisqartirildi, biroq dastlabki tergov va sud jarayonidagi adolatsizliklarga huquqiy baho berilmadi.

Qo‘lga olingan vaqtim Sirdaryo viloyati IIB Jinoyat-qidiruv va terrorizmga qarshi kurash bo‘limi Narkotik moddalar va narkotrafikning g‘ayriqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘limi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tezkor xodimi lavozimida ishlardim, mayor unvonida edim. Dastlab Bekoboddagi huquq-tartibot idoralarining sobiq xodimlari saqlanadigan maxsus koloniyaga yuborishdi. Biroq keyin qonunchilikka zid ravishda meni Toshturmaga, u yerdan esa Jasliqqa ko‘chirishdi.

Foto: Google Maps

Jasliqqa kirib borgan kunimizdanoq “dubinka”lar bilan kutib olishdi. Koloniya nazoratchilari ham, rahbarlari ham mahkumlarga odam sifatida qaramasdi. Beriladigan ovqatlari-ku rasvo edi. Hujjatlarda, masalan, grechka deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, shu mahsulotning eng past navini yoki o‘rniga guruch yoxud makkajo‘xori yormasini berishardi. Qonun hujjatlariga ko‘ra har bir mahkumga berilishi shart bo‘lgan go‘sht o‘rniga sifatsiz, hidlangan go‘sht berishgan.

2016 yili Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, mahkumlarga munosabat ham, oziq-ovqatlar sifati ham mutlaqo o‘zgardi. Jasliqda bo‘lgan istalgan mahkumdan so‘rasangiz, so‘zlarimni tasdiqlashadi”, – deydi Jamol Azamatov.

“Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha ombudsmanning faoliyati o‘zgartirildi”

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova qamoqxonalarda inson huquqlarini ta'minlash masalasiga e'tibor o‘zgarganini aytadi.

“Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, 2019 yil 2 avgustda prezidentning siyosiy irodasi sababli Jasliq koloniyasi yopildi. Ushbu qamoqxona to‘g‘risida turli xil gap-so‘zlar yurardi. Odamlar Jasliqni borsa kelmas joy deb atashardi. Qolaversa, ushbu jazoni ijro etish muassasasi Qoraqalpog‘istonning uzoq hududida joylashgani bois u yerga borish juda ham qiyin bo‘lgan, buning natijasida mahkumlar o‘zlarining oila a'zolari, yaqinlari bilan ko‘risha olishmagan.

Shuningdek, bu joyda qiynoqqa solish holatlari mavjudligi haqida ham har xil gap-so‘zlar yurardi. Bu Xalqaro tashkilotlar tomonidan hamisha aytib kelingan. Mana shu omillar inobatga olinib, mazkur muassasa yopildi va u yerdagi mahkumlar yashash joyiga yaqin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalariga ko‘chirildi. Bu o‘zgarishlar jahon hamjamiyati tomonidan ham e'tirof etildi.

Jasliq qamoqxonasi yopildi, qiynoqlar tugatildi deb jim o‘tirganimiz yo‘q. Balki boshqa jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va yopiq turdagi boshqa muassasalarda qiynoq, g‘ayriinsoniy muomala va jazolashning shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlarini bartaraf etish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratilmoqda.

Bu borada qonun bilan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha ombudsmanning faoliyati o‘zgartirildi. O‘tgan yili parlamentga yo‘llangan murojaatda ham ombudsmanning qiynoqlar oldini olish borasidagi faoliyatini kuchaytirish zarurligi ta'kidlangandi. 2019 yili mamlakatimizda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm joriy etildi. Bir oy oldin qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan maxsus prezident qarori qabul qilindi.

Bularning natijasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov izolyatorlari va boshqa yopiq muassasalarga ma'lum vaqt oralig‘ida muntazam monitoring tashriflarini amalga oshiryapmiz. Mahkumlarning huquqlari qay darajada ta'minlanayotgani, ularga bosim bo‘lmayotgani, qiynoqqa solinmayotganiga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lmoqdamiz”, – deydi ombudsman Feruza Eshmatova.

“Jasliq – zulm timsoli edi”

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Jasliq koloniyasiga uch marta borgani haqida aytib o‘tdi.

“2002 yili BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi O‘zbekistonga tashrif buyurganda Jasliq koloniyasini yopishni tavsiya qilgan edi. Lekin afsuski, 15-16 yil mobaynida O‘zbekiston hukumati xalqaro hamjamiyatning talablarini e'tiborsiz qoldirib keldi. Terrorizm, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda ayblangan va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan odamlar Jasliq qamoqxonasida saqlab kelindi. Bu esa yillar davomida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijiga dog‘ bo‘lib keldi.

Jasliq koloniyasi ham xuddi Gulag va Guantanamo singari qiynoqlar timsoli, qatlgohga o‘xshash joy sifatida nom chiqargan edi. Men u yerda 2015 yildan boshlab uch marta bo‘lganman. Ushbu koloniyaning hamma kataklarigacha kirib tekshirib chiqqanim yo‘q, lekin u yerga kirishdanoq odamni vahm bosardi. Qamoqxonada ishlovchi nazoratchilar ham, tezkor xodimlar ham ancha qo‘pol odamlar edi.

O‘zbekistonda 2016 yilga kelib hokimiyat o‘zgargach, nafaqat Jasliq koloniyasida, balki boshqa jazoni ijro etish muassasalaridagi eskidan mavjud bo‘lgan muammolar sekin-asta yechila boshladi. Bu ishlarning uzviy davomi sifatida Jasliq koloniyasi ham yopildi. Bu judayam tarixiy qaror. Chunki istasak-istamasak, ushbu muassasa zulmning timsoli edi, mazkur qiynoqlar lagerining yopilishi O‘zbekiston tarixida qoladigan ishlardan biri bo‘ldi. Buni amalga oshirgan shaxslar albatta sharaflanadi. Huquq himoyachisi, fuqarolik jamiyatining vakili sifatida bu harakatlarni olqishlayman”, — dedi Abdurahmon Tashanov.

To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid